Intiqib kutilgan Ramazoni sharif ham tez fursatda nihoyasiga ham yetdi, albatta bu oyning tugashi har bir mo’min-musulmonni mahzun qiladi. Butun musulmonlarni qut’lug’ bayrami Iydi fitr ya’ni hayit bayramiga yetib keldik, bu bayram oddiy bayram amas, bu bayram Alloh taoloni mo’min bandalariga mukofot beradigan bayramdir, bu bayram haqiqiy shodlanadigan bayramdir, bu bayram har bir musulmonu g’oyri musulmonning qalbiga shodlik kiradigan bayramdir. Ramazon oyida tutilgan ro’zalar, o’qilgan tarovihlarning mukofoti aynan shu kundan buyuk Robbimiz Alloh taolo tarafidan biz mo’minlarga hayitlik tarzida ulashiladigan bayramdir, ba’zilar o’ylagandek, “fotihama-fotiha” yuriladigan “motom” kuni emas, hursandchilik, shodlik va ayniqsa bolalar yanaham mamnun bo’ladigan kundir.

Albatta, bu kunning sunnat va odoblari bor bo’lib, ularni bilish maqsadga muvofiq bo’ladi va bayramni yanada kutarinki kayfiyatda, maqbul tarzda o’tishga olib keladi.

Sunnat va odoblari quyidagilardir:

  1. Hayit namoziga chiqishdan oldin yuvinib olish, (bunda hayit namoziga chiqmaydiganlar bir xil, masalan ayollar, bular bayram uchun tayyorlanadilar),
  2. Ramazon hayitiga chiqishdan oldin xurmo kabi shirinlik yeb chiqish, qurbon hayitida esa hayit namozidan keyin shirinlik yeyish,
  3. Hayit kuni namozga ketishda takbir aytib borish,
  4. O’zaro tabriklashish, hayitliklar ulashish,
  5. Ikkala hayit namoziga ham chiroyli bo’lib chiqish ya’ni, imkon bo’lsa, yangi libos keyish, unday bo’lmasa, yuvib tozlangan keyim keyish (uyda keyib yurgan libosdan boshqa alohida liboslar keyish, huddi to’yga borganda keyib yasangandek, yasanish),
  6. Hayit namoziga borishda boshqa yo’l bilan, qaytishda boshqa yo’l bilan qaytishdir.

Qur’on tarjimoni nomini olgan ulug’ sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo hayit kuni namozgohga borishdan oldin g’usl qilib olar edilar. (Imom Molik “Muvatto” 428-hadis)

Imom Navaviy rohimahulloh butun ulamolar hayit namoziga g’usl qilish mustahab amallardan ekaniga ittifoqini aytib o’tganlar.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr kuni (Iydi fitr) xurmolar yemaguncha bormas edilar. Va ularni toq holda (3-5 ta qilib) yer edilar”, deganlar. (Imom Buxoriy rivoyati 953-hadis).

Fitr hayitida shirinlik yeb chiqish sunnatligi, bu kunda ro’zador bo’lishdan qattiq qaytariq borligi, ramazonni nihoyasiga yetganini e’lon qilishdir. Fitr hayiti bayrami kuni Alloh taolo o’z bandalarini mehmon qiladigan kun, shuning uchun ro’zador holatda bo’lish yaxshi emas.

Iyd kuni takbir aytish ham ulug’ sunnat amallardan sanaladi. Bu amal Alloh taoloning ushbu kalomidan olingan:

وَلِتُكۡمِلُواْ ٱلۡعِدَّةَ وَلِتُكَبِّرُواْ ٱللَّهَ عَلَىٰ مَا هَدَىٰكُمۡ وَلَعَلَّكُمۡ تَشۡكُرُونَ١٨٥

“Sanog’ini mukammal qilishingiz va sizni hidoyatga boshlagan Allohni ulug’lashingiz uchun. Shoyadki, shukr qilsalaringiz”, (Baqara surasi 185-oyat).

Ramazonni ro’zasini to’liq qilib tutish uchun hidoyat berib, kuch-quvvat berish ham Allohni marhamati va ne’matidir. Shuning uchun U Zotni ulug’lab takbir aytish kerak hamda bu kunga yetqazganiga shukrlar aytish zarur hisoblanar ekan.

Takbbirni namozgohga kelgunga qadar yo’lda aytib kelinadi, har xil gap-so’zlar qilinmaydi. Takbirni boshlanishi iyd kuni kechqurundan boshlanadi. Takbir quyidagicha aytiladi:

الله أكبر ألله أكبر لا إله إلا الله والله أكبر ألله أكبر ولله الحمد

 Allohu Akbar Allohu Akbar laa ilaaha illallohu vallohu Akbar Allohu Akbar valillaahil hamd

Hayit bilan tabriklash, shirn so’zlar bilan bo’ladi. Bunda hamma turlicha tabriklashi mumkin. Masalan: “Alloh taolo sizu bizdan qabul qilsin”, yoki “Hayit muborak”, “Hayit bayrami bilan tabriklayman” va shunga o’xshash go’zal so’zlar bilan tabriklashish mumkin.

Jubayr ibn Nufayrdan qilingan rivoyatda u kishi shunday deganlar: “Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning sahobalari hayit kuni bir-birlari bilan uchrashib qolsalar. “Sizdan va mendan Alloh qabul qilsin” der edilar. Albatta, o’zaro tabriklashishlar go’zal axloqlardan sanaladi va musulmonlar orasida shodlikni izhor qilish va bir-birlariga chiroyli muomalada bo’lsihning namunasidir.

Hayit bayramiga chiroyli bo’lish ham sunnatlardandir. Jobir roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda shunday deganlar: “Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning ikki hayit va jum’aga kiyadigan jubba (yengi uzun usti keyim)lari bo’lar edi”. (Sahihi Ibn Xuzayma 1765-hadis).

Imom Bayhaqiy sahih sanad bilan qilgan rivoyatida shunday degan: “Albatta, Ibn Umar roziyallohu anhumo hayit bayrami uchun eng chiroyli keyimini keyar edilar”. Shunday ekan, erkak kishi bu narsaga e’tiborli bo’lib, hayti namoziga chiqish oldi o’zida bor eng yaxshi va chiroyli keyimlaridan keyib chiqishi zarur bo’ladi.

Ammo ayollar uyidan tashqariga chiqishida ziynatlanib chiqishdan saqlanishi kerak, chunki begona erkaklarga u sepgan atir hidi yetsa, ayolga gunoh yoziladi. Agar eri o’z mashinasida olib, bayram munosabati bilan ota-onasini uyiga olib borsa, ziynatlanishida zarar yo’q, faqat nomahramlarga ko’z-ko’z qilmasligi muhim.

Hayit namoziga borib kelish yo’llari boshqa-boshqa bo’lishi ham sunnatda kelgan odoblardan bo’lib, Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan qiilingan rivoyatda shunday deganlar: “Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam iyd kuni bo’lsa, yo’lni boshqa qilar edilar (turli yo’ldan yurar edilar)”, (Imom Buxoriy rivoyati 986-hadis). Bu ishning hikmatlaridan biri Qiyomat kuni usha yurgan yo’llari guvohlik berishi hamda shu ikki yo’lida islom shiorlari bo’lmish hayit namozini va bayramini boshqalarga namayon qilishdir va yo’lida uchragan muhtojlarga hayitlik berib, borib kelishdir, deyilgan.

Muhibullayev Saidmuhammadxon tayyorladi