FARZAND TARBIYASI ULKAN MAS’ULIYAT
16

Farzand Allohning bandaga bergan bebaho ne’mati va omonatidir. Inson Allohning bu ne’matiga noshukurlik qilmasligi va Allohning omonatiga xiyonat qilmasligi zarur. Farzand dunyoga kelishi bilan uni tarbiyalash, muhofaza qilish lozim bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v) bir hadisi shariflarida: «Farzandlaringizga odob o‘rgating va odoblarini chiroyli qiling», deganlar.
Islom dini bola tarbiyasiga o‘ta sinchkovlik bilan yondashib, doimo uning tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lishga buyuradi. Ota-ona o‘z farzandining insonlar bilan xushmuomalada bo‘lishi va rostgo‘y, omonatdor, kattalarga hurmat va kichiklarga shafqatli bo‘lishi uchun mas’uldirlar. Farzandining yomon xulq va so‘zlardan, qabih ish va yomon odatlardan pok bo‘lishi uchun ham ota-ona javobgardir. Farzandini yurish turishidan, kiyinish odoblarida boshqalarga ko‘r-ko‘rona taqlid qilishidan qaytarishi va uni o‘zining milliy qadriyatlarini e’zozlaydigan inson qilib voyaga yetkazish ham ota-onaning burchidir.
Payg‘ambarimiz (s.a.v): «Farzandlaringizga va ahlingizga yaxshilikni ta’lim bering va ularga odobni o‘rgating» deganlar. Ushbu mas’uliyatni his etgan holda barcha ota-onalar o‘z farzandlarining tarbiyasiga jiddiy e’tibor berishlari va har qanday sharoitda ham farzand tarbiyasi, ularning sog‘-salomat bo‘lishlari bilan shug‘ullanishga vaqt topishlari lozim. Chunki, farzanddagi yomon axloq va uning noxush oqibatlari uchun avvalo ota-ona mas’uldir. Va farzandining yomon xulqidan eng ko‘p aziyat ko‘radigan ham ota-onadir.
Sobit Banoniy degan bir ulug‘ zot aytadilar: «Bir joyda bir kishi otasini urayotgan ekan. Aytishdiki: “Bu nima qiliq?» Otasi aytdi: “Unga indamanglar, men ham otamni mana shu joyda urgan edim, men ham bu yerda o‘g‘limdan kaltak yeyish bilan o‘shani boshimdan kechiryapman! Bu o‘sha uchun urayapti. Unga hech bir ta’na yo‘q”! Ota-ona mana shunday ayanchlik holatga tushmasligi uchun ham farzandlarining tarbiyasini yoshligidan chiroylik qilib borishi lozim.
Payg‘ambarimiz (s.a.v): «Farzandlarning ota-ona ustidagi haqlari uchtadir: tug‘ilsa yaxshi ism qo‘yish, aqli kirsa ilm o‘rgatish, balog‘atga yetsa uylantirish yoki turmushga berish», deganlar.
Hazrati Umarning oldiga bir ota o‘g‘lini olib kelib: «Bu o‘g‘lim menga oq bo‘ldi», dedi. Hazrati Umar o‘g‘ilga: «Otangga oq bo‘lishda Allohdan qo‘rqmaysanmi?» deb gapirdi. Shunda o‘g‘li: «Ey hazrat! O‘g‘ilning otada haqqi yo‘qmi?» dedi. Hazrati Umar: “Ha bor!” deb yuqoridagilarni sanadilar. Shunda o‘g‘il: «Allohga qasamki otam menga Ju’al (ko‘rshapalak) deb ism qo‘ydi, bu sabab men do‘stlarim orasida doimo masxara bo‘lib keldim. Otam menga ilmdan biror narsa o‘rgatmadi. Do‘stlarim bir necha farzandli bo‘lishdi hamki, otam meni uylantirmadi, otam o‘zining burchlaridan birortasini bajarmadi», dedi. Hazrati Umar, Alloh undan rozi bo‘lsin, uning otasiga qarab: «O‘g‘limni oq qildim, deysan, u seni oq qilibdi, yo‘qolgin meni oldimdan!” dedi.
Yuqoridagi hadis va ibratli hikoyalardan farzand tarbiyasi naqadar ahamiyatli ish ekanligi ko‘rinib turibdi. Shu o‘rinda farzand tarbiyasi bir necha bosqichlar, jihatlardan iborat ekanligini aytishimiz lozim. Ulamolar quyidagi jihatlar eng muhim ekanini aytishgan.
Birinchi; iymoniy tarbiya. Farzand aqli shakllana boshlashi bilan unga halol va haromni, gunoh va savobni ta’lim berishi lozimdur. Payg‘ambarimiz (a.s) «Yosh bolalaringizga birinchi bo‘lib «La ilaha illolloh» kalimasini eshittiringlar» deganlar . Chaqaloqning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga takbir aytish odati ham ushbu hadisni quvvatlaydi. Yosh bolalarga ushbu tarbiyani berish davomida aqllari yetadigan so‘zlarni aytish lozimdur.
Tarbiyaning ikkinchi turi axloqiy tarbiyadir. Umumiy tarbiyadan so‘ng farzandga chiroyli odob, go‘zal axloq va fazilatlarni o‘rgatish axloqiy tarbiyadir. Bir hadisda Payg‘ambarimiz (a.s): «Men go‘zal xulqlarni mukammal qilish uchun yuborilganman», deganlar. Bu hadis farzandlarni go‘zal xulq bilan tarbiyalash payg‘ambarlik vazifalaridan biri ekaniga dalolat qiladi.
Tarbiyaning uchinchi turi jismoniy va badaniy tarbiyadir. Ota-ona bola vujudining to‘g‘ri rivojlanishi, jismining quvvatli bo‘lishi, badanining sog‘ligi uchun mas’uldir. Bolani yetarli miqdorda va to‘g‘ri ovqatlantirish, uxlatish kabi ishlar badan tarbiyasiga tegishlidir . Xuddi shunday kasalliklarning oldini olish, kasal bo‘lsa davolatish ham shular jumlasidandir. Jismoniy tarbiyada bolalarga xos turli o‘yinlar, jumladan, yugurish, suzish, kamon otish, kurash va boshqa ko‘plab sport mashg‘ulotlari katta ahamiyatga ega va hadislarda targ‘ib qilingan. Hozirgi kundagi dolzarb muammolarlardan bo‘lmish giyohvand moddalar istemolidan ota-ona avvalo o‘zi saqlanib, so‘ngra farzandlarini ham bundan qaytarishlari lozimdir. Chunki giyohvandlikning zararli oqibatlari xech kimga sir emas va giyohvandlik jismoniy va badaniy tarbiya asoslariga xilofdir.
Tarbiyaning to‘rtinchi turi aqliy tarbiyadir. Bunda ota-ona bolalariga foydali ilmlarni, jamoat uchun kerakli kasb-hunarlarni o‘rgatishlari lozimdir. Bu haqda ko‘plab tavsiya va ko‘rsatmalar mavjud.
Farzand tarbiyasini mukammal va sidqidildan ado etishning mukofoti ikki dunyoda ulug‘dir. Mana shu mukofot barchaga nasib etsin.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi Xayrulloh domla Mardonov
