QABR ZIYORATI — O‘LIMNI ESLASH UCHUNMI YOKI BID’AT UCHUNMI?

44

Alhamdulillah, yurtimizda buyuk allomalar, avliyolar va solih zotlarning qabrlari va qadamjolari obod qilinib, ziyorat qilish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Bu — ulug‘larga hurmat va ularning hayotidan ibrat olish uchun juda yaxshi ish.

Biroq ziyorat ham o‘z odob-axloqiga ega. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qabrlarni ziyorat qilinglar, zero u o‘limni eslatadi”, — deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Ziyoratning asosiy maqsadi — o‘limni eslab, oxiratga tayyorgarlik ko‘rish va solih zotlardan ibrat olishdir.

Tavof faqat Ka’ba uchun. Tavof (aylanish) ibodati faqat Alloh taoloning Bayti — Ka’bai muazzamaga xosdir. Qabrlar, qadamjolar yoki boshqa muqaddas joylar atrofini aylanish shar’an qaytarilgan ishdir.

Mulla Ali Qori (rohimahulloh) aytadilar: “Sharofatli maqbaraning atrofini tavof qilib bo‘lmaydi… Chunki tavof ulug‘ Ka’baga xos qilingan ishdir. Payg‘ambarlar va avliyolar qabrlari atrofini aylanish harom bo‘ladi” (“Al-Maslak al-mutaqassit”, 293-bet).

Jaloliddin Gurlaniy (rohimahulloh) ham: “Kim Ka’badan boshqa joy atrofini aylansa, unga kufr xavfi bor”, — deb ogohlantiradilar.

Agar inson bu ishni savob umid qilib qilsa, u bid’ati sayyia (yomon bid’at) sodir etgan bo‘ladi va shirk xavfiga yaqinlashadi. Alloh saqlasin!

Ziyoratning to‘g‘ri yo‘li — qabr ziyorati hanafiy mazhabida erkaklar uchun mustahab, ayollar uchun muboh (savob ham, gunoh ham yo‘q), lekin shar’iy chegaradan chiqmaslik shart.

To‘g‘ri ziyorat qanday bo‘ladi?

Qabr egasiga salom berish;

Qur’on tilovat qilish va o‘likka savobini hadya qilish;

Alloh taologa duo qilish;

O‘limni eslab, o‘z holiga nazar solish va holini isloh qilish.

Ziyoratgohlarda afsuski, ba’zi noto‘g‘ri odatlar uchraydi:

Qabr atrofini aylanish (tavof);

Qabr toshlarini silash-siypalash;

Daraxtlarga latta bog‘lash;

Qabr egasidan farzand, sog‘lik, rizq so‘rash;

Ortiqcha suratga tushish va video olish (bu maqsadni o‘zgartirib yuboradi).

Ayollarimiz hissiyotga tez beriladigan bo‘lgani uchun bunday xurofotlar ko‘proq ular tomonidan sodir bo‘ladi. Shuning uchun ziyoratga borganda hayo va ehtiyotkorlikni kuchaytirish lozim. Erkaklardan holi joyda, ichida Qur’on o‘qib, duo qilib, ortiga qaytish eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Aziz mo‘minalar! Ziyorat — o‘limni eslash va ibrat olish uchundir. Uning maqsadini to‘g‘ri tushunib, bid’at va xurofotlardan saqlansak, bu ish haqiqiy savob keltiradi. Qabrlarni ziyorat qilib, o‘zimizni isloh qilaylik, farzandlarimizga ham shuni o‘rgataylik.

Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam qilsin va solih amallarimizni qabul etsin. Omin!

Adabiyotlar

  1. Imom Buxoriy va Imom Muslim. Sahihi Buxoriy va Sahihi Muslim (Qabr ziyorati haqidagi hadis).
  2. Mulla Ali Qori. Al-Maslak al-mutaqassit. – 293-bet.
  3. Jaloliddin Gurlaniy. Al-Kifoya (Hidoya sharhi). 1-jild.
  4. Hanafiy fiqhiga oid boshqa manbalar: Burhoniddin Marg‘iloniy. Al-Hidoya va uning sharhlari.

Said-Muhammadxon Muhibulloyev

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasi o‘qituvchisi