KAFANLASH TARTIBI
101

Mayyitni kafanlash farzi kifoya bo‘lgan amallardan sanaladi. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam: “Qachon birortangiz o‘z birodarini kafanlasa, uning kafanini yaxshi qilsin”, dedilar”. Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Kafanlik uchun oq mato tanlash zarur. Chunki, Rasululloh sollollohu alayhi va sallam Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Kiyimlaringizdan oqlarini kiyinglar. Chunki, oq kiyim kiyimlarning yaxshisidir. Uni o‘liklaringizga kafanlik qilinglar”, deganlar.
Erkak kishining kafani uch bo‘lakdan, xotin kishiniki esa, besh bo‘lakdan iborat bo‘ladi. Zero, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga shunday qilingan edi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy ollallohu alayhi vasallam paxtadan bo‘lgan toza uchta yamaniy-kiyimga kafanlandilar, ularning ichida kuylak va salla yo‘q edi». Bsshovlari rivoyat qilishgan.
Jumhur ulamolar mazkur hadisda kelganiga amal qilish afzal deganlar. Molikiy va Hanafiy mazxabida kuylak ham qo‘shimcha mustahab, deganlar. Agar kafanlashga hech narsa topilmasa, eng zaruri avratini to‘sish kerak bo‘ladi. Keyin esa, qodir bo‘lganicha boshqa joylar to‘siladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud urushi shaxidlarini dafn qilish chog‘ida kafanlikka latta yetmay badani ochilib qolgan shahidlarning ochiq joylarini izhir nomli o‘simlikni yulib yopishga amr qilganlar.
Erkaklar kafani mazkur tartibda joylashtiriladi. Izor (lozim, ishton), u bilan bel hamda tananing pastki qismi oyoq uchigacha o‘raladi. Qamis (ko‘ylak), bu o‘rtasidan mayyitning boshi sig‘adigan teshigi bor uzun mato bo‘lib, o‘ralganda uning ostidagi va ustidagi qismi tizzasigacha yetadigan uzunlikda bo‘lishi kerak. Lifofa (o‘raladigan choyshab) bu bilan mayyit to‘liq o‘rab qo‘yiladi. Uning uzunligi mayyitdan ham uzunroq bo‘lishi kerak toki oyoq va bosh tomondan bog‘lab qo‘yishga yetadigan bo‘lsin.
Kafanning eni murdaning jasadiga bog‘liq. Kafanni joylashtirish tartibi qo‘yidagicha:
Birinchi lifofa.
Lifofa ustidan izor.
Izor ustidan qamis.
Xotin kishilarning kafani bulardan tashqari “ximor” (boshga yopib qo‘yiladigan ro‘mol) va ko‘krakni o‘rab qo‘yiladigan siynabanddan iborat. Bunga ushbu hadisi sharif dalil bo‘ladi.
Laylo binti Qonif Saqofiya roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallamning qizlari Ummu Kulsum vafot etganida uni yuvganlardan biri edim. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizga avval “xirqa” (lozim)ni keyin “milhafa”ni (ko‘ylakni)ni keyin “ximor”ni (ro‘mol)ni, keyin milhafa (paranji)ni berdilar. So‘ng uni yana boshqa kiyimga kiritildi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam eshikning oldiga o‘tirib olib, uning kafanini qo‘llari bilan bizga bitta-bittadan berib turar edilar”.Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilishgan.
Ushbu hadisdan ayol kishi besh bo‘lak kafan bilan kafanlanishi kelib chiqad i. Ularning tartibi ham ushbu hadisda kelganidek bo‘ladi. Chunki Nabiy ollallohu alayhi vasallamshundoq qilganlar.
Ummu Kulsum roziyallohu anho Hazrati Usmon roziyallohu anhuning ayollari edilar.
Ayollar kafaning joylashtirish tartibi qo‘yidagicha:
Lifofa
Siynaband
Izor
Qamis
Ximor
Erkaklar uchun kafan bir qavatdan, ayollar uchun esa ikki qavatdan kam bo‘lishi makruhdir. Yosh bolani ham o‘g‘il yoki qiz ekaniga qarab mazkur ishlarga amal qilinadi. Erkak kishi uchun tirikligida kiyishi mumkin bo‘lgan har bir narsa bilan vafotidan keyin ham kafanlash mumkin. Tirikligida kiyishi nojoiz bo‘lgan narsalar bilan vafotidan keyin ham kafanlash mumkin emas.
Kafanlanayotganda qilinadigan amallar
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, “Nabiy sallollohu alayhi vasallam: «Eng yaxshi xushbo‘yingiz mushkdir» dedilar”. (Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan).
Bu hadisda o‘lim haqida gap yo‘q. Umumiy holat uchun aytilgan. Ammo umumiy holatdan ibrat olib, o‘likni yuvish va kafanlash paytida xushbo‘y narsalar bo‘lsa yaxshi bo‘ladi, degan xulosa uchun keltirilgan.
Kafanlash vaqtida xushbo‘ylantirish sunnat ekanligiga quyidagi hadis ham dalil sifatida keltiriladi.
Rasululloh sollollohu alayhi va sallam: «Mayyit kafaniga uch marta xushbo‘y sepingizlar” dedilar.
Xayrulloh domla Mardonov
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi fiqh fani o’qituvchisi
