Qadr kechasi Muboarak Ramazon kechalaridan bo‘lib, buyuk va muborak kechadir. Alloh taolo Qur’oni karimni aynan shu kechada nozil qila boshlaganini xabarini bergan. Bu kechani sha’nini ulug‘, qadrini baland qilgan. Demak, bu kecha ulug‘ va undan kelib chiqadigan barakalar buyuk hisoblanadi. Bu kecha dunyo yili hisobi bo‘yicha 1000 (ming) kechdan afazaldir. Bu degani bir odamni 80 yildan oshiq umri demakdir. Bu kechada farishtalar tushishi juda ko‘p bo‘lib, xayr-barakalar yog‘iladigan, yomonlik va balolardan salomat bo‘linadigan kechadir.

Bu kecha Ramazonning qaysi kechasi ekani borasida Payg‘ambar alayhissolom o‘z hadisi shariflarida shunday marhamat qilganlar:

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “U (Qadr kechasi) oxirgi o‘n kunlikda, u to‘qqiz kun o‘tganda yoki yetti kun qolganda (bo’ladi)”.

Ya’ni, qadr kechasini Ramazonning oxirgi o’n kunligidan izlash kerakligi, ayniqsa toq kechalari 23-25-27-29-kechalari bo‘lishi ehtimoli bor ekan. Shuning uchun oxirgi o‘n kunlikni yana ham g‘animat bilish kerkaligi, xatm va tarovih namozlariga mahkam bo‘lish kerakligi ma’lum bo‘lmoqda. Chunki, xatm va tarovihga e’tiborsiz kishi qadr kechasidan g‘aflatda qolishi mumkin. Qiyomul layl (tunni ibodat bilan o’tkazish) 20 raka’at tarovihni o‘qish bilan bo‘ladi, shuning o’zi kechani qoim qilish bo‘ladi, mana shu ishni mahkam ushlansa, insha Alloh Qadr kechasini topiladi.

“Qadr kechasi” deb nomlanishi, qadri va sharafi ulug‘ bo‘lgani hamda bu kechadagi toat-ibodatlar o‘ta qadrli bo‘lishi bo‘lsa ajab emas. Alloh taolo bu kechani aniq kunini bandalardan maxfiy tutish hikmati esa, bandalar bu kechani topishda jiddu-jahd qilsinlar, ibodat va yaxshiliklarni ko‘paytirsinlar uchundir.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan boshqa bir hadisda Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar:

“Kim Qadr kechasini iymon bilan va savob umidida qoim qilsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom bu muborak kechaning fazlini bayon qilmoqdalar. Va kim bu kechaga yetib, kechani qoim qilsa, namoz o’qish, Qur’on tilovati va boshqa toat-ibodatlar bilan ihyo qilsa, Alloh taolo bu bandaning oldingi gunohlarini kechib yboradi, (faqat bandalar o‘rtasidagi oldi-berdilar bundan mustosno, bu haqlar o‘z egasiga berilishi shart), Alloh bilan banda o‘rtasida haqlarni Alloh mag‘firat qilar ekan.

Ramazon sharif tugashiga sanoqlar kun va kechalar qoldi, bu kun hamda kechalarni g‘animat bilib, ko‘p zikru-tasbih, istig‘forlar, Qur’on tilovatlar, namozlar va muhtojlar holidan xabar olish, ularni ko’ngilini ko‘tarish bilan o‘tkazishga shoshilishimiz zarur.

Alloh taolo barchamizga bu ulug‘ kunlarni barakoti va fayzidan nasibador aylab, gunohlarimizni mag‘firat qilishini so‘rab qolamiz.

 

Muhibullayev Saidmuhammadxon tayyorladi

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi