G‘AZABNI JILOVLASH — IYMON VA GO‘ZAL AXLOQ BELGISI
32

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
«Katta gunohlar va fahsh ishlardan chetlanadiganlar hamda g‘azablangan vaqtlarida kechiradiganlar…»
(Sho‘ro surasi, 37-oyat).
Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam dedilar:
«Sizlarga qiyomat kuni menga eng sevimli va martabasi jihatidan menga eng yaqin bo‘ladigan kishilar haqida xabar beraymi?»
Biz: «Ha, ey Rasululloh!» dedik.
U zot sallollohu alayhi vasallam dedilar:
«Axloqi eng go‘zal bo‘lganlaringiz.»
Shuningdek, bir kishi Nabiy sallollohu alayhi vasallam huzurlariga kelib:
«Ey Rasululloh, menga nasihat qiling», dedi.
U zot sallollohu alayhi vasallam :
«G‘azablanma!» dedilar.
U kishi yana:
«Ey Rasululloh, menga nasihat qiling», dedi.
U zot sallollohu alayhi vasallam yana:
«G‘azablanma!» dedilar.
Bu savolni bir necha bor takrorladi, har safar Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam :
«G‘azablanma!» deb javob berdilar.
G‘azab inson va jamiyat uchun katta xavfdir. Chunki uning ta’siri og‘riqli, oqibatlari esa juda og‘ir bo‘ladi. G‘azab sababli oilalar parokanda bo‘ladi, uylar vayron bo‘ladi, qarindoshlik rishtalari uziladi, fitna va musibatlar alangalanadi.
Shuning uchun ham Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning ulug‘ sahobiyga qilgan vasiyatlarida nafsni jilovlash, hissiyot va asabiylikka ergashmaslik, g‘azab olovini yoqmaslikning ahamiyati katta ekani ta’kidlangan. Zero, musulmon inson yaxshi va maqtovga loyiq axloq bilan ziynatlanishi, fazilatlarni o‘ziga sifat qilib olishi, yomon xulqlardan uzoq bo‘lishi va har qanday razillikni tark etishi lozim.
Albatta, banda go‘zal xulqi sababli ro‘zador va kechalarni ibodat bilan o‘tkazuvchi kishining darajasiga yetadi.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
«(Taqvodorlar) g‘azablarini yutadigan va odamlarni afv etadigan kishilardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni yaxshi ko‘radi».
(Oli Imron surasi, 134-oyat).
Yana Alloh taolo shunday deydi:
« ularni avf qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni mag‘firat qilishini istamaysizlarmi?! Alloh mag‘firatli, mehribondir.».
(Nur surasi, 22-oyat).
Ulamolar g‘azabni uch turga ajratganlar.
Birinchi turi — mo‘tadil (meyordagi) g‘azab. Bu insonning o‘zini, obro‘-e’tiborini, mol-mulkini himoya qilish uchun yoki jamoat manfaatlarini muhofaza qilish, mazlumga yordam berish maqsadida g‘azablanishidir. Bu holat shariatda maqtalgan va ma’qul sanaladi.
Ikkinchi turi — kamchilik (tafrit). Bu esa insonda zarur o‘rinda ham g‘azab va g‘ayrat bo‘lmasligi holati bo‘lib, shariat va aql nuqtai nazaridan qoralanadi.
Uchinchi turi — haddan oshish (ifrot). Bu g‘azabning meyordan chiqib ketishi, aql ustidan hukmron bo‘lib olishi, insonni shayton yo‘liga boshlashi demakdir. Bunday holatda yomonlik insonni egallab oladi, u intiqom olishga intiladi. Bu tur juda xavfli bo‘lib, kishini o‘zi sezmagan holda halokatga olib boradi. Hatto ba’zan eng jirkanch jinoyatlar va ulkan gunohlarni sodir etishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun bu holatdagi g‘azab ham shariat va aql tomonidan qoralangan.
Bu haqda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
«Kuchli kishi kurashda boshqani yengadigan emas, balki g‘azablangan paytida o‘zini tiya oladigan kishidir».
Yana bir kishi:
«Ey Rasululloh, meni Alloh taoloning g‘azabidan uzoqlashtiradigan narsa nima?» — deb so‘radi.
Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam dedilar:
«G‘azablanma!».
Shuni ham ta’kidlash lozimki, g‘azabni yutish va halimlik qilish Alloh subhanahu va taoloning roziligini umid qiladigan, Uning azobidan qo‘rqadigan va jazosidan hayiqadigan mo‘minlarning sifatlaridandir.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
«Kim kechirsa va isloh qilsa, uning ajri Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolimlarni yaxshi ko‘rmaydi».
(Sho‘ro surasi, 40-oyat).
Yana Alloh azza va jalla deydi:
«Yomonlikni eng yaxshi yo‘l bilan qaytar. Shunda sen bilan orasida adovat bo‘lgan kishi xuddi yaqin do‘stdek bo‘lib qoladi».
(Fussilat surasi, 34-oyat).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo ushbu oyatni shunday tafsir qilganlar:
«Alloh azza va jalla musulmonlarga g‘azab paytida sabr qilishni, johillikka duch kelganda halim bo‘lishni va yomonlik qilinganda kechirishni buyurdi. Agar ular shunday qilsalar, Alloh ularni shaytondan asraydi va dushmanlarini ularga bo‘ysundirib qo‘yadi, hatto dushman xuddi yaqin do‘stdek bo‘lib qoladi».
Shuningdek, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam :
«Kim g‘azabini amalga oshirishga qodir bo‘la turib, uni yutib yuborsa, Alloh qiyomat kuni barcha xaloyiq oldida uni chaqirib, hurlardan istaganini tanlash huquqini beradi»,dedilar.
Yana:
«Bandaning Alloh nazdida ichgan eng afzal “qultum”i — Allohning roziligini istab yutib yuborgan g‘azab qultumidadir», dedilar.
Xulosa:
G‘azab inson tabiatida mavjud bo‘lgan kuchli hissiyot bo‘lib, u nazorat qilinmasa, kishining o‘zi va jamiyat uchun katta zarar keltiradi. U oilalar buzilishiga, adovat va nizolarning kuchayishiga, hatto og‘ir gunoh va jinoyatlarning sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun Islom dini g‘azabni jilovlashga, sabr va halimlikni esa ulug‘ axloqiy fazilat sifatida targ‘ib qiladi.
Shu bois mo‘min kishi o‘z nafsini tarbiya qilib, g‘azab paytida o‘zini tuta bilishi, kechirishni odat qilishi va Alloh roziligini maqsad qilib go‘zal xulq bilan yashashi lozim. Chunki haqiqiy yuksaklik — g‘azabni yengish va uni ezgulikka aylantira olishdadir.
Nurulloh XOLIQOV,
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
