SHUKR – IYMONNING DALILLARIDANDIR

43

Bandaning Alloh taologa U zot ato etgan oshkora va pinhona ne’matlar uchun shukr qilishi eng ulug‘ ibodatlardan biridir. Ayrim salaflar ta’kidlaganidek, Allohga shukr qilish dinning yarmidir. Shukr – iymonli shaxsning iymoniga dalildir. Qur’oni karimda Allohga shukr qilishga buyuruvchi ko‘plab oyatlar kelgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Agar shukr qilsangiz, albatta sizlarga (ne’matimni) ziyoda qilaman, agar nosukrlik qilsangiz, albatta azobim qattiqdir”. Ushbu maqolada islomdagi shukr tushunchasi, uning ruknlari va foydalari haqida so‘z yuritiladi.

Shukrning ma’nosi: Lug‘atda “shukr” – “ne’matni tan olish”, “uni oshkor qilish” va “uni maqtash” ma’nolarini anglatadi. Alloh tomonidan shukr esa,  rozilik va savob berishdir.

Istilohda ulamolar shukrni bir necha tarzda ta’riflashgan: Munoviy shukrni ikki turga bo‘ladi. Til bilan shukr qilish, bu Alloh taologa hamd va sano aytishdir va a’zolar bilan shukr qilish, bu ne’matga javoban bandaning qalbi, tili va barcha a’zolari bilan Alloh azza va jallaga shukr qilishi orqali namoyon bo‘ladi. Demak, shukr til bilan Allohni maqtash va a’zolar bilan ne’matni Allohga itoat yo‘lida ishlatish.

Ibn Qayyimning ta’rifiga ko‘ra, shukr — Alloh ne’matining asari bandaning tilida e’tirof va hamd bilan a’zolarida esa itoat va ibodat bilan namoyon bo‘lishidir.

Alloh taoloning ismlaridan biri — «Shakur» (ya’ni juda ko‘p shukr qiluvchi, mukofotlovchi)dir. Alloh taoloning to‘qson to‘qqizta go‘zal ismlari bor. «Shakur» so‘zi «shakaro» (shukr qilmoq) fe’lining mubolag‘a shakli bo‘lib, Ibn al-Jazariy «an-Nihoya» kitobida ta’kidlaganidek: «Bandalarning ozgina amallarini ham ko‘paytirib, ulkan savob bilan mukofotlaydi. Uning shukri, bandalarini mag‘firat qilishi» degan ma’noni anglatadi. Yuqoridagi ta’riflardan kelib chiqib, shukrning uchta asosiy ustuni bor:

Banda qalbi bilan ne’matni tan olishi. Allohning ne’matlarini qalbdan e’tirof etish, shukrning muhim qismidir. Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Odamlardan kimdir shukr qiluvchi bo‘lib tongni ottirdi, kimdir esa kofir bo‘ldi…» (oyat nozil bo‘lgan).

Ne’mat haqida so‘zlash va uni maqtash. Alloh taolo Qur’onda shunday marhamat qiladi: «Parvardigoringning ne’matini esa gapir (zikr qil)».

Ne’matni Allohga itoat yo‘lida ishlatish. Bu shukrning uchinchi ustunidir. Qur’onda shunday deyiladi: «Ey Dovud ahli! Shukr qilib amal qilinglar. Bandalarimdan ozginasi shukr qiluvchidir». Bu oyatdan maqsad, Alloh bergan ne’matlarga shukr qilish, u esa Unga itoat qilish va amrlarini bajarish orqali namoyon etishdir.

Shukr va hamd o‘rtasidagi farq: Ulamolar ikki xil fikr bildirgan.

Ayrimlari shukr va hamd bir ma’noda deyishgan. Boshqalar esa farq bor deb ta’kidlashgan. Shukr til, qalb va a’zolar bilan bo‘ladi, hamd esa asosan til bilan bo‘ladi. Shukr ne’mat berilganda bo‘ladi, hamd esa har holatda bo‘lishi mumkin. Hamd — faqat til bilan aytiladi va ne’matga ham, boshqa holatlarga ham tegishli (masalan, “umumiy holatda Allohga hamd” deyish). Shukr — qalb, til va a’zolar bilan bo‘ladi va faqat ne’matga javob sifatida bo‘ladi.

Ulamolar shukrni iymonning dalili sifatida bir necha jihatdan izohlaydilar.

  1. Ne’matni tan olish — Robbini tan olishdir. Inson ne’matni kim berganini anglasa, u Allohning borligi va rahmatini tan olgan bo‘ladi. Bu esa iymonning asosidir.
  2. Shukr — ibodatning bir turidir. Shukr faqat so‘z emas, balki ibodatdir. Ibodat esa iymonning ajralmas qismidir.
  3. Shukr iymonni mustahkamlaydi. Shukr qilgan inson Allohni ko‘proq eslaydi, qanoatli bo‘ladi va gunohdan uzoqlashadi. Bu holatlar esa iymonni kuchaytiradi.
  4. Shukrsizlik — kufrga yaqin holat. Qur’onda shukrning muqobili sifatida “kufr” keltiriladi. Bu esa shukrning qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi.

Shukurning inson hayotidagi ta’siri bor bo‘lib, shukrli inson ruhiy jihatdan xotirjam bo‘ladi, hasad va norozilikdan uzoq bo‘ladi, jamiyatda ijobiy muhit yaratadi.

Ilmiy tadqiqotlar ham minnatdorlik hissi inson psixologiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlaydi. Demak, shukr nafaqat diniy, balki ijtimoiy va psixologik jihatdan ham muhim fazilatdir.

Xulosa

Shukr iymonning muhim belgisi va dalilidir. U insonning qalbidagi iymonni amaliy hayotga ko‘chiradi. Qalb, til va amal uyg‘unligidagi shukr haqiqiy mo‘minlikning ko‘rsatkichidir. Shuning uchun har bir mo‘min kishi berilgan ne’matlarni anglashi, doimo hamd aytishi, ne’matlarni to‘g‘ri yo‘lda ishlatishi lozim. Zero, shukr qilgan banda nafaqat ne’matlarni ko‘paytiradi, balki o‘z iymonini ham mustahkamlaydi.

Utkir Mahmudov

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi