QUR’ONI KARIM KOINOT NIZOMI VA ILMIY KASHFIYOTLAR MANBAI
17

Aql va tafakkur sohibi qilib yaratilgan inson zoti uchun Qur’oni karim qiyomatgacha dasturul-amal, fikru zikrni to‘g‘ri yo‘lga soluvchi ilohiy hikmat xazinasidir. Bu muqaddas Kitob faqatgina ibodat ahkomlarini bayon qilib qolmay, balki butun borliq nizomi, tibbiyot, ruhiy xastaliklarga shifo hamda fizika va matematikaning buyuk qonuniyatlarini o‘zida jamlagan ilohiy kalomdir. Koinotdagi har bir harakat va tartib – Alloh taoloning azaliy taqdiri va ilmi bilan bunyod etilgan.
Ilohiy mo‘jizalarning yorqin namunasi o‘laroq, «Nur» surasining 35-oyati karimasini yodga olaylik. Alloh taolo marhamat qiladi:
«…U (chiroq) na sharqiy va na g‘arbiy bo‘lmagan muborak zaytun daraxti (moyi)dan yoqilur. Uning moyi (musaffoligidan) garchi unga olov tegmasa-da, (atrofni) yoritib yuborgudek…»
Bu oyatdagi «o‘t tegmasa ham yoritib yuboray deydi» mazmunidagi jumlaning abjad hisobi hijriy 1284 (milodiy 1867) yilga to‘g‘ri kelishi g‘oyatda ibratlidir. Bu davr insoniyat hayotida elektr energiyasining kashf etilishi va ommalashishi boshlangan paytga mos keladi. Hatto elektr lampasini ixtiro qilgan Tomas Edison vafot etganda, uning shaxsiy javonidan ushbu oyatlar yozilgan bitiklar topilgani bejiz emas. Ilohiy mujda va ishoradan kuch olmagan inson, yigirma ming martalab muvaffaqiyatsiz tajriba o‘tkazishga o‘zida qanday kuch topa olardi?
Shuningdek, bugungi kunda g‘arb va sharq olimlari kino va tasvir orqali hid uzatish texnologiyasi ustida ishlamoqdalar. Vaholanki, bundan 14 asr avval nozil bo‘lgan «Yusuf» surasida Yoqub alayhissalomning: «…men Yusufning hidini tuymoqdaman» (94-oyat) degan so‘zlari masofadan hid uzatilish imkoniyatiga ishora emasmi?
Bir ingliz muhandisi aytganidek: «Biz Kitobingizni o‘qib, u ishorat etgan yo‘ldan izlanamiz, sizlar esa uni faqat saqlaysizlar xolos». Bu achchiq haqiqat bizni yanada chuqurroq mushohadaga chorlashi lozim. Alloh taolo «Robbul a’lamiyn»dir. U zot rizq va kashfiyot eshiklarini musulmon yoki g‘ayridin deb ajratmay, balki sa’y-harakat qilgan, izlangan bandasiga ochib beradi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, biz, Imom Buxoriy, Ibn Sino va Xorazmiylar yurtining vorislari, ham diniy, ham dunyoviy bilimlarni puxta egallab, Qur’on sirlarini anglashga intilishimiz shart. Yurtimizda yaratilgan keng imkoniyatlardan foydalanib, Alloh in’om etgan noyob qobiliyatni millat va din farovonligi yo‘lida safarbar etmog‘imiz lozim. Qur’oni karimga faqat tabarruk kitob deb emas, balki koinot sirlarini ochuvchi, hayotga tatbiq etiladigan jonli dastur deb qaragan kunimiz, insoniyatni hayratga soluvchi buyuk kashfiyotchilar yana bizning diyorlardan yetishib chiqadi, inshaalloh.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi O‘qituvchisi Omon Qodirov
