Inson hayotida eng ko‘p o‘ylanadigan masalalardan biri – rizq masalasidir. Ko‘pchilik rizqni faqat moddiy boylik bilan bog‘laydi. Aslida esa, rizq tushunchasi ancha keng bo‘lib, unga sog‘lik, vaqt, ilm, xotirjamlik kabi ne’matlar ham kiradi. Shu bilan birga, rizqni topishda tavakkul ya’ni Allohga suyanish masalasi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Islom ta’limotiga ko‘ra, barcha rizqning yagona beruvchisi Alloh taolodir. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:

“Yerda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (ta’minoti) Allohning zimmasida bo‘lmasa!”. (Hud surasi, 6-oyat).

Yana bir oyatda:

“Zero, Allohning o‘zi Razzoq (rizq beruvchi), quvvatli va Matin (qudratli)dir”. (Zoriyot surasi, 58-oyat)

Bu oyatlar insonga shunday haqiqatni anglatadi: rizqni inson emas, balki Alloh taqsimlaydi. Inson faqat sabablarga amal qiladi.

Tavakkul – bu barcha sabablarni qo‘llagan holda natijani Allohga topshirishdir. YA’ni inson harakat qiladi, ammo qalban Allohga suyanadi.

Qur’onda shunday deyiladi:

“Kimki Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) o‘zi unga kifoya qilar”. (Taloq surasi, 3-oyat).

Bu oyat tavakkul qilgan inson hech qachon yolg‘iz qolmasligini ko‘rsatadi.

Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺ tavakkulni juda chiroyli misol bilan tushuntirganlar:

“Agar sizlar Allohga haqiqiy tavakkul qilganingizda edi, U sizlarni qushlarni rizqlantirganidek rizqlantirar edi. Ular ertalab och chiqib, kechqurun to‘q qaytishadi”. (Imom Termiziy rivoyati).

Bu hadisda muhim nuqta bor: qushlar inlarida o‘tirib olmaydi, balki harakat qiladi. Demak, tavakkul – bu harakatsiz o‘tirish emas.

Yana bir hadisda:

Bir kishi tuyasini bog‘lamay: “Tavakkul qildim”, dedi. Shunda Payg‘ambar ﷺ:

“Avval uni bog‘la, keyin tavakkul qil”, dedilar. (Imom Termiziy rivoyati).

Bu hadis tavakkulning asl mohiyatini ochib beradi: sababni qilish va Allohga suyanish.

Islomda insonga harakat qilish buyurilgan. Rizq tayin qilingan bo‘lsa-da, uni topish uchun harakat qilish kerak.

Qur’oni karimda:

“Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz!”. (Jum’a surasi, 10-oyat).

Bu oyat musulmon inson faqat ibodat bilan cheklanib qolmasdan, halol mehnat bilan rizq topishi kerakligini ko‘rsatadi.

Ayrimlar tavakkulni noto‘g‘ri tushunib, harakatsizlikni oqlashga urinishadi. Aslida esa tavakkul – harakat bilan birga bo‘ladi. Yalqovlik – harakatsiz kutishdir. Islomda yalqovlik qoralanadi. Payg‘ambarimiz ﷺ duolarida hatto shunday deganlar:

“Allohim! Men Sendan ojizlik va yalqovlikdan panoh so‘rayman”.
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Xulosa qilib aytganda, rizq va tavakkul tushunchalari bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir. Musulmon inson rizqni Allohdan deb bilib, sabablarni bajaradi va natijani Allohga topshiradi. Haqiqiy tavakkul insonni xotirjam qiladi, uni tashvish va qo‘rquvdan xalos etadi. Shu bilan birga, u insonni mehnatdan to‘xtatmaydi, balki yanada faol bo‘lishga undaydi.

Qodirov Omon,
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi