OMONAT HAMON EGASIDA
30

Islom dini o‘zining mukammal va to‘g‘ri din ekanligini har jabhada isbotlab kelgan va kelajak xudo xohlasa. Inson zoti doimo yashash jarayonida nimagadir mas’ul va nimagadir muhtoj bo‘ladi.Chunki inson zaif maxluqotdir , zaifligi uni muhtojlikga va mas’ullikga chorlaydi.Biz o‘rganayotgan oyat zikr qilingan narsalar haqida xabar beradi. Alloh taolo o‘zining kalomini niso surasin 58 oyatida shunday marhamat qiladi:
Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o‘z ahliga erishtirishni va agar odamlar orasida hukm qilsangiz, adolat ila hukm qilishni amr qilur. Alloh sizlarga qanday ham yaxshi va’z qilur! Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi zotdir.
Oyatni ma’nosini va uning maqsadini yaxshi tushunishlik uchun uning sababi nuzuliga murojat qilamiz.Suralarni va oyatlarni sababi nuzuli ularni yaxshi tushunishlik uchun xizmat qiladi.Hijratning sakkizinchi yili ya’ni fath yilida Hazrati Aliy (r.z.a ) Jahaniylik Usmon ibn Tolhadan ka’bani kalitini majburan olib qo‘ydi. Payg‘ambarimiz (s.a.v) makka shahriga kelgach, Usmon ibn Tolha Payg‘ambarimiz (s.a.v)ni man qildi va dediylarki agarda men uni haqiyqiy payg‘ambar ekanligini bilsam man qilmasdim dedilar.Shunda Payg‘ambarimiz (s.a.v) kalitni Usmon ibn Tolhaga qaytarib berishni buyurdi. Va dediyki bu kalitni abadul — abad olgin dedi. Usmon ibn Tolha ajablandi , shunda Aliy mazkur oyatni tilovat qilib bergandi, Usmon ibn Tolha darhol iymon keltirdi.Umrini oxirlarida bu kalitni ukasi Shaybaga berib ketdi shundan buyon kalit uning farzandlarida hanuz davom etib kelmoqda. Demak omonat o‘z egasida, oyatga amal qilingan, amal qilishlik qiyomatga davr davom etadi xudo xohlasa.
Musulmonlar jamoasiga Alloh taolo amr etgan muhim ishlardan biri–omonatlarni o‘z ahliga erishtirishdir.
Bizning davrimizda, o‘tmishda zo‘r musulmonlar bo‘lgan xalqimizning hozirgi holatida, hamma o‘lchovlar, hamma tushunchalar buzilib ketgan. Shu jumladan, omonatlar haqidagi tushuncha ham buzilgan. Odamlar omonat deganda qimmatbaho narsani boshqa birovning huzuriga saqlab berish uchun qo‘yishnigina tushunadilar. Aslida, omonatni turlari ko‘pdir. Jumladan, ulamolarimiz Allohni bandaga yuklagan omonatlari bor, namoz, ro‘za, zakot, kafforot va nazrlar ham omonatdir, deydilar. Shuningdek, bandalarning bandalardagi turli haqlari ham omonat hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislaridan birida: «Birov senga bir kalima aytib, so‘ngra atrofga qarab qo‘ysa, bilginki, shu so‘z omonatdir», deganlar. Demak, omonat keng tushunilishi lozim bo‘lgan atamadir. Eng buyuk omonat esa, iymon omonatidir. Bu omonat insondan boshqa mahluqotlarga qasdsiz, irodasiz, harakat va yo‘llanmasiz berilgandir. Ular xohlasalar-xohlamasalar, iymonlidirlar. Faqat insongina aqlga va hur irodaga ega bo‘lgani uchun, o‘z irodasi, harakati, qasdi va urinishi bilan mo‘min bo‘la oladi. Xuddi mana shu ona omonatdan boshqa omonatlar tug‘iladi. Iymon omonatini ado qilganlargina Allohning barcha omonatlarini hamda bandalar orasidagi omonatlarni halol ado eta oladilar. Barcha omonatlarni o‘z egalariga erishtirganlargina iymoni haqiqiy kishilar hisoblanadilar. Mo‘minlar ushbu iymon ila jahon xalqlari ichida tanilganlar. Omonatga xiyonat qilishlik, munofiqlikning uch alomatidan biridir. Musulmon inson barcha omonatlarga, jumladan, odamlar ila o‘zaro muomaladagi, moddiy masalalardagi omonatlarga, katta-kichikka nasihat qilish omonatiga, yosh avlodni to‘g‘ri tarbiyalash omonatiga va boshqa omonatlarga rioya etadi, xiyonat qilmaydi. Alloh ko‘rsatmasin, agar xiyonat sodir bo‘lsa, katta xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi. Xiyonatchi hatto shahid bo‘lgan taqdirda ham, gunohi kechirilmasdir!
Imom Ibn Abi Hotim Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam quyidagilarni aytadilar: «Shahidlik omonatdan boshqa hamma gunohlarni yuvib yuboradi. Qiyomat kuni, agar Allohning yo‘lida qatl etilgan bo‘lsa ham, odamni keltirib, omonatni ado qil, deyiladi. U esa: «Qanday qilib uni ado etaman, axir dunyo tugadi-ku!» deydi. Shunda unga omonat jahannamning qa’ridan ko‘rinadi. U tushib yelkasiga ko‘tarib chiqadi. Endi chiqay deganda, yelkasidan omonat tushib ketadi. U ham omonatni izidan tushadi. Shu holat abadiy ravishda davom etadi», deganlar
Demak omonatga beparvo bo‘lmasligimiz va uning qiyomat kunidagi hisobi va azobi haqida doimo fikrda bo‘lishlik talab qilinadi. Tepadagi oyat va hadislar bunga dalil bo‘ladi.Alloh barchamizni zimmamizdagi omonatlarga amal qilishni nasib aylasin.
Bozorov Abdig‘ani
Xoja Buxoriy islom bilim yurtining
tafsir fani o‘qituvchisi
