AYBLARNI TUZATUVCHI BO‘LING, KUZATUVCHI EMAS

27

Inson hayotining ma’naviy kamoloti o‘z nafsini isloh qilish va kamchiliklarini bartaraf etish bilan bog‘liqdir. Islom ta’limoti insonni avval o‘z ayblarini ko‘rishga, ularni tuzatishga va qalbini poklashga chaqiradi. Aksincha, boshqalarning aybini qidirish, ularning sir-asrorlarini kovlash va nuqsonlarini fosh etish insonni ma’naviy tanazzulga olib boradi.

Shu ma’noda Ibn Atoulloh Sakandariy rahmatullohi alayhining quyidagi hikmatli so‘zlari chuqur ma’noni o‘z ichiga olgan:

“Ayblarni tuzatish bandalik burchidir, g‘ayblarni kuzatish esa halokatdir. Ayblarni tuzatish kamolotga eltuvchidir, g‘ayblarni kuzatish zalolatga eltuvchidir. Ayblarni tuzatish Haqning haqqini ado etishdir, g‘ayblarni kuzatish bandalik burchini zoe qilishdir”.

Bu hikmatning asoslari Qur’oni karim va Rasululloh alayhissalomning hadislarida mustahkam bayon qilingan. Alloh taolo mo‘minlarni boshqalarning aybini izlashdan qaytarib shunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki ba’zi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar!”. (Hujurot surasi, 12-oyat). “Josuslik qilmanglar”, deb bu qabih ishdan qaytarilmoqda. Odatda, josuslik deb birovga yomonlik yetkazish niyatida ayblarini va zaif joylarini o‘ziga bildirmay yashirincha axtarishga aytiladi. Bu ish ham katta gunohlardandir. Chin musulmon kishining qalbi bu kabi jirkanch odatlardan pok bo‘lmog‘i zarur. Boz ustiga, bu ish Islom dinining asosiy g‘oyalaridan biri bo‘lmish insonning karomatini, hurmat, izzati va obro‘yini himoya  qilish masalasiga chambarchas bog‘liqdir. Chunki bunday amal qalbni qoraytiradi, jamiyatda adovat va ishonchsizlikni paydo qiladi.

Yana bir oyatda Alloh taolo shunday deydi: “Balkim inson o‘z nafsini yaxshi biladi”. (Qiyomat surasi, 14-oyat) Ya’ni inson avval o‘zini hisob-kitob qilishi, o‘z nuqsonlari bilan mashg‘ul bo‘lishi lozim.

Hadislarda ayb qidirishning oqibati to‘g‘risida Rasululloh sallollohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Kim bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh uning aybini qiyomat kuni yashiradi”. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati) Bu hadis mo‘minning vazifasi ayb qidirish emas, balki imkoni boricha uni yashirish va isloh qilish ekanini ko‘rsatadi.

Yana bir hadisda: “Ey tili bilan iymon keltirib, qalbiga iymon kirmagan kimsalar! Musulmonlarga ozor bermanglar, ularni ta’na qilmanglar va ayblarini qidirmanglar. Chunki kim musulmon birodarining aybini qidirsa, Alloh uning aybini qidiradi. Alloh kimning aybini qidirsa, uni o‘z uyida bo‘lsa ham sharmanda qiladi”. (Imom Abu Dovud rivoyati) Bu hadis g‘ayblarni kuzatish va ayb qidirish inson uchun qanchalik xatarli ekanini ochiq bayon etadi.

Imom G‘azzoliy shunday deganlar: “Kishi o‘z ayblari bilan mashg‘ul bo‘lsa, boshqalarning aybini ko‘rishga vaqti qolmaydi”. Bu so‘z nafs tarbiyasining asosiy qoidasini ifodalaydi. Chunki inson o‘zini isloh qilish bilan band bo‘lsa, boshqalarning kamchiligini muhokama qilishdan uzoqlashadi.

Hasan Basriy aytganlar: “Mo‘min o‘z ayblarini tuzatish bilan mashg‘ul bo‘ladi, munofiq esa boshqalarning aybini qidirish bilan ovora bo‘ladi”. Bu hikmat mo‘min va munofiqning ma’naviy holatini ajratib beruvchi muhim mezondir. Umar ibn Xattob shunday deganlar: “Alloh rahmat qilsin, menga o‘z ayblarimni ko‘rsatgan kishiga”. Bu so‘z insonning kamolotga intilishi uchun tanqid va nasihatni qabul qilish qanchalik muhim ekanini anglatadi.

Alloh taolo insonni yer yuzida O‘ziga ibodat qilish uchun yaratgan. Bandalikning haqiqiy mohiyati nafsni poklash, axloqni go‘zallashtirish va Allohning roziligiga erishishdan iboratdir. Qur’onda: “Darhaqiqat, nafsini poklagan kishi najot topdi”. (Shams surasi, 9-oyat) Nafsni poklash esa o‘z ayblarini tan olish va ularni bartaraf etish bilan boshlanadi. Shuning uchun ayblarni tuzatish insonni Allohga yaqinlashtiradi, ma’naviy kamolotga yetaklaydi. Aksincha boshqalarning aybini qidirish bilan mashg‘ul inson o‘zining isloh qilinishi lozim bo‘lgan nuqsonlarini unutib qo‘yadi. Natijada nafsi kibr, hasad va g‘urur bilan to‘ladi. Bu esa qalb kasalliklarining eng xavfli turlaridandir.

Salaf ulamolari: “Kim o‘z aybini bilsa, boshqalarning aybini muhokama qilishga vaqt topmaydi”, — deb ta’kidlaganlar. Haqiqatan ham, insonning eng muhim vazifasi o‘z qalbini hisob-kitob qilish, amallarini tahlil qilish va Robbisi oldida javobgarligini his qilishdir.

Mo‘min kishi har kuni o‘z nafsiga nazar tashlab, kamchiliklarini tuzatishga harakat qiladi. Chunki ayblarni tuzatish — kamolotga eltuvchi yo‘ldir. Boshqalarning sirlarini kovlash, nuqsonlarini qidirish va g‘ayblarini kuzatish esa insonni zalolat va halokat sari yetaklaydi. Shuning uchun har birimiz quyidagi tamoyilga amal qilishimiz lozim: “O‘z aybingni tuzatish bilan mashg‘ul bo‘lgin, boshqalarning aybini qidirish bilan emas. Chunki nafsni isloh qilish najotga, ayb qidirish esa halokatga olib boradi”.

Alloh taolo barchamizni o‘z ayblarimizni ko‘ra oladigan, ularni tuzatishga harakat qiladigan va musulmon birodarlarining obro‘sini saqlaydigan bandalaridan qilsin.

O‘tkir Mahmudov

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi