NIKOH POKLIK RAMZI
17

Yaqinda davrada urf-odatlarimiz haqida gaplashib qoldik. Suhbat asnosida, Movarounnahrga Islom dini kelmasidan oldin mavjud bo‘lib, bugungacha saqlanib kelayotgan xunuk ish — to‘ydan oldin yigitning qiz bolani olib qochishi haqida eshitib qattiq xafa bo‘ldim.
Avvaliga qizlar kishi topolmas joyga olib ketilgach, so‘ng o‘rtalarida nikoh aqdi bog‘lanar emish. O‘rtada qizning, otasi va aka-ukalarining nomusi yer bilan yakson bo‘lgani qoladi. Bu ishlar ikki tomon o‘rtasiga urish janjal nifoq, adovat soladi. Bu ikkala yosh qilayotgan ishlari shariatga zid ekanligini bilmaydilarmi yoki bo‘lmag‘ur urf odatimiz deb qilyaptilarmi? Endi o‘ylab ko‘ring shuncha ishdan so‘ng kelin va kuyov o‘rtalarida bog‘langan nikoh qanday bo‘ladiyu shar’an bog‘langan nikoh qanday bo‘ladi. Avvalo, nikohning maqsadi va nikoh aqdining qanday bog‘lanishini bilib olsak yaxshi bo‘lardi.
Nikoh masalasi har bir shaxs, oila, jamiyat, davlat va butun insoniyat uchun muhim ahamiyatga ega ekanini hamma yaxshi biladi. Chunki bu amaliy hayotda o‘ta muhim masala bo‘lib, halol va harom, oila tashkil qilish, kelajak avlod bo‘lmish farzandlarning dunyoga kelishi, tarbiyasiga bog‘liq narsalarning muhim omili hisoblanadi.
Shuningdek, er-xotinlarning haq-huquqlari va majburiyatlari, ularga qandoq amal qilish, oilani qanday tashkil qilish va boshqarish, qolaversa, saodatli hayot kechirishni bir maromga solib turadi. Oilalar hamjihat, baxtli bo‘lsagina, jamiyat ham farovon bo‘lishi o‘z-o‘zidan ayon.
Nikoh oilaning asosini tashkil qilgani uchun ham uni tuzish hamma vaqt va har qanday davrda, avvalo, din tomonidan, undan keyin davlat va jamiyat tomonidan alohida e’tiborga molik bo‘lgan hamda uning nazoratida bo‘lib, muhofaza qilingan.
Nikoh bir tomon – erkakning og‘zaki taklifi, ikkinchi tomon – ayolning bu taklifni qabul qilishi bilan amalga oshadi. Bu lafzlar nikohning rukni“iyjob” va “qabul” deyiladi. Shuning dek nikohda quydagi shartlar ham bo‘lishi zarur:
- Nikoh mahali asliy va far’iy ravishda mavjud bo‘lishi.
- Iyjob va qabul lafzlari abadiylikni ifoda qilishi.
- Guvohlik.
- Ikki tomon roziligi.
- Valiy.
Demak nikohning rukni va shartlari to‘liq bo‘lsa nikoh sharan bog‘lanar ekan.
Alloh taolo yana: “Va batahqiq, sendan oldin ham Rasullar yuborganmiz va ularga jufti halollar va zurriyotlar berganmiz”, – deb marhamat qilgan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga xitob bo‘layotgan ushbu oyatda Alloh taolo oilali bo‘lish, uylanish va zurriyotli bo‘lish barcha Payg‘ambar alayhissalomlarning sunnatlari ekanligi bayon qilinmoqda.
Ma’lumki, Payg‘ambar alayhissalomlar Alloh taoloning eng suyukli, tanlab olgan, boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatgan bandalaridir. Ular insoniyat tarixi davomida ilohiy qonun-qoidalar asosida yashashni kishilarga o‘rgatib kelgan shaxslardir. Ana shunday oliymaqom zotlarning hammalarining oilali va zurriyotli bo‘lishlari bejiz emas. Bu barcha insonlar oilali bo‘lishlari, zurriyot qoldirishga urunishlari kerak ekanligini ko‘rsatadi. Bu oyatda ham nikohga qattiq targ‘ib borligini ko‘rib turibmiz.
Nikoh Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas, deganlari imkoni bo‘lib turib nikohda bo‘lmaslik musulmon shaxs uchun mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan narsa ekanligini bayon etadi.
Abu Ayyub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “To‘rt narsa Rasullarning sunnatlaridandir: hayo, xushbo‘ylik sepmoqlik, misvak va nikoh”, – dedilar”. Imom Termiziy rivoyat qilgan.
Islomda kishilar nikohda bo‘lgan holda hayot kechirishlari afzal ko‘rilishi ochiq-oydin. Allohning amri – shu. Bu dunyoda insonlar oila qurib, nikohda bo‘lib yashasinlar.
