EHSONNING MUKOFATI EHSON
29

Hozirgi kunimizda aytishimiz mumkinki, biroz bo‘lsa-da, qo‘ni-qo‘shnichilik borasida kamchiliklarimiz yetarli. O‘z oilamizdan ortmagan holda qo‘ni-qo‘shnilar bilan aloqalarimiz uzoqlashib bormoqda. Xalqimizda “Uzoqdagi qarindoshdan yoningdagi qo‘shni afzal”, degan gap bor. Qolaversa, yaxshi kunlarimizda ham, og‘ir damlarimizda ham bizlarga yelkadosh bo‘ladigan qo‘shnilarimiz ekani ayni haqiqat. Bu borada “Manhal hadis” kitobida kelgan ushbu ma’lumotlarni keltirish o‘rinli bo‘lsa kerak.
عن أبى هريرة رضي الله عنه عن النبي صلى الله عليه وسلم أنه قال:
«يا نساء المسلمات لا تحْقِرَنَّ جارة لجارتها و لو فرسن شاة»
— رواه البخاري-
Abu Hurayra roziyallohu anhudan: Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Ey, muslima ayollar, biringiz qo‘shningizning hadyasini past sanamasin. Garchi u (hadya etilayotgan narsa) qo‘y tuyog‘i bo‘lsa ham”.
Imom Buxoriy rivoyati
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam garchi arzimas narsa bilan bo‘lsa-da, baxillikni ketkazib, do‘stlikni (o‘zaro mehr-shafqatni) uyg‘otuvchi bo‘lgan hadya ulashishga qiziqtirmoqdalar. Shuningdek, tirikchilik ishlariga ko‘maklashish, arzimas narsa bo‘lsa ham hadya ulashishga targ‘ib qilmoqdalar. Chunki u yaqinlikka namoyon qiluvchi, kulfatni arituvchi, xarajatlarni kamaytiruvchi, beruvchi va oluvchiga oson ishdir. Har vaqt ham ko‘p hadya berishga qodir bo‘linmaydi. Biroq oz-ozdan berib turilsa, ko‘pga aylanadi. Shuning uchun ham bir ayol qo‘shni ayolning hadyasini past sanamasin va garchi u arzimas bo‘lsa ham xijolat qilmasin. U berayotgan narsasi otning hamda qo‘yning tuyog‘i bo‘ladimi, farqi yo‘q.
Ushbu hadisdan maqsad – hadya qilishga undash yoki hadyani rozi bo‘lib qabul qilishga chaqirishdir.
Birinchisi (hadya qilishga undash degan)ning ta’vili: Bir ayol qo‘shnisiga har qancha arzimagan narsa bo‘lmasin, uni hadya qilishni past sanamasin, deganidir.
Ikkinchisi (hadyani rozi bo‘lib qabul qilish degan)ning ta’vili: Qo‘shnisi har qancha arzimas narsa bersa ham, past sanamasin, deganidir.
Hadis ushbu ikki ma’noni ham qamrab oladi, deyish avlodir.
Qo‘yning tuyog‘ini zikr qilinishidan murod – haqiqiy tuyoq emas. Balki bu yerda oz narsani hadya qilish va qabul qilishda mubolag‘a ishlatilgan. Chunki odatda tuyoq hadya qilinmaydi. Tabiiyki yo‘qdan ko‘ra bor yaxshi.
Bu yerda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarga xitob qildilar, holbuki shariat hukmlarning aksarida erkaklarga xitob bo‘lar edi. Bu hadisda ayollarga xitob qilishining sababi – ayollar g‘oliban hadya ulashish, olish borasida bevosita ishtirok etadilar.
Qo‘shni, deb keltirilishning sababi ham g‘oliban va aksar hollarda qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida uchraydi. Aslida nahy barcha hadya qiluvchi va qilinuvchini, qo‘shni uzoq bo‘lsa ham, begona bo‘lsa ham o‘z ichiga oladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, biror bir qo‘shnimi yoki insonmi beriladigan hadya va exsonni kam sanamasdan qabul qilib, exson soxibini xaqqiga duo qilishi lozim bo‘ladi. Ayniqsa boshimizdagi ramazon oyida qlingan hadya va exsonlarning savobi boshqa oylardagiga nisbatan ziyoda ajir beriladi.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi Xayrulla Mardonov
