RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VA SALLAMNING KUNDALIK HAYOTI KAMTARLIK VA ZUHD NAMUNASI
28

Insoniyat tarixidagi eng buyuk zot, Muhammad sollallohu alayhi va sallam xohlaganlarida dunyoning eng hashamatli saroylarida yashashlari va Kisro va Kaysarlardek boylik ichida kun kechirishlari mumkin edi. Zero, Alloh taolo u zotga butun yer xazinalarining kalitlarini taklif qilgan. Ammo u zot oxirat diyorini ustun qo‘yib, g‘oyat oddiy va taqvoli hayot kechirishni ixtiyor etdilar.
Buyuk tobi’in Hasan Basriy rahmatullohi alayh u zotning xonadonlari haqida: «Men Usmon roziyallohu anhuning xalifalik davrlarida Rasululloh (sav)ning ayollari uylariga kirardim va shifti pastligidan qo‘llarim bilan ushlardim», deb eslaydi. Mana shu kichik va tor hujralar islom nuri butun olamga taraladigan markaz edi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Hazrat Umardan rivoyat qilgan hadis ikki dunyo sarvarining uy jihozlari qanday bo‘lganini yaqqol ko‘rsatib beradi. Umar roziyallohu anhu u zotning huzurlariga kirganida, Nabiy sollallohu alayhi va sallam oddiy bo‘yra ustida yotgan edilar. Egnilarida faqatgina izor (lungi) bo‘lib, bo‘yraning izlari muborak yonboshlariga botib ketgandi. Uyning bir chetida uch-to‘rt hovuch arpa, daraxt po‘stlog‘i va devorda osig‘liq turgan meshdan bo‘lak hech vaqo yo‘q edi. Bu holatni ko‘rib yig‘lab yuborgan Umarga qarab, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar:
«Ey Xattobning o‘g‘li, oxirat bizga va dunyo ularga (kofirlarga) bo‘lishiga rozi emasmisan?»
U zotning kundalik ishlatgan buyumlari ham oddiy va jo‘n edi. Anas ibn Molik roziyallohu anhu ko‘rsatgan, beli temir bilan bog‘langan oddiy yog‘och qadahda u zot suv, sut, asal va xurmo sharbati ichardilar. Oisha onamiz roziyallohu anho esa u zotning uyidagi ochlik va qanoatni sifatlab: «Biz bir oylab qozon ostiga o‘t yoqmasdan o‘tirardik. Yeydigan narsamiz faqat xurmo va suv edi», deb xotirlaydilar.
Bu buyuk zot nafaqat moddiy hayotda, balki insoniy munosabatlarda ham kamtarlikning oliy namunasi edilar. Xonadonlarida ayollariga ko‘maklashar, kiyimlarini o‘zlari tozalab, echkilarini sog‘ardilar. Huzurlariga kelib, haybatlaridan oyoq-qo‘li titragan oddiy bir a’robiyga: «Tinchlan, men podshoh emasman. Men quritilgan go‘sht yeydigan oddiy xotinning farzandiman, xolos», deb tasalli bergan edilar.
Xulosa o‘laroq aytish mumkinki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bu go‘zal hayot tarzi bugungi kunda har bir musulmon uchun ulkan maktabdir. Bugun biz dunyo matohlariga, hashamat va mol-dunyoga ko‘ngil qo‘yishdan avval Payg‘ambarimizning bo‘yra botgan yonboshlarini, bir oylab ostiga o‘t yoqilmagan qozonlarini yodga olmog‘imiz lozim. Haqiqiy sharaf va ulug‘lik boylikda emas, balki go‘zal xulqda, kamtarlikda va Allohning rizosi yo‘lida bandalarga xolis xizmat qilishdadir.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi O‘qituvchisi Omon Qodirov
