Mayyitni yuvish
80

Shariatimizda mayyitni yuvish farzi kifoya amallardan sanaladi. Mo‘tabar kitoblarimizdan biri “Fathul Qodir»da mayyitni yuvish farzi kifoya bo‘lishi ijmo‘ bilan sobit bo‘lganligi zikr qilingan. Shu kabi so‘zlar ko‘pgina kitoblarimiz, xususan «Fathul Boriy»da ham mazkurdir. Hadisi shariflarda mayyitni yuvish, kafanlash, lahad qazish, janoza namozi o‘qish va shunga o‘xshash ishlar alohida-alohida batafsil bayon qilingan.
Kishining joni uzilish arafasida, ya’ni muhtazar holga kelganda, uning bosh tomonida turib kalimai shahodat aytib turiladi. Chunki Rasululloh ssollallohu alayhi vasallam: “Mayyitlaringizga “La ilaha illalloh”ni talqin qilinglar”, deganlar.
Uning joni uzilgandan so‘ng agar ko‘zlari ochiq qolsa, “Bismillah va ala millati Rosulillah” deb ko‘zlari ohista silab yopiladi. Jag‘ va oyoqning boshbarmoqlari birlashtirib bog‘lanadi.
Murdani yuvishdan avval barcha kiyimlari yechib olinadi. Avrati ko‘rinmasligi uchun kiyimlari yechilayotganda ustiga biror narsa yopib qo‘yiladi. Kindikdan tizzagacha berk bo‘lmog‘i albatta zarur. Zero Rasululloh sollollohu alayhi va sallam Ali roziyallohu anhuga: “O‘likni ham tirikni ham soniga qarama” deganlar. Hazrati Abu Hanifa rohmatullohi alayh ushbu hadisi sharifdan kelib chiqqan holda tiriklar avratiga nazar solish nojoiz bo‘lgani kabi o‘liklar avratiga qarash ham haromdir, deganlar.
G‘assol mayyitni yuvishdan oldin quyidagi duoni o‘qiydi:
“Mayyitni yuvishni Sening isming bilan boshlayman. Allohim men Allohga va uning rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga itoat qilib bu mayyitni hamma najas va kirliklardan, o‘lgan kishini poklash sababli yuvmoqlikka niyat qildim”.
Mayyit yuvilayotganda erkak kishi erkakning avratiga, ayol kishi esa ayolning avratiga qaramaydi. G‘assol va unga yordam beradigan kishilardan boshqalar murdani ko‘rmasligi uchun mayyit yuviladigan joy to‘sib ko‘yilishi mustaxabdir. Mayyitni ustiga yopib qo‘yilgan matosi bilan olib taxta ustiga yotqiziladi.
G‘assol murdani jinsiy a’zolarini qo‘li bilan yuvmaydi ham, ushlamaydi ham, balki qo‘liga latta kiyib o‘sha latta bilan jinsiy a’zolarini yuvadi. Dastlab mayyitning avrati yuviladi. Bu suratda murda orqasi bilan yotqiziladi. So‘ng toza latta olib, murdani tahorat qildiriladi. Lekin, og‘iz-burni chayqalmaydi. Yuzini, so‘ngra qo‘lini tirsagigacha yuvib boshiga mash tortiladi, hamda oyog‘ini ham oshig‘igacha yuviladi. Bundan ksyin murda chap tarafi bilan yotqizilib, o‘ng tarafini uch marotaba yuviladi. Suv taxtagacha yetmog‘i darkor. So‘ngra o‘ng tarafi bilan yotqizilib chap tarafini ham uch marta yuviladi. Bunda ham suv taxtagachga yetishi lozim.
Agar murdaning badani kir yoki hidli bo‘lsa sovunlab yuvish ham mumkin. Chunki yuvishdan maqsad uni tozalash va pokizalashdir. Murda o‘ng va chap tomoni bilan yotqizib yuvilgach, bosh va ko‘krak tomonini bir oz ko‘tarib qo‘yish kerak. Yuvadigan kishi uning qornini sekin pastga silaydi, biror narsa chiqsa yuviladi. Bu xolatda uni yana tahorat va g‘usl qildirish lozim bo‘lmaydi. Mayyitning soch-soqoli olinmaydi. Mo‘ylovi ham qisqartiril-masdan, tirnoq, qo‘ltiq osti yunglari bilan dafn qilinadi.
Mayyit suvda topilsa, murda chiqarilayotgan vaqtda yuvish niyati bilan suv ichida qimirlatiladi. Agar murda titilgan bo‘lsa, suv sepib qo‘yishning o‘zi kifoya qiladi. Ayollarni yuvish hukmi ham erkaklar kabidir. Agar hali shahvat haddiga bormagan yosh bola bo‘lsa, erkak kishi yuvadimi yoki ayol kishi yuvadimi farqi yo‘q.
Bola tirik tug‘ilib, so‘ng o‘lsa, ism qo‘yiladi. katta kishilarnikidek yuvib, kafanlanib, janozasi o‘qiladi. Faqat tahorat qildirilmaydi. Zero, tahorat hayotda namoz farz bo‘lgan kishilarga lozim.
Agar bola o‘lik tug‘ilsa, uni yuvib, lattaga o‘rab, nom qo‘yib, janozasiz ko‘miladi. Agar doya yoki ona bolaning tirik tug‘ilganligiga guvohlik bersa, har ikkalalarning ham guvohligi qabul qilinadi va yuqorida aytib o‘tilganidek janozasi o‘qiladi. Mobodo jasadning yarmi boshi yo‘q holda topilsa yoki yarmini bo‘laklangan holda topilsa, yuvilmaydi ham, janoza ham o‘qilmaydi. Jasadning ko‘prog‘i yoki yarmi bosh bilan birga bo‘lsa, yuviladi va janozasi o‘qiladi. Agar murdaning kofir yoki musulmon ekanligi noma’lum bo‘lib turgan bo‘lsa, undan musulmonlarning belgilari bor yoki yo‘qligiga qaraladi. Agar musulmonlik belgilari topilsa yoki islom diyorlaridan bo‘lgan bir joyda bo‘lsa, yuviladi, bo‘lmasa yo‘q. Murdani yuvuvchi kishi tahoratlik bo‘lishi mustahabdir. Murda yuvuvchi junub, hoiz, kofir bo‘lishi makruhdir. G‘assol tahoratsiz bo‘lishi ulamolar ittifoqi bilan joiz. Fiqh kitoblarimizda murda yuvuvchi kishi mayyitda xushbo‘y hid paydo bo‘lishi, yuzini chiroyli bo‘lib ketishi kabi ajablanarli narsalarni ko‘rsa, odamlarga aytishi mustahab ekanligi hamda noxush hid paydo bo‘lishi, yuzning qorayishi kabi yomon narsalar paydo bo‘lsa aytish nojoizligi bayon qilingan.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi fiqh fani o’qituvchisi Xayrulloh domla Mardonov
