Shariatda  miskin va faqirlarning haqqi bulgan sadaqalardan biri Ramazon oyida chiqariladigan fitr sadaqasidir.

Alloh taolo:

«Batahqiq, kim zakotila poklansa va Robbisi ismini zikr qilsa, najotga erishur», degan (A’la, 14—15).

عَنْ كَثِيْرِ بنِ عَبْدِ اللهِ عَنْ أَبِيْهِ عَنْ جَدِّهِ t أَنَّ رَسُولَ اللهِ ﷺ سُئِلَ عَنْ هَذِهِ اْلآيَةِ فَقَالَ: نَزَلَتْ فِي زَكَاةِ الْفِطْرِ. رَوَاهُ ابْنُ خُزَيْمَةَ.

Kasir ibn Abdullohdan, u otasidan, otasi bobosidan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ushbu oyat haqida so‘ralgan edi. «Fitr sadaqasi nozil bo‘lgan», dedilar».

Ibn Xuzayma rivoyat qilgan.

Sharh: Yuqorida zikr qilingan oyat fitr sadaqasining farrzlig haqidadir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan aytilganidan keyin hech qandoq gap-so‘zga o‘rin qolmaydi.

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ t قَالَ: فَرَضَ رَسُولُ اللهِ  ﷺزَكَاةَ الْفِطْرِ طُهْرَةً لِلصَّائِمِ مِنَ اللَّغْوِ وَالرَّفَثِ وَطُعْمَةً لِلْمَسَاكِينِ مَنْ أَدَّاهَا قَبْلَ الصَّلاَةِ فَهِيَ زَكَاةٌ مَقْبُولَةٌ وَمَنْ أَدَّاهَا بَعْدَ الصَّلاَةِ فَهِيَ صَدَقَةٌ مِنَ الصَّدَقَاتِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَابْنُ مَاجَةَ وَالْحَاكِمُ وَصَحَّحَهُ.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr zakotini ro‘zador uchun behuda gap-so‘z va harakatlardan poklanish va miskinlar uchun taomlanish bo‘lsin, deb farz qildilar. Kim uni namozdan oldin ado qilsa, u maqbul zakot bo‘lur. Kim uni namozdan keyin ado qilsa, sadaqalardan bir sadaqa bo‘lur».

Abu Dovud, Ibn Moja va hokim rivoyat qilgan va «sahih» deyishgan.

Sharh: Fitr sadaqasi va fitr zakoti bir-birining o‘rniga o‘tishi, sadaqa va zakot so‘zlari bir-birining o‘rniga ishlatilaverishi aytib o‘tilgan edi. Ushbu rivoyatdagi «namoz»dan murod, iydi fitr namozidir. Fitr sadaqasini iydi fitr namozidan oldin berish zarur ekanini shu yerdan bilib olamiz.

Hanafiy mazhabida sadaqai fitr vojib hisoblanadi. U sadaqa Ramazondan fitr(og‘iz ochiqligi)ga chiqish munosabati ila berilgani uchun ham fitr sadaqasi nomini olgan.

Fitr sadaqasi ikkinchi hijriy sanada joriy qilingan. Boshqa sadaqalar moldan qilinsa, bu sadaqa kishi boshidan qilinadi.

Ushbu sadaqa nima uchun shariatimizda joriy qilinganining sababi, hikmati yuqoridagi rivoyatdan ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Ro‘zador uchun behuda gap-so‘z va harakatlardan poklanish bo‘lsin, miskinlar uchun taomlanish bo‘lsin, deb joriy qilingan.

Ro‘zador odam Ramazon oyida ro‘za tutar ekan, gohida bilib-bilmay turli gaplar og‘zidan chiqib ketgan bo‘lishi, shuningdek, ba’zi noqulay amallarni qilib qo‘ygan va shu sababdan ko‘ngli g‘ash yurgan bo‘lishi mumkin. Ana o‘sha g‘ashliklarni yuvib yuborish uchun sadaqai fitr to‘lash joriy qilingan.

Fitr sadaqasi miskinlarga beriladi, ular uni taom qilib yeydilar, xursand bo‘ladilar. Iyd kunlari quvonchlariga quvonch qo‘shiladi. Shuning uchun ham har o‘lkada o‘sha yerning eng keng tarqalgan taomidan sadaqai fitr berilsin, deyilgan. Shunda eng ko‘p odam manfaat olgan bo‘ladi.

Fitr sadaqasi huru qul, erkagu ayol, yoshu qari, boyu kambag‘al, hamma-hammaga vojib bo‘ladi. O‘zida yo‘qlarning nomidan ularga nafaqa berish lozim bo‘lgan kishilar beradi.

Hanafiy mazhabi bo‘yicha puli va moli nisobga yetgan kishigina sadaqai fitr berishi vojib bo‘ladi. Lekin amalda jumhurning moli nisobga yetmaganlar ham beraverishi kerak, degan so‘zi joriy bo‘lgan.

Rivoyatlarda bayon etilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida fitr sadaqasi xurmo, arpa, mayiz, qurt va bug‘doydan berilgan. Mazkur taomning qiymatini bersa ham bo‘ladi. Avval aytib o‘tilganidek, fitr sadaqasi ro‘zadan chiqish munosabati ila beriladigan sadaqadir.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, yuqoridagi oyat va xadislardan ma’lum bo‘ladiki, fitr sadaqasini xar bir jon boshidan berish vojibligi kelib chiqadi. Iyd  kuni bayram va xursandchilik kunidir. Bu kunda fitr sadaqasini miskinlarga berilsa, ular uni taom qilib yeydilar, xursand bo‘ladilar.

 “ Hadis va hayot” kitobi asosida tayyorlandi.

 Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi Xayrulloh Mardonov