OILANI MUSTAHKAM QURAYLIK
26

Xalqimizda onasini ko‘rib qizini ol, degan purma’no naql bor. O‘ylab ko‘rilsa, shu to‘rt so‘zning zamirida butun bir falsafa, hayot tajribasi yotadi. Chunki, farzandni, ayniqsa qizlarning tarbiyasi, kelajakda qandoq ayol bo‘lib voyaga yetishida onaning o‘rni beqiyos. Ona bog‘bon, u o‘z bog‘ida undirgan niholning to‘g‘ri, tekis va go‘zal bo‘lib o‘sishi, atrofdagilar undan bahra olib, bog‘boniga rahmat aytishiga yoki aksincha bo‘lishiga sababchidir. Ona toki qizini uzatgunga qadar u uchun oliy namuna, andoza vazifasini bajaradi. Ayol farzandiga amaliy o‘rnak bo‘lish bilan birga, pand-nasihat qila olishni ham bilishi lozim. Bu ayniqsa, yangi hayot ostonasida turgan qizlarga asqotadi. Shu o‘rinda bir oqila ayolning qiziga to‘yi kuni qilgan nasihatlarini keltirib o‘tamiz:
Ey qizim, tug‘ilib o‘sgan va voyaga yetgan uyingdan chiqib, o‘zing bilmaydigan, notanish bir uyga borasan. Ey mening jigarporam, suyukli qizim, ko‘zimning nuri, bolajonim! Sen eringga shunday xizmat qilki, u ham senga xizmatkor bo‘lsin! Sen unga yer bo‘lki, u senga osmon bo‘lsin! Sen eringga bir uy bo‘l, u senga ustun bo‘lsin! Mehribon qizim, mehribonim! Onam ham meni turmushga berayotib onasidan eshitgan pandu nasihatlarini menga aytgandek, bugun esa bu nasihatlarni senga aytaman jon qulog‘ing bilan eshitgin.
Ular hech yodingdan ko‘tarilmasin. Qanoat sohibasi bo‘l. O‘z holingga shukr qil. YA’ni ering uyga nimaiki olib kelsa, u xoh yeydigan, xoh kiyadigan narsa bo‘lsin, xushfe’llik bilan, go‘zal odob bilan qabul qilib ol. Eringga itoat qil, qil degan ishlarini qil, qilma deganini qilma. Uyning ichini, tashqarisini nihoyatda toza tut. Ust-boshingni toza tut, ovqatni vaqtida tayyorla, eringning moli va ashyosiga juda e’tiborli bo‘l va uning qarindosh va yaqinlariga hurmat ko‘rsat. Umr yo‘ldoshingning sirini boshqalarga aytma. Yana shuni yaxshi bilib olginki, ering xafa bo‘lganda sen xursand bo‘lishdan yoki u xursand bo‘lganda sen xafa ko‘rinishdan juda ehtiyot bo‘lgin. Bu pandu nasihatlarimni o‘zinga singdirib olgin shunda ering bilan baxtli hayot kechirasan.
Bugungi kunda mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan kelinlarimiz onalarimizning pandu nasihatlarini olsalar jamiyatda, kelin-kuyovlar o‘rtasida arzimas sabablarga ko‘ra paydo bo‘ladigan janjallarga sabab bo‘lmaydi. Xonadonga tushib kelgan kelinni qaynota va qaynona o‘z qizidek kelin ham ularni ota-onasidek ko‘rsa albatta oila mustahkam bo‘ladi.
Xayrullo MARDONOV,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
