SOXTA SALAFILARGA RADDIYA
23

Darhaqiqat, hozirgi kunda o‘zlarini salaf- solihlarga nisbat berib, amalda esa ularning ijtihodlariga, fatvolariga va butun Islom ummatining ittifoqiga zid fikrlarni targ‘ib qilayotgan firqalar uchrab turibdi. Mana shunday toifalarning ba’zilari hadislarni noto‘g‘ri talqin qilib yoki asl ma’nosini bilmay turib, qabrlarni ziyorat qilish, maqbaralar qurishdan qaytaradilar hamda ushbu ishlarni bajaruvchilarni esa “dindan qaytgan” deb da’vo ham qiladilar. Keling, aslida shariatimizda bu masala aslida qanday ekani va ulamolarimizning bu boradagi xulosalarini ko‘rib chiqamiz.
Qabr ziyorati sunnat amallardan hisoblanadi. Imom Muslim o‘zlarining “Sahihi Muslim” kitobida quyidagi hadis rivoyat qiladi: “Sizlarni qabr ziyoratidan qaytarar edim, ularni ziyorat qiling , chunki u oxiratni eslatuvchidir”. Ko‘rinib turibdiki, qabrlarni ziyorat qilishga payg‘azmbarimiz o‘zlari undamoqdalar, ular iddao qilayotgan hujjatlar esa asosi yo‘q, yoki nasx qilingan. Imom Roziy “Matolib ul- Aliyya” kitobida ziyoratning foydalarini sanab, “Qabr ziyoratida ziyoratchi uchun ham, qabr egalari uchun ham birdek manfaat bor. Islomning avvalgi paytlarida qaytarish sabibi esa, u paytlarda qabr egalari iymon ahllari bo‘lmagan, shuning uchun ziyoratidan, u yerda namozgoh qilishdan qaytarilgan”, jumlalarini keltirib o‘tgan. Xususan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabri shariflarini ziyorat qilish savobli amaldir. U zot marhamat qilib: “Kimki haj qilsa va vafotimdan so‘ng qabrimni ziytorat qilsa, xuddi hayotlik chog‘imda ziyorat qilibdi”, deganlar. Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda: “Kim qabrimri ziyorat qilsa, unga shafoatim nasib bo‘ladi” deganlar. Demak, qabrlarni odob bilan ziyorat qilish mandub amallardan, Nabiy alayhissalomning qabrlarini ziyorati esa ulkan ajrlarni jalb qiluvchi ishdir.
Qabrlarni suvash, sag‘analarni obod qilish ham joiz ishlardan. “Durrul Muxtor” kitobida “Qabrlarni suvash ulamolar ittifoqiga ko‘ra makruh emas, qabr izi yo‘qolib ketmasligi uchun yozib qo‘yishning zarari yo‘q”, deya fatvo berilgan. Qolaversa, sahoba roziyalllohu anhumlar tomonidan ham shu kabi ishlarni amalga oshirganlari naql qilingan. Valid ibn Abdulmalik xalifalik davrida Urva roziyallohu anhu Nabiy alayhissalom qabrlarini nuragan joylarini qayta tiklaganlik xabarlari “Sahihi Buxoriy” kabi ishonchli manbalarda zikr qilingan
Xulosa o‘rnida, qabrlarni ziyorat qilish, ularni turli usullar bilan muhofaza qilish hujjatlar asosida sobit bo‘lgan savobli amallardandir. Bizga dalillarga suyanib, yuqoridagi toifalarning iddaolariga ishonmaslik lozim bo‘ladi.
Ali Zoda Muhammadning “Ibtolu mazhabi al-vahhabiyya” asari asosida
Muzaffar QOSIMOV,
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