Islom nikohni insoniy aloqalar ichidagi eng muqaddas aloqaga aylantirgan. Chunki bu Allohning amri, Payg‘ambar sollallohu alayhi ila vasallamning sunnatlari, mo‘min-musulmonlarning guvohligi ila quriladigan bir muqaddas aloqadir.
Alloh taolo inson hayoti ma’lum nizom, iffat va poklik, muhabbat va sevgi, o‘zaro ishonch va hurmat asosida bo‘lishi uchun nikohga amr etgan. Alloh taolo inson hayotini turli tartibsizlik va kelishmovchiliklardan, noo‘rin ishlardan va ularning oqibatidan kelib chiqadigan balo-ofatlardan saqlash uchun nikohga amr etgan.
Endi o‘ylab ko‘ring qiz bolani yigit olib qochishi to‘g‘rimi? Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonlarni shunday nikohlanishga buyurganmilar? Yo‘q albatta. Insonlar shariat ko‘rsatmalariga amal qilmaganliklari tufayli jamiyatda oilalarning buzilishiga sabab bo‘ladi.
Endi to‘ylarda yuz berib, inson aqlini shoshirib qo‘yadigan isrof va dabdabalar haqida to‘xtalsak. Bir do‘stimiz to‘ylarda bo‘layotgan voqealar haqida afsuslanib so‘z boshladi. Kelin va kuyovni hammaning oldida raqs(vals)ga tushush, kelin-kuyov olov atrofida aylanishi, kelinni kuyov uyidan olib ketayotganda darvozaga kirishdagi yo‘lning ikki tomoniga olov yoqish, nikoh xutbasini to‘ydan so‘ng o‘qish kabi noxush holatlarini ba’zida ko‘rib qolamiz. Xo‘sh, bularning barchasi, xususan, kuyov navkarlari bilan nikohga boramiz deb, sanab bo‘lmaydigan darajada xar hil qimmatbaho mashinalarni ijaraga olishlari shariatga mosmi?
Biz isrofgarchilika yo‘l qo‘ymayapmizmi? Vaholanki isrof qiluvchilarni Alloh yaaxshi ko‘rmasligini barchamiz yaaxshi bilamiz. Yuqorida aytib o‘tgan holatlardagi alov yoqish kabi ishlar insonning aqidasiga to‘g‘ri keladimi? Yo‘q albatta.
To‘ylarda uchraydigan muammolar faqatgina shulardan iborat emas. Insonga ham moddiy, ham ma’naviy zarar yetkazadigan, to‘yni eng kamida dilxiralikka aylantiruvchi illatlardan biri – bu dasturxonga ichkiliklar qo‘yish muammosi. Alloh nasib etgan ulug‘ ne’mat bo‘lmish yangi hayot uchun beriladigan ehsonni gunoh va g‘ayriinsoniy ishlar bilan bulg‘ash shartmiki?
Kelinni mast-alast ko‘zlar, badnazarlar, yovqarashlarga nishon qilib, ochiq-sochiq liboslarda o‘rtaga olib chiqib o‘ynatish asl o‘zbek degan, musulmon degan nomga isnod emasmi? Buni yigitlarimizning g‘ururi qanday ko‘tarayotganiga aqlimiz lol qoladi.
Agarda bu kabi noto‘g‘ri ishlar davom etaversa, kelajagimiz bo‘lgan yosh ovlodlarimizga singib ketib, ularning ham etiqodlarini buzilishiga sababchi bo‘lib qolmaylik.
Quruq gap bilan muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Yoshlarni bu illatlardan xalos qilish, oila va nikohdan ko‘zlangan asl ilohiy maqsad nima ekanini tushuntirish, hayotga to‘g‘ri yo‘llash zarur.
Buning uchun, to‘ylardan oldin ularni vals to‘garaklariga emas, balki, imomlar, mahalla maslahatchilari huzuriga olib borib, hayot saboqlarini o‘rgatishimiz darkor. Kelin-kuyovga qilinadigan behisob sarpolar ichiga “Baxtiyor oila” kitobini ham qo‘shib qo‘yish, yoshlar tushunmagan joylarini mahalla imomlaridan so‘rab, ham o‘qib, ham uqib olishlarini yo‘lga qo‘yishimiz lozim.
Jamiyatda quriladigan barcha oilalarni mustahkam qurilishiga o‘z hissamizni qo‘shib, yuqoridagi oyat va hadislarga amal qilgan holda nikoh aqdini bog‘laylik va noto‘g‘ri ishlar ( qiz bolani olib qochish )dan saqlanaylik. Shuning dek to‘ylarimizni ham ko‘p isrofgarchilika yo‘l qo‘ymasdan va bo‘lmag‘ur odatlardan bo‘lgan alov yoqib uning atrofini aylanish Islom dinidan oldingi zardo‘shdlik diniga mansub bo‘lgan ishlardan uzoq bo‘lgan holda o‘tqassak ajri ko‘p bo‘ladi. Agarda buning aksi bo‘lsa ajirsiz qolib ketish hech gapmas.
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi Mardonov Xayrulloh
