HECH BIR AMALNI KICHIK SANAMA

54

Xalil ismli bir kishi bo‘yra to‘qish bilan shug‘ullanar edi. Qayerda masjidni bo‘yrasiz yoki eskirgan bo‘yra bilan ko‘rsa, yangi bo‘yra olib borib, uni almashtirib berardi. U paytlarda masjidlarga bo’yra tushalar edi. Shu tariqa masjidlar bo‘yra bilan jihozlanardi. Bir kecha u ajoyib tush ko‘rdi.

Tushida umurtqa pog‘onasi uzum shingiliga aylanganib, uzumlar osilib pishib yotganin ko‘rdi. Odamlar to‘da-to‘da bo‘lib kelib, o‘sha uzumdan yeyayotgan, uzum esa tugamas edi.

Bu tush qayta-qayta takrorlanavergach, tush ta’biri bilan shug‘ullanuvchi bir shayx huzuriga borib, tushini unga aytib berdi. Shayx undan: — farzanding bormi? — deb so‘radi.

U: — Ha, Mahmud ismli o‘g‘lim bor, — dedi.

Shayx: — Uni Al-Azharga yubor, shariat ilmlarini o‘rgansin. Kelajakda uning buyuk sha’ni bo‘ladi, — dedi.

Shayx aytganidek, otasi uni Al-Azharga yubordi. Mahmud sakkiz yoshida Qur’onni to’liq yod oldi. Keyinchalik u butun dunyoda Hafs rivoyati bo‘yicha murattal uslubda Qur’on tilovatini yozib olgan ilk qori bo‘ldi. U Qur’on tilovati uchun pul olishdan bosh tortardi. Shuning uchun Alloh uning tilovatini yer yuzida mashhur va maqbul qildi.

U — qorilar shyxi qori Mahmud Xalil al-Husariy edi.

Imom Hafs[1] rivoyati bo‘yicha Qur’onni ilk bor 1961-yilda yozib olgan.

Imom Varsh[2] rivoyati bo‘yicha esa 1964-yilda yozib olgan.

Imom Qolun[3] rivoyati bilan ilk bor 1968-yilda yozib olgan.

Qur’onni muallim uslubida (“ta’lim usuli”) ilk bor 1969-yilda yozib olgan.

Tafsirli mus’haf uslubida ilk bor 1975-yilda yozib olgan.

BMTda Qur’on tilovat qilib, peshin azonini ilk bor 1977-yilda aytgan.

1978-yilda Londondagi qirollik saroyida Qur’on tilovat qilgan ilk qori va Londonning Taymiz daryosi bo‘yidagi Albert Hall zalida Qur’on tilovat qilgan ilk qori hamda Oq uy va AQSH Kongressida Qur’on o‘qigan ilk qori bo‘lgan.

Otasining xizmatlari tufayli buyuk xizmatlar qilishga erishgan Mahmud Xalil al-Xusariy 1980-yil 24-noyabr kuni xufton namozidan keyin vafot etdi. U umrining qariyb ellik besh yilini Allohning Kalomi — Qur’oni karim xizmatiga bag‘ishladi.

Hali ham odamlar uning “Husariy” nomi bilan mashhur bo‘lgan ovozidan bahramand bo‘lib kelmoqda. Bu ovoz yer yuzining sharq-u g‘arbida yangramoqda.

Agar amalni Alloh uchun qilayotgan bo‘lsang, uni hech qachon kichik sanama.

Manbalar asosida Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi

Muhibullayev Saidmuhammadxon tayyorladi

[1] Bu imom dunyo eng ko’p tarqalgan qiroat yo’nalishilaridan bo’lib, bizning yurtlarda ham shu qiroat asosida o’qiladi.

[2] Bu qiroat ham ayrim o’lkalarda o’qiladigan qiroatdir.

[3] Qolun ismi buyuk qirat imomlarining sifatlaridan biri bo’lib, bu ham ayrim davlatlarda qiroat qilinadi.