Inson dunyoga kelib birinchi anglaydigan tushunchasi nima? Albatta,  yaxshilik! Go‘dakning ongida eng birinchi bu yaxshi, bu yomon, degan tushuncha paydo bo‘lib, ana shu filtr orqali dunyoni anglay boshlaydi. Masalan, issiq narsaga tegma, qo‘ling kuyadi, deyilsa, uning yomonligini, kitob yoki ruchkani keltirib berganda uni maqtab qo‘ysangiz, qilgan ishi yaxshi ekanini fahmlaydi. Xursand bo‘lib ketsa, shu ishni yana qilib, qayta-qayta olqish eshitishni istaydi. Ha, inson ilk qadamlarini qo‘yishi bilanoq, yaxshi va yomonni ajrata boshlaydi. Ulg‘aygach, yaxshilik ham ibodat ekanini, Qur’onda inson yaxshilikka buyurilganini, hadislarda yaxshilik qiluvchilar maqtalganini bilib, yaxshilik so‘ziga boshqacha yondoshadi. Yaxshilik barcha yutuq va najot kaliti, saodat saroyiga olib boruvchi eng oson chiqiladigan zinapoyadir.

Alloh taolo “Niso” surasining 36-oyatida bandalarini ezgu ishlarga chorlab : “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shniyu begona qo‘shni, yonigizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtonchoq kishilarni sevmaydi”, deya marhamat qiladi.

Jobir ibn Abdulloh Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisda:  “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir yaxshilik sadaqadir”, deganlarini aytib o‘tgan.

Xo‘sh, yaxshilikni o‘lchovi, biror bir belgilangan miqdori bormi? Yo‘q, Islomda  ikki kishining bir-biriga jilmayib qarashi ham, birodarining chelagiga o‘z chelagidan suv quyib berishi ham, aksirganda “Sog‘ bo‘ling!” deyishi ham, ko‘chada kishilar yo‘liga tushib yotgan tosh yoki o‘tinni oyog‘i bilan chetga surib qo‘yishi ham uni jannatga yetaklaydigan yaxshiliklardan hisoblanadi.

Yaxshilik, u qanday bo‘lmasin-kattami, kichikmi, nomi yaxshilik bo‘lsa, pulidan yoki molidan sadaqa qilib, savob olgandek bo‘laveradi.  Shuning uchun har birimiz katta-kichik, arziydi-arzimaydi, demasdan, yaxshilik borki, hammasini qilishning payida bo‘lishimiz kerak. Shu bilan birga, o‘sha qilingan yaxshilikning har biridan bizga sadaqaning savobi yetishi, nomai a’molimizga yozilishi, oxiratda manfaat berishini unutmasligimiz lozim.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak bir jamiyatda yashaydigan kishilar orasida bir-biriga ma’ruf ish ya’ni yaxshilik qilish Islomning muomala  bobidagi bosh ta’limotlaridan hisoblanadi.

Bizga qilingan yaxshilikni oz sanamay, chin dildan Allohga shukr etib, o‘sha shni qilgan insonni duo qilsak, samimiy minnatdor bo‘lishni bilsak, yaxshilik eshigining keng ochilishiga sababchi bo‘lishi mumkin.

Xoja Buxoriy oislom ta’lim muassasasi o’qituvchisi Mardonov Xayrullo