Ramazon hayiti — silai rahm va qalblarni yaqinlashtirish ayyomi

26

Ramazon hayiti — islom ummati uchun eng ulug‘ bayramlardan biri bo‘lib, u faqatgina ro‘za ibodatining yakunlanishi emas, balki inson qalbini poklash, axloqni yuksaltirish va ayniqsa qarindosh-urug‘lar bilan munosabatlarni mustahkamlash imkoniyatini beradigan muborak kundir. Bu ayyomda silai rahm qilish — ya’ni qarindoshlar bilan aloqani bog‘lash va mustahkamlash — alohida ahamiyat kasb etadi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda silai rahm haqida shunday marhamat qiladi:

“…Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani sherik qilmanglar, ota-onaga, qarindoshlarga yaxshilik qilinglar…” (Niso, 36).

Ushbu oyatda Alloh taolo O‘ziga ibodat qilish bilan bir qatorda qarindoshlarga yaxshilik qilishni buyurmoqda. Bu esa silai rahmning naqadar ulug‘ amal ekanini ko‘rsatadi.

Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ham silai rahmning fazilati haqida ko‘plab hadislar aytganlar. Jumladan:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Kimni rizqi kengaytirilishi va ajali ortga surilishi masrur qilsa, qarindoshlariga silai rahm qilsin», dedilar».

Ikki Shayx rivoyat qilishgan.

Yana bir hadisda:

“Silai rahm qiluvchi — yaxshilikka yaxshilik qaytaruvchi emas, balki u bilan aloqa uzgan qarindoshi bilan ham aloqani tiklovchidir”, deb ta’kidlaganlar.

Bu hadislardan ma’lum bo‘ladiki, silai rahm qilish nafaqat qarindoshlik rishtalarini saqlash, balki uzilgan aloqalarni tiklash, kechirish va bag‘rikenglik ko‘rsatishni ham o‘z ichiga oladi.

Ramazon oyi insonni sabrga, kechirimlilikka va mehr-oqibatga o‘rgatadi. Shu bois hayit kuni ushbu fazilatlarni amalda namoyon qilish uchun eng munosib fursatdir. Ko‘pincha insonlar turli sabablar bilan bir-biridan ranjib, uzoqlashib ketishadi. Lekin hayit — bu ko‘ngil xiraliklarni unutib, qalblarni yaqinlashtirish ayyomi.

Alloh taolo yana shunday deydi:

“Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmaydi. Yomonlikni eng go‘zal yo‘l bilan daf eting. Shunda siz bilan o‘rtasida adovat bo‘lgan kishi go‘yo yaqin do‘stingizga aylanadi” (Fussilat, 34).

Bu oyat insonlarni kechirimli bo‘lishga, yomonlikka yaxshilik bilan javob qaytarishga chorlaydi. Ayniqsa hayit kunlari bu amallar yanada savoblidir.

Silai rahmning yana bir muhim jihati — qarindoshlarni ziyorat qilishdir. Bu nafaqat ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlaydi, balki inson qalbiga ham huzur bag‘ishlaydi. Kattalarni ziyorat qilish, ulardan duo olish, kichiklarga mehr ko‘rsatish — hayitning eng go‘zal an’analaridandir.

Bugungi kunda ayrim insonlar dunyo tashvishlari bilan bo‘lib, qarindoshlaridan xabar olmaslik holatlari ko‘p uchramoqda. Ayniqsa, yoshi katta qarindoshlar e’tiborga muhtoj bo‘ladilar. Ramazon hayiti esa ularni ziyorat qilish, holidan xabar olish va xursand qilish uchun eng yaxshi imkoniyatdir.

Shuningdek, muhtoj qarindoshlarga yordam berish ham silai rahmning muhim qismi hisoblanadi.

Salmon ibn Omir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi:

Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Sizlardan birortangiz ro‘zasini ochmoqchi bo‘lsa, xurmo bilan og‘iz ochsin, chunki xurmo barokatdir. Agar xurmo topa olmasa, suv bilan og‘iz ochsin, chunki suv pokizadir!…» So‘ng bunday dedilar: «Miskin kishiga berilgan sadaqa — bitta sadaqadir, qarindoshga berilsa — ikkitadir: bittasi — sadaqa, bittasi — silai rahm».

Bu esa insonni nafaqat saxovatli bo‘lishga, balki yaqinlariga e’tiborli bo‘lishga ham undaydi.

Xulosa qilib aytganda, Ramazon hayiti — bu faqat bayram emas, balki qalblarni poklash, uzilgan aloqalarni tiklash va silai rahmni mustahkamlash imkoniyatidir. Har bir musulmon bu qutlug‘ kunda qarindoshlarini yo‘qlab, ularga mehr ko‘rsatib, o‘zaro munosabatlarni yanada yaxshilashga intilishi lozim. Zero, silai rahm — dunyo va oxirat saodatiga eltuvchi muhim amallardan biridir.

Alloh taolo barchamizni silai rahm qiluvchilardan aylasin va Ramazon hayitini barchamiz uchun barakali va xayrli qilsin.

Nurulloh XOLIQOV,

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi