RAHMONNING SUYUKLI BANDALARI: KOMIL INSON QIYOFASI
43

Oila va jamiyatning barqarorligi, osoyishtaligi, yurt farovonligi shu oila va shu jamiyatda yashayotgan yurt farzandining axloqining qanday ekaniga bog‘liq bo‘ladi. shayton yo‘lidan yurmay, Rahmonga ergashgan farzand va xalq bo‘lsa, o‘zgaga kibr qilmay, chiroyli xulq egasi bo‘lsa, bzi o‘ylagan tinchlik, farovonlik va barqarorlik mustahkamlanadi va yuksaldi. Biz hozir anashunday sifatlarga ega bandalarning Qur’ondagi tavsiflari haqida so‘z yuritamiz. Kim Qur’onga amal qilsa, Allohning haqiqiy bandasidek sharafga erishadi.
Qur’oni karimning Furqon surasi 63–76-oyatlarida Alloh taolo o‘zining haqiqiy, suyukli bandalarini – «Ibodur-Rohman» (Rahmonning bandalari)ni yuksak sifatlar bilan ta’riflaydi. Ushbu oyatlarning tafsiri borasida mo‘tabar tafsir manbalarida insonni komillik darajasiga ko‘taruvchi asosiy odob va axloq mezonlari yoritib berilgan. Alloh taolo: “Rahmonning bandalari yer yuzida tavozu ila yuradigan va johillar xitob qilganida “salom”, deydiganlardir”, deb marhamat qilgan. (Furqon surasi, 63-oyat).
Kibrdan xoli kamtarlik. Rahmonning bandalari yer yuzida kibr-havosiz, o‘zini baland tutmaydigan xokisorlik bilan yuradilar. Ularning yurish-turishi, muomalasi va dunyoga qarashlari kibrdan xolidir. «Tafsiri Irfon»da keltirilishicha, ular nafaqat tashqi ko‘rinishda, balki qalban ham halim va taqvodor bo‘lib, o‘zlarini hech qachon birovdan ustun sanamaydilar.
Johillar bilan muomalada yuksak madaniyat. Ushbu bandalarning eng yorqin sifatlaridan biri – o‘zlariga nisbatan yomonlik yoki behuda gaplar bilan murojaat qilgan johillarga nisbatan yuksak odob ko‘rsatishlaridir.
Rahmonning bandalari johillar bilan tortishmaydilar, ularning so‘kishlariga so‘kish bilan javob qaytarmaydilar. Aksincha, «Salom» (omonlik, tinchlik) deb, ularning behuda gaplaridan yuz o‘giradilar. Ya’ni, ular noo‘rin tortishuvlardan ko‘ra, o‘z qalblarining osoyishtaligini ustun qo‘yadilar. Asablarini buzib o‘tirmaydilar. Bugungi kundagi asab kasallarning ko‘pi shundan kelib chiqadi, desak adashmagan bo‘lamiz. “Meni undan nimam kam”, “Ha, senmi, shoshmay tur” degan qarashlar bilan qarshisidagi johildan qolishmaslik urinish bandani “Rahmonning bandalari” degan oliy sifatdan chiqarib qo‘yishi mumkin. Rahmonning bandalarini yana bir sifatlari: “Ular tunlarini Robbilariga sajda qilib, bedor o‘tkazadilar”. (Furqon surasi, 64-oyat)
Kechani ibodat bilan bezash. Rahmonning suyukli bandalari tunlarini g‘aflatda emas, balki Robbilari huzurida sajda va qiyom (namoz)da o‘tkazadilar. Ular uchun tahajjud namozi – ma’naviy poklanish va Allohga yaqinlashish vositasidir. Hasan Basriy rohimahulloh rivoyat qilishicha, ular tunlari bedor bo‘lib, o‘zlarining qilmishlari uchun qo‘rquv va umid bilan yuzlarini sajda qilgan holda, Allohdan najot so‘raydilar. Darhaqiqat, bunday sifatga yetish biroz mehnat talab qiladi. Hammamiz shunday sifatlarga erishmog‘imizni Allohning o‘zi nasib qilsin!.
Oxirat qayg‘usi va tavakkul. Ular doimo: «Ey Robbimiz, bizdan jahannam azobini uzoqlashtirgin, albatta uning azobi doimiydir», deb iltijo qiladilar. Bu ularning qalbida doimiy Allohdan qo‘rqish hissi borligini anglatadi. Garchi ular ko‘p ibodat qilsalar-da, o‘z amallariga tayanib qolmaydilar, balki Allohning rahmati va mag‘firatidan umidvor bo‘lib yashaydilar. Naqadar buyuk sifat!
Moliyaviy masalalarda o‘rtachalik. Rahmonning bandalari mol-dunyo sarflashda ham o‘ziga xos me’yorga egadilar. Ular na isrofga yo‘l qo‘yadilar, na xasislik qiladilar. Ular biladilarki, isrof shaytoniy amal, xasislik esa xorlikdir. Shuning uchun ular o‘z xarajatlarida «o‘rtacha yo‘l»ni – insof va adolatni tanlaydilar. “Infoq qilganlarida isrof ham va hasislik ham qilmaslar. U ikkisi o‘rtasida mo‘tadil bo‘lurlar”, (Furqon surasi, 67-oyat).
Xulosa qilib aytganda, «Rahmonning bandalari» – bu shunchaki nom emas, balki hayot tarzi. Ular kibrdan yiroq, johillarga nisbatan bag‘rikeng, kechalari ibodatga burkangan va dunyo ishlarida mo‘tadil bo‘lgan insonlardir. Ushbu sifatlar bilan bezangan inson nafaqat bu dunyoda, balki oxiratda ham Allohning roziligiga va yuksak maqomlarga erishishi muqarrardir.
Foydalanilgan manbalar:
Imom Moturidiy, «Ta’vilot al-Qur’on». Furqon surasi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, «Tafsiri Hilol». Furqon surasi.
Usmonxon ALimov. Tafsiri Irfon. Furqon surasi.
