BIR HADIS SHARHI
43

Horisa ibn Vahb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom: “Sizlarga ahli jannatning xabarini beraymi? Har bir zaifhol va zaifhol sanalgandir. Gar Allohga qasam ichsa, U Zot uning qasamini yuzaga chiqaradi.
Sizlarga ahli duzax xabarini beraymi? Har bir qo‘pol, sarkash va mutakabbirdir”, dedilar. Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar.
Horisa ibn Vahb roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning inson tabiati, axloqi va oxiratdagi oqibatlar haqidagi chuqur hikmatli ta’limotlaridan biridir. Ushbu hadisda jannat va do‘zax ahliga xos sifatlar juda qisqa, lekin mazmunan nihoyatda keng tarzda bayon qilingan.
Jannat ahlining sifatlarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam jannat ahlini ta’riflar ekanlar, ularni “zaifhol va zaifhol sanalgandir” deb bayon qiladilar. Bu yerda “zaiflik” jismoniy kuchsizlikni emas, balki dunyo mansabi, boyligi yoki obro‘si bilan ko‘zga tashlanmaydigan, kamtar va sodda insonlarni anglatadi. Boy badavlat bo‘lishi mumkin biroq, boyligini ko‘z-ko‘z qilmaydigan, sadaqa yoki xayr ehson qilganda ham birovlarga bildirmasdan qiladigan, sho‘hratdan qochadiganlar va kimligini bildirmay yuradigan, faqatgina Allohning roziligini ko‘zlagan insonlar nazarda tutilgan.
Bunday insonlar, kibr va g‘ururdan yiroq bo‘ladilar, odamlar orasida katta maqom talab qilmaydilar, qalblari pok va ixlosli bo‘ladi. Hadisda yana ularning yana bir buyuk fazilati aytilgan. Agar ular Alloh nomiga qasam ichsalar, Alloh ularning qasamini ro‘yobga chiqaradi. Bu esa ularning Allohga yaqinligi, duolari qabul bo‘ladigan bandalar ekanini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam do‘zax ahlining sifatlarini ham ochiq bayon qiladilar. Ular, qo‘pol (odamlarga qattiqqo‘l va rahmsiz), sarkash (haqiqatni qabul qilmaydigan), mutakabbir (o‘zini boshqalardan ustun qo‘yadigan)lardir. Bunday sifatlar insonni Allohdan uzoqlashtiradi. Kibr esa eng xatarli illatlardan biri bo‘lib, u Iblisni halokatga olib borgan gunohdir. Mutakabbir inson o‘z kamchiliklarini ko‘rmaydi, haqni tan olmaydi va boshqalarni mensimaydi.
Hadisdan olinadigan foydalar:
Ushbu hadis bizga juda muhim haqiqatni o‘rgatadi. Alloh nazdida insonning qadri uning tashqi ko‘rinishi, boyligi yoki mansabi bilan emas, balki qalbi va axloqi bilan o‘lchanishi;
Kamtarlik va ixlos insonni yuksaltirishi;
Kibr va g‘urur insonni halokatga yetaklashi;
Allohga yaqinlik qalb pokligi bilan bog‘liqligi;
Inson aslida o‘zi zaifhol, zaifholligini tan olish lozimligi;
Odamlarga mehr-shafqat bilan muomala qilish jannatga olib borishi va h.k.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, bu hadis har bir mo‘min uchun hayot dasturi bo‘lishi mumkin. Inson o‘zini doimo tekshirib turishi, qalbida kibr bor-yo‘qligini kuzatishi va kamtarlikni o‘z hayotining asosiy tamoyiliga aylantirishi lozim. Jannatga eltuvchi yo‘l – bu ixlos, kamtarlik va yaxshi axloq yo‘lidir. Do‘zaxga eltuvchi yo‘l esa – kibr, qo‘pollik va sarkashlikdir.
Alloh taolo barchamizni jannat ahlidan qilishini va shunga sabab bo‘ladigan amallarda bardavom bo‘lishimizni nasib qilsin.
O‘tkir Mahmudov
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
