JANOZA NAMOZINI O‘QISH TARTIBI
48

Janoza namozi farzi kifoyadir. Mayyit atrofidagi xalqdan bir qismi o‘qishi bilan boshqalardan farz soqit bo‘ladi. Musulmon kishi o‘lgandan so‘ng uning yaqin qarindoshlariga, do‘stlariga, tanishlariga, qo‘shnilariga uning o‘lgani va qachon janozasi o‘qilishi xabari beriladi. Toki ular o‘z burchlarini ado qilib qolsinlar.
Ulamolarimiz janoza namozi farzi kifoya ekanligiga bir qancha hujjatlar keltirishgan. Shulardan biri Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisdir. Rasululloh sollollohu alayhi va sallam, “Albatta birodarlaringiz Najoshiy vafot etdi, turib janozasini o‘qinglar” deya marhamat qilganlar.
Imom Navaviy (roziyallohu anhu) “Sharhi Muslim”da: “Ijmoi ummat bilan farz bo‘lgan”, deydilar. Boshqa ulamolarimiz ham buni ta’kidlaganlar. «Nihoya» kitobida janoza namozini o‘qish uchun jamoat shart qilinmaganligi, bir kishi ado etishi bilan ravo bo‘lishi aytilgan.
Janoza namozining ruknlari takbirlar va qiyomdir. Bu namozning boshqa namozlardan farqli olti sharti bor.
- Mayitning musulmon bo‘lishi.
2.Mayyitning va u qo‘yilgan joyni toza bo‘lishi, mayyit jamoat oldiga qo‘yilganda xuddi imom kabidir, ham o‘zi, ham o‘rni toza bo‘lishi kerak.
- Mayyitning jamoat oldida bo‘lishi.
- Jasadni bus-butun holda yoki ko‘p qismi, yoki boshi bilan tanasining yarmi mavjud bo‘lishi.
- Janoza o‘quvchining, agar uzrli bo‘lmasa o‘tirgan va biror ulovga mingan bo‘lmasligi.
- Janozaning yerga qo‘yilishi. Mayyitni qo‘lda ko‘tarib yoki ulov ustida turgan holida janoza o‘qilishi yer juda iflos bo‘lmasa joiz emas.
Janoza namozining sunnatlari to‘rtta bo‘lib, ular qo‘yidagilar:
- Mayyit ayol yoki erkakligidan qat’iy nazar imom uni ko‘kragining to‘g‘risida turishi.
- Ilk takbirdan so‘ng sano o‘qish.
3.Ikkinchi takbirdan keyin salovot, namozdagi «Tashahhud”dan keyingi salovotlar o‘qilishi».
- Uchinchi takbirdan keyin mayyit haqqiga duo qilish.
Janoza namozining hikmati mayyitga duo va shafoat qilishdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sallollohu alayhi vasallam, “Qachon mayyitga namoz o‘qisangiz, unga duoni ixlos ila qilingiz” deganlar.
Abu Dovud va ibn Hibbon roziyallohu anhurivoyat qilgan va sahih deyilgan.
Avval aytib o‘tilganidek, janoza namozi mayyit uchun duo va shafoatdir. Bu ikki narsa qabul bo‘lishiga esa, janoza o‘qigan odam ixlos bilan duo qilmog‘i lozim.
Janoza namozini o‘qishga eng loyiq bo‘lgan kishilar.
Janoza namozida imom bo‘lishga eng loyiq kishi sulton hisoblanadi. Chunki, Husayn ibn Aliroziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda “Qachonki janoza hozir bo‘lsa, uni boshqadan ko‘ra sulton o‘qib bergani avloroq” deyilgan. Husayn roziyallohu anhu Akalari Hasan ibn Aliroziyallohu anhu vafot etkan vaqtda Madina amiri Sa’d ibn Osni janoza namozini o‘qib berish uchun imomatlikka o‘tkazganliklari ham janoza namozini o‘qishga sulton haqlirok ekanligiga dalolat qiladi. Janozada sulton hozir bo‘lmasa qozi imom bo‘ladi, qozi bo‘lmasa mahalla imomi, u yo‘q bo‘lsa, mayyitning yaqin qarindoshlari imomlikka loyiqroq hisoblanadi. Chunki Abu Hanifa roximahullohdan Muhammad ibn Hasan roximahulloh mazkur tartibni rivoyat qilganlar. Bu so‘zlarning barchasi Hanafiy mazhabida ixtiyor qilingan qavllardir.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi fiqh fani o’qituvchisi Xayrulloh domla Mardonov
