YO‘LDAGI AZIYATLAR…
14

Musulmonlarga zarar yetkazish katta gunohdir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda mo‘min erkaklar va mo‘mina ayollarga o‘zlari qilmagan ishlar bilan zarar yetkazadiganlarni qattiq ogohlantiradi:
“Mo‘min erkaklar va mo‘mina ayollarga o‘zlari qilmagan ishlar bilan zarar yetkazadiganlar, albatta, o‘zlari tuhmat va ochiq gunohni yuklagan bo‘ladilar.” (Ahzob surasi, 58-oyat)
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam yo‘ldan zararli narsalarni olib tashlashni iymonning bir bo‘lagi, jannatga kirish vositasi va katta xayr-sadaqa deb ta’kidlaganlar. Aksincha, yo‘lga zararli narsalarni tashlab, odamlarga aziyat yetkazish gunoh va itoatsizlikdir.
Yo‘ldan aziyatni olib tashlash – iymonning bir qismi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Iymonning oltmish to‘rt yoki yetmishta bo‘lagi bor. Ularning eng oliysi “Allohdan boshqa iloh yo‘q” deb iqror qilishdir. Eng pasti esa yo‘ldan zararli narsalarni olib tashlashdir. Hayo esa iymonning bir bo‘lagidir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Zarar deganda, yo‘lovchiga aziyat yetkazadigan har qanday narsa tushuniladi: tosh, tikan, suyak, temir, shisha parchasi va hokazo. Shuningdek, ko‘chalarga qurilish qumi, shag‘alini to‘kib qo‘yish ham zarar hisoblanadi. Bunday narsalarni chetga surish yoki tezda o‘z hovlisiga olib chiqib ketish – savobli amaldir.
Har bir kunlik sadaqa… Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam buyurdilar: “Quyosh chiqqan har bir kunda insonning har bir bo‘g‘imi uchun sadaqa bor. Ikki kishi o‘rtasida adolatli bo‘lish sadaqa, odamga, otiga (yoki mashinasiga) yordam berish sadaqa, yaxshi so‘z aytish sadaqa, namozga qarab qo‘ygan har bir qadam sadaqa va yo‘ldan zararli narsani olib tashlash ham sadaqadir” (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).
Demak, har kuni Alloh taolo bizga savob qilish uchun ko‘p imkoniyatlar beradi: adolatli bo‘lish, muhtojga yordam qo‘lini cho‘zish, yaxshi so‘z aytish va yo‘llardagi aziyatlarni bartaraf etish.
Bir kishi yo‘lda ketayotib, tikanli shoxni topib, uni olib tashlagan ekan. Alloh taolo uning bu amalini qabul qilib, gunohlarini mag‘firat qilgan (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).
Imom Muslim rivoyatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam jannatda bir daraxt soyasida turib yurgan odamni ko‘rganlarini aytadilar. Sababi – u dunyoda musulmonlarga aziyat berayotgan daraxtni yo‘ldan kesib tashlagan edi. O‘sha daraxt endi unga jannatda soyasi bo‘lmoqda.
Yo‘lga zarar yetkazish – la’nati ish… Yo‘llarni tozalashga undash bilan birga, ularga zarar yetkazish qattiq qoralangan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurdilar: “Ikki la’natdan ehtiyot bo‘ling: odamlar yo‘lida yoki ular soyalanadigan joyda hojat qiluvchidan” (Imom Muslim rivoyati).
Bu hadis odamlar foydalanadigan yo‘llarga, soyaga va umumiy foydalaniladigan joylarga ifloslik tashlash, transport harakatini to‘xtatadigan narsalarni qo‘yish kabi harakatlarni qattiq taqiqlaydi. Bunday ishlar nafaqat odamlarga jismoniy zarar yetkazadi, balki ularning ko‘nglini xira qiladi va la’natga sabab bo‘ladi.
Ta’kidlab, aytish joizki, yo‘l – nafaqat harakat yo‘li, balki iymon va axloq sinovi maydonidir. Kichik bir toshni chetga surish, tashlangan axlatni olib tashlash, qurilish chiqindilarini tozalash – bularning barchasi katta savobdir. Aksincha, boshqalarga aziyat yetkazish esa ochiq gunoh va la’natdir.
Alloh taolo bizni yo‘llarni toza tutuvchi, musulmon birodarlarimizga qulaylik yaratuvchi bandalaridan qilsin. Har bir qadamimizda, har bir harakatimizda Uning rizosini topish nasib etsin.
Amin.
Muhibulloyev Saidmuhammadxon Dovudxon o‘g‘li
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
