ODAMLAR ORASIDA ADOLAT ILA HUKM YURITISH BUYUK VAZIFADUR

27

Alloh barcha insonlarda nafs deb atalmish bir maxluqni yaratdi.Nafs yaratilganda o‘zini istaklarini va kibrini yaratuvchi zotga ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Masalan yaratib bo‘lib men kim ,sen kim deb so‘raganda men- men, sen- sen deb javob berdi.Alloh taoloni g‘azabi chiqib uni do‘zaxga tashladi, so‘ngra yana men kim, sen kim deb so‘radi. Yana men- men, sen- sen deb javob berdi. So‘ngra uni ochlik bilan azoblagandan so‘ng, men –men sen meni yaratgan zotsan deb tan oldi. Endi o‘ylab ko‘raylikchi nafs o‘zini yaratuvchisi bilan bo‘lgan muomalasi shunday bo‘ladigan bo‘lsa biz bilan qanday muomalada bo‘ladi. Har bir insonda Alloh nafsni yaratib qo‘ygan, u qaysi jasadda mavjud bo‘lsa o‘sha jasadni yoki obod qiladi yoki barbod qiladi.Yoki o‘zini yaratilish xilqatini unsurlarini saqlab qoladi.Demak insonda nafs atalmish xilqat bor ekan ,u o‘zini ta’sirini o‘tkazmasdan ilojisi yo‘q.Shuning uchun nafsni jahlini chiqarmaslik uchun Alloh taolo unga nisbatan adolatlik bo‘lishlikga amr qilmoqda.Nima uchun insonlar adolatsizlikga chiday olmaydilar chunki unda nafs mavjud nafs doimo o‘ziga nisbatan adolatlik muomala qilinishini talab qiladi.Adolatsizlik joriy bo‘lsa darhol norozilik va negatif fikrlar paydo bo‘lib natijada norozilik, parokandalik, urush janjallar paydo bo‘ladi.Bu jamiyat uchun va jamiyat a’zolari uchun zararni, bir – biriga nisbatan ishonchsizlikni va adovatni olib keladi.Adolatsizlikni shuncha zararlarini va biz bilmagan zararlarini hisobga olgan Alloh, bizni adolat qilishlikga amr qilmoqda.

Alloh taolo musulmonlarga yuklayotgan ikkinchi buyuk vazifa–odamlar orasida adolat ila hukm yuritishdir. niso surasin 58 oyatida shunday marhamat qiladi:

Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o‘z ahliga erishtirishni va agar odamlar orasida hukm qilsangiz, adolat ila hukm qilishni amr qilur. Alloh sizlarga qanday ham yaxshi va’z qilur! Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi zotdir.

Bundan tashqari hadislarda ham adolatli bo‘lish va insonlar o‘rtasida  adolatli hukm yuritishlik talab va targ‘ib qilingan.

Hadisi sharifda: «Bir soatlik adolatli hukm, qirq yillik ibodatga tengdir», deyilgan.

E’tibor bilan mulohaza qiladigan bo‘lsak, oyati karimada:

«Agar odamlar orasida hukm qilsangiz» deyilmoqda.

Ha, aynan «odamlar» orasida, musulmonlar orasidagina yoki boshqa biror maxsus toifa orasida emas. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha odamlar orasida adolatli hukm yuritish musulmonlarning burchidir. Voqelikda ham musulmonlardan boshqa hech kim, hech qaysi tuzum yoki jamiyat bu ishni uddalay olmagan. Islomni hukm haqidagi nazariyasiga binoan hukmni va davlatni bardavom bo‘lmog‘i uchun asosiy shart–adolatdir. Iymon asosiy shart emas. Ulamolarimiz, iymonli va adolatsiz hukm uzoq davom etmaydi, ammo hukm adolatli bo‘lsa, bardavom bo‘ladi; ham iymonsiz, ham adolatsiz hukm esa, doimo vaqtinchalik hukm bo‘ladi, deb alohida qayd etganlar.

Bir oyatni o‘zida ikki buyuk asosga–ham omonatga, ham adolatga irshod qilishlik katta marhamatdir. Shuning uchun oyatni davomida:

«Alloh sizlarga qanday ham yaxshi va’z qilur!» deyilmoqda.

Bizning burchimiz esa, Alloh taoloning va’zini jon qulog‘imiz ila tinglab, unga amal qilishdir. Chunki Alloh biz bandalarining bu amrga qanday amal qilayotganimizni eshitib, ko‘rib turibdi.

«Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi zotdir».

Eshitish va ko‘rish esa, oxiratdagi hisob-kitob uchundir. Albatta, Alloh O‘ziga xos eshitish xususiyati bilan hamma narsani eshitadi va o‘ziga xos ko‘rish xususiyati bilan hamma narsani ko‘radi. Hech bir narsa Uning eshitish va ko‘rish qudratidan chetda qolmaydi.

Alloh barchamizni adolatli bo‘lishlik va insonlar o‘rtasida adolatli hukm yuritishlikni nasibi ro‘zi aylasin.

 

Bozorov Abdig‘ani, Xoja Buxoriy islom bilim yurtining tafsir fani o‘qituvchisi