SUVI KO‘Z SHIFOSI BO‘LGAN O‘SIMLIK
40

Yer osti qo‘ziqorini yerda ekilmasdan o‘sadi. Uning bargi ham, poyasi ham bo‘lmaydi. U bahor faslida chiqadi va arablar uni “momaqaldiroq qizlari” deb atashadi.
Ibn Qayyim “Tibbi nabaviy” kitobida: “Sa’ad ibn Zayd roziyallohu anhu aytadi: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning: “Yer osti qo‘ziqorini manning[1] bir turidir va uning suvi ko‘z uchun shifodir”, deganlarini eshitdim.” Degan hadisdagi so‘zlari haqida uch xil fikr borligini aytadi:
Birinchi fikr: uning suvi ko‘z davosida ishlatiladigan dorilarga qo‘shiladi, ya’ni u yolg‘iz holda ishlatilmaydi. Buni Abu Ubayd zikr qilgan.
Ikkinchi fikr: u qovurilib, so‘ng suvi siqib olinadi va toza holda ishlatiladi. Chunki olov uni yumshatadi, pishitadi, zararli namlik va ortiqcha moddalardan tozalaydi, foydali tomonlarini esa saqlab qoladi.
Uchinchi fikr: bu yerda uning “suvi” deganda yomg‘ir suvi nazarda tutilgan, ya’ni yerga tushadigan ilk tomchilar. Bu qo‘shilish (nisbat) qism emas, balki bog‘lanish ma’nosidadir. Bu fikrni Ibn Javziy aytgan, ammo bu eng uzoq va zaif fikr hisoblanadi.
Yana aytiladiki, agar uning suvi ko‘zni sovitish uchun ishlatilsa, u holda sof holda shifo bo‘ladi. Agar boshqa maqsadlarda bo‘lsa, boshqa dorilar bilan aralashtiriladi.
Ba’zilar esa tajribaga tayanib, uni yolg‘iz holda ishlatish ko‘zga zarar yetkazishi mumkinligini ham aytishgan.
Imom Navaviy shunday degan: to‘g‘ri fikr shuki, uning suvi ko‘z uchun mutlaq shifodir. Uni siqib olib, ko‘zga tomiziladi. U kishi: “Men va boshqalar zamonimizda ko‘r bo‘lib qolgan bir kishini ko‘rdik. U ko‘ziga yer osti qo‘ziqorini suvini surtib, shifo topdi va ko‘rishi qaytdi”, degan.
Imom Termiziy sahih sanad bilan rivoyat qilgan (Ibn Hajar shunday degan): Qatoda aytadi: Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Men uchta, yoki beshta, yoki yettita yer osti qo‘ziqorini oldim, ularni siqdim va suvini bir idishga solib, bir xodimimning ko‘ziga surtdim — u sog‘aydi”, deganini eshitdim.
Ibn Hajar aytadi: Sunnatda kelgan narsalarni sidqidildan qo‘llagan odam undan foyda topadi, Alloh uning niyatiga qarab zararni daf qiladi. Aks holda esa buning teskarisi bo‘ladi. Alloh bilguvchiroqdir.
Bu qo‘ziqorinlar oilasiga mansub bo‘lib, “terfaziylar” deb ataladi. U yovvoyi, mavsumiy qo‘ziqorin bo‘lib, yomg‘ir yog‘gandan keyin cho‘llarda yer ostida 5–15 sm chuqurlikda o‘sadi va oziq-ovqat sifatida ishlatiladi. Odatda uning vazni 30 dan 300 grammgacha bo‘ladi. U cho‘l qo‘ziqorinlarining eng mazali va qimmatli turlaridan biri hisoblanadi.
Yer osti qo‘ziqorini Tadmur cho‘li va uning atrofida, hatto Iroqdagi Anbar cho‘ligacha keng tarqalgan. Rimliklar va yunonlar bu o‘simlikni juda yaxshi ko‘rishgan va uni tan hamda ruh uchun abadiy sog‘lik beradi deb hisoblashgan. Uning o‘ziga xos hid va ta’mi sababli u asosan zodagonlar orasida mashhur bo‘lgan.
Bu o‘simlik juda to‘yimli va mazali bo‘lib, cho‘llarda kartoshkaga o‘xshash tugunak shaklida o‘sadi. Uning shakli dumaloq, go‘shtli va yumshoq bo‘ladi, yuzasi silliq yoki biroz g‘adir-budir bo‘lishi mumkin. Rangi oqdan qora ranggacha o‘zgaradi. Hajmi esa turlicha — ba’zida yong‘oqdek kichik, ba’zida apelsindek katta bo‘ladi.
Mashhur Rim notig‘i Shishiron uni “yer farzandlari” deb atagan. Rivoyat qilinishicha, rimliklar yer osti qo‘ziqorinini qadimda Lesbos oroli, Qartaja va Liviya sohillaridan olib kelishgan.
Yer osti qo‘ziqorini cho‘llarda odatda 10–20 donadan iborat guruhlar holida o‘sadi. Uning tarkibida taxminan 9% oqsil, 13% uglevod (kraxmal), 1% yog‘ mavjud. Shuningdek, u fosfor, natriy, kalsiy va kaliy kabi minerallarga boy. Unda B1, B2 vitaminlari va A vitamini mavjud. Bundan tashqari, inson tanasi hujayralarini qurish uchun zarur bo‘lgan aminokislotalarni ham o‘z ichiga oladi. Tarkibi azot, uglerod, kislorod va vodoroddan iborat bo‘lib, shu jihatdan go‘shtga o‘xshash.
Yer osti qo‘ziqorini temir va kalsiyga boy bo‘lib, organizm uchun foydalidir. U surunkali kasalliklarning oldini olishga yordam beradi, ko‘zlarni himoya qiladi, qon aylanishini yaxshilaydi va suyaklarning o‘sishi hamda mustahkamlanishida muhim rol o‘ynaydi.
Yer osti qo‘ziqorini yoki uning suvini mutaxassis shifokor bilan maslahatlashmasdan yagona davolash vositasi sifatida ishlatish joiz emas.
Hadis yer osti qo‘ziqorini barcha ko‘z kasalliklarini davolaydi degani emas, balki ilm ko‘rsatganidek, ba’zilariga foydali davodir.
Musulmon kishi Allohga tavakkal qilishi, sabablarni ham qilishi va shifo Alloh taoloning qo‘lida ekaniga ishonishi kerak.
Nurulloh XOLIQOV,
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
