NE’MATLARNING ENG BUYUGI TINCHLIKDIR

19

Alloh taoloning bandalariga bergan ne’matlari juda ham ko‘p ularni sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Bu haqda Alloh taolo o‘zining kalomida shunday marhamat qiladi: “Agarda Allohning ne’matlarini sanasangiz uni hisoblab chiqolmaysizlar” (Ibrohim surasining 34 – oyati). Ushbu oyatdan ma’lum bo‘ldiki, hech bir kishi ne’matni shukrini to‘liq ado qilolmaydi. Alloh taolo bandalariga mehribon va rahmli bo‘lganligi uchun bandalarni kechirdi. Kechirishligini shunday tushunishlik kerakki: ularga o‘zini ehsonini berishlikni uzib qo‘ymaydi, ular shukrni kam qilganligiga azoblamaydi, ozgina shukrga ham rozi bo‘ladi va ularga ko‘p savoblarni berib mukofotlaydi.

Bu ikki ne’mat nima ekanligini bilishlik uchun biz hadisga murojaat qilsak maqsadga muvofiq ish bo‘lardi. Abdulloh ibn Abbos (r.a)dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v) shunday marhamat qildilar: “Ikki ne’mat borki insonlarni ko‘pi uni qadriga yetishlikdan mahrumdir: Sog‘lik va tinchlik. Ushbu ikki ne’matni qadriga yetib harakat qilinsa va undan oqilona va odilona foydalansa insonlar nafaqat dunyosidan balki oxiratidan ham foydalanadilar. Chunki dunyo ishi uchun ham oxirat ishi uchun ham tinchlik juda ham zarur ne’mat hisoblanadi”.

Taraqqiyotga erishish uchun esa ko‘pdan ko‘p qat’iyat va qadriyatlarga qat’iy amal qilish zarur. Bag‘rikenglik, insonparvarlik xislatlarini shakllantirish, millatlararo totuvlik, dinlararo hamjihatlikni, jamiyatda fuqarolar totuvligini mustahkamlash, barcha fuqarolarga, millati va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklar berish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash avvalboshdan O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelyapti. Tinchlik va inson so‘zi havo bilan suvdek egizak tushunchalardir. Chunki inson hamisha tinchlikka tashna bo‘lib, har kuni tinchlikni sog‘inib yashaydi, mudom tinchlik osmonidan nafas olishga intiladi.

Tog‘ning o‘lkan cho‘qqisida turgan burgutga ham, polaponlariga tumsho‘g‘ida suv olib uchayotgan qaldirg‘ochga ham tinchlik kerak. Tinchlik nafaqat insoniyatga, hayvonotga balki nabodotga ham zarur ne’mat hisoblanadi. Masalan, yam- yashil maysalar, nihollar, daraxtlar ham tinchlik bag‘rida o‘sadi. Shunday ekan tinchlikni asrash eng oliy burch hisoblanadi. Tinchlikning bunyodkori ham, buzg‘unchisi ham odamdir!

Qur’oni Karimdagi “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz!” (Moida, 2), oyatida ham yuqoridagi mulohazaning o‘rinli  ekanligini kursatadi.

Islom dini kishilarni tinchlikni asrash va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida iymon, insof, adolat, hamjihatlik va birdamlik bilan harakat qilishga, fitna va o‘zaro adovatga barham berishga chaqiradi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, tinchlikparvarlik islom dinining mohiyatini tashkil etadi.

Tinchlik — farovonlikning muhim omili. Osoyishta yurtda yuksalish bo‘ladi, farovon eldan xotirjamlik ketmaydi. Istiqlol sharofati, davlatimiz rahbarining oqilona siyosati samarasida saodatli, fayzli kunlarga musharraf bo‘lmoqdamiz. Xalqimiz buyuk davlat barpo etish yo‘lida ulug‘ bunyodkorlik ishlari bilan band. Millatimiz tabiatiga xos mehr-oqibat, ahillik, o‘zaro hurmat singan xislatlarning jamiyatimizdagi o‘rnini yanada charog‘on bo‘lishligi, ezgu maqsadlarimiz ijobatining muhim mezonidir. Shu bois el-u yurtimizning eng buyuk boyligi bo‘lgan tinchlikni mustahkamlash, uni doimo asrash har birimizning fuqarolik, farzandlik burchimizdir. Alloh bu borada xizmat qilishda hammamizga O‘zi madad va tavfiq berib qiyomat kuniga qadar yurtimizni tinchlik ne’mati bilan siylasin.

 A.BOZOROV Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi tafsir fani o‘qituvchisi