DINNI MODDIY MANFAAT MANBAIGA AYLANTIRMANG
49

Islom dini – bu insoniyatni ikki dunyo saodatiga yetaklovchi muqaddas yo‘ldir. Islom bu Alloh taoloning muqaddas dini bo‘lib, bandalarning ikki dunyoda saodatga erishishi uchun Alloh tomonidan berilgan ulug‘ ne’matdir. Biroq ba’zi kimsalar dinning sof va muqaddas tushunchalarini o‘zlarining dunyoviy, moddiy manfaatlariga erishish uchun vosita qilib olishadi. Bu nafaqat axloqsizlik, balki ulkan ma’naviy jinoyatdir. Bugungi kunimizda ham ba’zi kimsalar Islomning hijrat, jihod, shahidlik va ehson kabi muqaddas tushunchalarini noto‘g‘ri talqin qilib, o‘z diniga muhabbati bor, dindoshi uchun joni va molini ayamaydigan musulmonlarni aldab ularni jihod, hijrat va shahidlik da’volari bilan hozirgi kunda urush ichida bo‘lgan turli mintaqalarga chaqirayotganlar uchrab turibdi. Ularning da’volariga ishonib borganlarni esa turli toifadagi din dushmanlarining xizmatini qiladigan jangari jamoatlarga sotib yubormoqdalar. Dinning muqaddas tushunchalarini niqob qilib, insonlarni aldash, ularning mol-mulkini o‘zlashtirish va siyosiy maqsadlarda foydalanish Islom ta’limotiga ziddir. Zero Islomda jihodning oliy maqsadi Allohning kalomini yuksaltirish, zulmni to‘xtatish va musulmonlarni himoya qilish bo‘lib, Islom shariatida jihod vojib bo‘lishi uchun ham bir qancha shartlar mavjud. Jihod bu xohlagan kishi o‘zicha amalga oshiradigan ish emas. Ammo ba’zi bir toifalar bu muqaddas tushunchani o‘zicha talqin qilib moddiy boylik topish manbai qilib olgan. Yaqin tarixda ko‘rdikki ba’zi toifalar jihod nomi bilan musulmonlarni qonini to‘kishdi, mollarini talashdi va yurtlarini vayron qilishdi. Alloh taolo Qur’oni karimning Niso surasi 94-oyatida shunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Alloh yo‘lida jihodga chiqsangiz, aniqlab olinglar va sizga salom bergan kimsaga, mo‘min emassan demanglar”.
Jihod va hijrat kabi tushunchalarni iqtisodiy foyda, odam savdosi yoki qurol yarog‘ savdosi uchun vositaga aylantirganlar — Islomning eng kata dushmanlaridir. Ular dinning muqaddasligini poymol qilib, musulmonlarni dunyoga “terrorchi” yoki “molparast” sifatida ko‘rsatishmoqda.
Shunday ekan musulmon inson har-bir ishida dinni to‘g‘ri fahmlagan ulamolarga ergashmog‘i maqsadga muvofiqdir, shunda dunyo va oxiratda najot topadi. Din-sotiladigan matoh emas, balki amal qilinadigan hayot nizomidir. Har-bir musulmon o‘z so‘zi va amalida “Alloh ko‘rib turibdi” degan tuyg‘u bilan yashashi, muqaddas tushunchalarni dunyo matohidan baland tutishi lozim.
Muzaffar QOSIMOV,
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
