TAFRIQAGA BO‘LINISHNING ZARARLARI

32

Alloh taolo insonlarni bir ota va bir onadan paydo qilib, ularni Yer yuzi bo‘ylab turli xil millat va elatlar shaklida tarqatib yubordi. Insonlarning bu kabi xilma-xilligi fitriy bo‘lib, Alloh taolo uni ilohiy hikmat ila joriy qildi. YA’ni, bu bo‘linish ajralish uchun emas, balki birlashish va o‘zaro yaqinlashish uchun ekanligini Qur’oni karimda bayon qildi:

“Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).

Dinimizda mana shu haqiqatni bayon qilish orqali insonlarni birlikda va  hamjihatlikda yashashga da’vat etiladi.

Ayni paytda dinimiz bizlarni o‘zaro ixtilof qilishdan, tafriqaga bo‘linishimizdan qaytaradi. Zero, ixtilof va tafriqa insonlarni bir-biridan uzoqlashtiradi, o‘rtada adovat va fitna paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, dinda tafriqaga bo‘linish zalolat sanalib, insonning ikki dunyosini ham barbod bo‘lishiga olib boradi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan: “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting! Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do‘zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo‘lni topgaysizlar, deb, Alloh O‘z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi”  (Oli Imron surasi, 103-oyat).

Ushbu oyatda Alloh taolo O‘zining kalomi bo‘lmish Qur’oni karimni “mahkam tutish”ga buyurmoqda. Shunchaki, uni “ushlang” demayapti. Chunki, ushlangan narsa gohida behosdan qo‘ldan tushib ketishi mumkin. Ammo mahkam tutilganda, uni har qanday holatda ham qo‘ldan qo‘yib yubormaslikka harakat qilinadi. Qolaversa, oyatda bu ishni jamoat bo‘lib, barcha birgalikda qilishga buyurilmoqda. Aks holda, har kim o‘z holicha bo‘lsa, o‘rtada tafovut, kelishmovchilik, tafriqa chiqishi tabiiy holdir. Shuning uchun oyatning davomida “firqalarga bo‘linmang!” deyilmoqda.

Hozirgi kunda biz Alloh taoloning bu amrini to‘g‘ri tushunib olishimiz kerak. “Firqalarga bo‘linmang!” dedimi, biz o‘zaro nizo va adovatlarni yig‘ishtirib, firqalarga bo‘linishni to‘xtatishimiz kerak.

Qachonki bizlar Qur’oni Karimni mahkam tutish uchun birlashib, yonma-yon turar ekanmiz, oralarimizdagi adovat ham yo‘qola boshlaydi, o‘zaro hamjihatlik rivoj topadi.  Qur’onning mo‘jizasi ham shunda, aslida. Bir tarafdan Alloh taoloning “firqalarga bo‘linmang!” degan oyatlarini zikr qilib tursagu, boshqa tarafdan olimlarni, imomlarni, mazhablarni, boshqa musulmonlarni va ular qilayotgan ishlarni tanqid qilib tursak, oyatga zid ish qilgan bo‘lmaymizmi?! Darvoqe’, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali ulamolarni, boshqa mo‘minlarni, diniy tashkilotlarni tanqid qiladiganlar ko‘payib ketdi. Holbuki, oyati karimada mo‘minlarning birodar bo‘lib yashashlari Allohning ne’mati ekanligi, aynan birodarlik tufayligina do‘zax chohi yoqasidan omon qolish mumkin ekanligi eslatilmoqda.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam:  “Albatta Alloh taolo sizlar uchun uch narsada rozi bo‘lib, uch narsada norozidir. Allohga biror narsani sherik qilmasdan ibodat qilsangiz, Allohning arqoni bo‘lmish Islomni jam bo‘lib mahkam ushlab, firqalanib ketmasangiz, rozi bo‘ladi. Ammo “dedi-dedi” deb, behuda gapni ko‘paytirsangiz, ko‘p savol bersangiz va mol-dunyoni behudaga sarf qilsangiz, sizdan norozi bo‘ladi”, – dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytadilar: “Albatta meni ummatim zalolatga jamlanmaydi, shunday ekan, qachon ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga savodi a’zamni (ya’ni, eng ulug‘ jamoani)  lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Qalbida Allohdan qo‘rquvi bo‘lib, hikmat egasi bo‘lgan kishi hech qachon Islom dunyosi ulamolari Firqatun nojiya (najot topuvchi toifa), deb ijmo’ qilgan, ahli sunnat val jamoatga qarshi chiqib, yangi firqalar tuzmaydi, boshqa firqalarga ergashmaydi! Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Alloh taolo mening ummatimni zalolatga jamlamaydi. Allohning qudrat qo‘li jamoat uzradir. Kimki jamoatdan ajralsa, ajralib jahannamga kiradi” (Imom Termiziy rivoyati).

Islom tarixida qanchadan-qancha mazhablar, firqalar chiqqan bo‘lsa-da, ulamolar ularning yo‘llari to‘g‘riligiga ijmo’ qilmaganligidan, tezda yo‘qolib ketishdi. Ahli nojiya deb e’lon qilingan ahli sunnat val jamoat haq bo‘lganligi sababli o‘n to‘rt asrdan beri yashab kelmoqda.

Afsuski, ba’zi hikmat ilmi berilmagan kimsalar o‘zlarini olimu dono fahmlab, “shu yo‘lim to‘g‘ri” deb, turli-tuman firqalar tashkil qilmoqda. Ularga farosat va hikmat ilmi berilganida edi, islomning mohiyatidan xabardor bo‘lib, aslo firqalarga bo‘linmas edilar.

Din ilmini bilmay turib, Islom dini nomidan targ‘ibot va tashviqot qilayotgan har qanday kimsaga ergashib ketaverish yaramaydi! Ayniqsa, zamonaviy elektron vositalari, internet tarmoqlari orqali tarqatilayotgan diniy mavzudagi ma’lumotlarning hammasi ham sof islom g‘oyasiga, bizning aqidamizga to‘g‘ri kelavermaydi. Shuning uchun internet tarmog‘idan foydalanadigan farzandlarimizdan ogoh bo‘laylikki, toki ular ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib, aldanib qolmasinlar.

Diniy ilmi yetarli bo‘lmagan kishining ilmsiz tarzda fatvo berishi ham odamlar orasida tafriqaga sabab bo‘luvchi omillardan biri sanaladi. Diniy ilmi bo‘lmagan kishining olimlikni da’vo qilishi takabburlikdir.

Demak, odamlarga va’z aytishga faqat mutasaddi rahbarning yoki u tomonidan ijozat berilgan olim kishilarning haqqi bor. Ulardan boshqa kim voizlik qilsa, demak, bu – uning manmanligidan, o‘ziga bino qo‘yganligidandir.

 

Muzaffar QOSIMOV,

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari