FOLBINGA ISHONISH
56

Bugungi kunda jamiyatda turli bashoratchilar, munajjimlar va folbinlarga ishonuvchilar talaygina. Go‘yoki, o‘shalar jamiyat hayotini o‘zgartirib, yaxshilik ato qiladegandek… Aslidachi, aslida ham shundaymi, o‘sha folbinlar yoki munajjimu kohinlar insoniyatga istagan narsasisni bera oladimi, yoki kelajak ishlarni xabarini berib uni o‘zgartira oladimi…? Albatta, yo’q. Ishlarni yaxshilikka o‘zgartirish yoki kelajak haqida xabar berish ya’ni g‘ayb ilmi faqat va faqat Alloh taologa xos ishdir. Bunga bandani aralashishga haqqi yo‘q, Alloh xohlagani bo‘ladi, xohlamagani aslo amalga oshmaydi, garchi butun dunyo birlashib harakat qilsa ham. Alloh taolo Kalomi sharifida g‘ayb ilmi faqat o‘ziga xos ekanini aytib shunday degan:
“Sen: “Osmonlaru yerda Allohdan boshqa hech kim g‘aybni bilmas”, deb ayt”. (Naml surasi 65-oyat). Demak, g‘aybni bilish faqat Allohga xosdir. Allohdan boshqa hech kim – na inson, na farishtalar, na jinlar g‘aybni bilmaydi[1].
Boshqa oyati karimasida shunday degan:
“G‘aybning kalitlari Uni (Alloh)ng huzurida bo‘lib, Ularni uning O‘zidan boshqa hech kim bilmas”. (An’om surasi 59-oyat). Bu haqda oyati karimalar juda ham ko‘p.
Oisha roziyallohu anhodan qilingan rivoyatda shunday deganlar: “Kim (Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam) ertaga nima bo‘lishini biladi deb, o‘ylasa (da’vo qilsa), Allohga buyuk to‘xmat qilibdi..”[2]. Allohning payg‘ambaridek zotga g‘ayb ilmi nisbatini berish mumkin bo‘lmagach, ibodatdan mahrum bir folbin yoki munajjimga qanday nisbat berish mumkin. Ularga buni nisbat berish Allohga shirk keltirish demakdir. Bu haqda ham Payg‘ambar alayhissalom Ibn Mas’ud roziayollohu anhudan qilingan rivoyatda shunday deganlar:
“Kim Folbin yoki sehrgarga borib, u aytgan narsasini tasdiqlasa, Muhammadga nozil qilngan narsaga kofir bo‘libdi”. (Shavkoniy, “Fathul Qodir” 1/183).
Ya’ni, kimdir g‘ayb gapiruvchi folbin yoki munajjimning oldiga boribmi yoki eshitibmi ular aytgan narsalarga ishonib tasdiqlasa va shular aytgan aytgan narsaga amal qilib, oq xo‘roz, qora xo‘roz so‘yib yursa, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan narsa bo‘lmish Qur’oni karimni inkor qilibdi va unga kofir bo‘libdi. Chunki, Qur’oni karimda “Sen: “Osmonlaru yerda Allohdan boshqa hech kim g‘aybni bilmas”, deb ayt”, deyilgan.
Boshiga musibat tushgan inson, hali folbinga hali bunga yugurmay Allohga qaytishi, Unga tavba qilishi, duo qilib so’rashi faqat Ungagina yolvorishi lozim. Nima ish qilsa, Alloh uchun qilishi, jonlik so‘ysa ham shari’at ko‘rsatmasiga asosan Alloh yo‘lida so‘yishi zarurdir. Albatta, har qanday musibat banda uchun Alloh tarafidan kelgan daraja hisoblanadi. Sabr qilsa, ajr oladi, Allohning huzuridagi martabasi ko‘tariladi. Akas holda, sabr qilmay o‘zini o‘tdan cho‘qqa urib yursa, barcha narsadan mahrum bo‘lib qolishi, eng yomoni banda uchun oliy ne’mat bo‘lmish Iymon ne’matidan ham ayrilib qolishi mumkin Alloh saqlasin!
Alloh taolo barchamizni O‘zining to‘g‘ri yo‘lidan adashtrimasin, O‘zidan kelgan sinovlarga go‘zal tarzda sabr qiliuvchilardan qilib, ikki dunyoda oliy martabalarga erishtirsin.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
MUHIBULLAYEV SADMUHAMMADXON tayyorladi
[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. Naml surasi 65-oyati tafsiri.
[2] Ibn Kasir. Tafisri Qur’onil a’zim. Naml surasi 65-oyati tafsiri.
