Ramazon — ehson va saxovat oyi

52

Ramazon — yaxshilik va ehsonlar oyi. Bu oyda mo‘minlar nafaqat ro‘za tutib, namoz va tilovatni ko‘paytiradilar, balki saxovat, mehr-muruvvat va yordam qo‘lini cho‘zish kabi ezgu amallarga ham alohida e’tibor beradilar. Chunki Ramazon inson qalbini poklab, uni boshqalarga yaxshilik qilishga undaydigan muborak oydir. Shuning uchun ham bu oyda zakot, fitr sadaqasi va turli ehsonlar orqali miskin va muhtojlarga yordam berish, jamiyatda mehr-oqibatni mustahkamlash katta fazilat sanaladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham fitr sadaqasining hikmatini bayon qilib, u ro‘zadorni behuda so‘z va xatolardan poklashini hamda miskinlar uchun yegulik bo‘lishini aytganlar. Shuningdek, zakot va sadaqa inson molini poklab, unga baraka keltiradi hamda jamiyatdagi boy va kambag‘al o‘rtasidagi mehr-oqibat ko‘prigini mustahkamlaydi. Shu sababli Ramazon oyi mo‘minlar uchun ibodat bilan birga saxovat va ehsonni ko‘paytirishning eng go‘zal fursati hisoblanadi.

Alloh taolo aytadi:

“Namozni to‘kis ado etinglar, zakot beringlar va Rasulga itoat qilinglar. Shoyadki, rahm qilinsangiz”. Nur surasi, 56-oyat.

Yana boshqa bir oyatda Alloh taolo aytadi:

“Mollaridan sadaqa ol. Bu bilan ularni poklaysan, tozalaysan. Ularning haqlariga duo qil. Albatta, duoing ular uchun taskindir. Alloh o‘ta eshituvchidir, o‘ta biluvchidir”, deydi. Tavba surasi, 103-oyat.

“Zakot” so‘zi lug‘atda “poklik” va “o‘sish” degan ma’nolarni anglatadi. Zakot bergan kishining moli poklanadi. Zakoti berilgan molga baraka kiradi, ko‘payib, o‘sadi.

Shar’iy istilohda: “Zakot — maxsus moldan maxsus juzni maxsus shaxsga Allohning roziligi uchun shariatda tayin qilingandek mulk qilib berishdir”.

“Maxsus mol” — nisobga yetgan mol demakdir.

“Maxsus juz” — zakot beruvchining mulkidan ajratiladigan miqdordir.

Abdulloh ibn Abu Avfo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Biror qavm sadaqa olib keladigan bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma solli alayhim” der edilar.

Abu Avfo sadaqa olib kelganda ham: “Allohumma solli ‘alaa aali Abi Avfa”,deb aytganlar”.

Imom Buxoriy va Muslim rivoyati.

Imom Shofi’iy aytadilar: “Zakotni olgan odam xohlasa, zakot bergan odamning haqqiga: “Berganingga Alloh ajr ato qilsin, poklovchi qilsin, qolganiga baraka bersin”, desin”.

Zakot, sadaqa, nazr, kafforat yoki shunga o‘xshash narsalarni bergan odamning: “Robbanaa! Taqobbal minnaa, innaka antas-samii’ul ‘aliym” deyishi mustahabdir.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam fitr zakotini (sadaqasini) ro‘zadordan sodir bo‘ladigan lag‘v ya’ni behuda gap-so‘z va rafas ya’ni fahsh gaplarni poklovchi va miskinlar uchun yegulik etib farz qildilar.

Kim hayit namozdan oldin ado etsa, u maqbul zakotdir. Kim namozdan keyin ado etsa, sadaqalardan bir sadaqa bo‘ladi  ya’ni, fitr zakoti emas, odatiy sadaqalardan bo‘lib qoladi.

Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati.

Imom Vaki’ ibn Jarroh aytdilar:

“Ro‘zadorning Ramazon oyida beradigan fitr sadaqasi namozdagi sahv (xato) sajdasiga o‘xshaydi. Sahv sajdasi namozning nuqsonlarini to‘ldirgani kabi, fitr sadaqasi ham ro‘zaning kamchiliklarini to‘ldiradi”.

Fitr sadaqasiga qodir bo‘lganlar mollaridan beriladigan fitr sadaqasini iyd namoziga chiqishdan avval ajratish mustahab ekaniga barcha ulamolar ittifoq qilishgan. Lekin qancha muddat avval berish borasida turli fikrlar aytilgan:

Abu Hanifa rahmatullohi alayh: “Bir-ikki yilligini avvaldan berib qo‘ysa ham ado bo‘laveradi”, deydilar.

Hanbaliylar: “Namozdan bir-ikki kun avval berish mumkin”, deyishadi.

Shofi’iylar: “Ramazon kirganidan keyin ado qilinsa bo‘ladi”, deyishadi.

Lekin iyd namozigacha ado qilmagan bo‘lsa, zimmasidan soqit bo‘lmagani bois umrining oxirigacha qaysidir kunda berib qo‘ysa ham bo‘ynidan soqit bo‘ladi.

Shayx Muhammad G‘azzoliy rohimahulloh aytadi:

“Farz qilingan zakot cho‘ntaklardan olinadigan soliq emas, balki u eng avvalo insonlarga mehr-muruvvat va rahm-shafqat tuyg‘u, shiorlarini singdirish, turli tabaqalar o‘rtasida tanishuv va ulfatlik munosabatlarini mustahkamlashdir.

Qur’oni karimda zakot berishdan maqsad, g‘oya bayon etilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xitoban:

“Mollaridan sadaqa ol. Bu bilan ularni poklaysan, tozalaysan. Ularning haqlariga duo qil. Albatta, duoing ular uchun taskindir. Alloh o‘ta eshituvchidir, o‘ta biluvchidir”, deyilgan.

Tavba surasi, 103-oyat.

Shuningdek, zakot joriy etilishining eng muhim hikmatlaridan biri – nafsni tubanlik kirligidan tozalash va jamiyatni oliy darajaga ko‘tarishdan iboratdir”.

 

 Nabiy sollallohu alayhi vasallam:“Zakot — Islomning ko‘prigidir”, deganlar.

Zakot berish bilan bevalar, yetimlar, nogironlar va muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilinadi. U insonlar o‘rtasida aloqalarni yaxshilab, boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi ko‘prik bo‘ladi. Zakot beruvchini pulga muhabbatdan, baxillik kabi qalb kasalliklaridan asraydi. Zakot insonni pulga hirs qo‘yishdan himoya qilib, har bir yaxshilik Alloh taolodan ekanini tushunishiga sabab bo‘ladi.

Hadislarda sadaqaning ko‘plab fazilat va foydalari ham zikr qilingan. Shulardan bir nechtasini sanab oʻtsak.

  1. Baloni daf qiladi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, sadaqa Robbning g‘azabini o‘chiradi va yomon o‘limni daf qiladi», dedilar”.

(Ibn Hibbon rivoyati).

  1. Gunoh va xatolarga kafforot bo‘ladi.

Ikrimadan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoga: «…Chunki u och qolganni to‘ydiradi va xuddi suv olovni o‘chirgandek, xatoni o‘chiradi», dedilar”.

(Termiziy rivoyati).

  1. Banda u bilan do‘zax azobidan saqlanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Hatto bir dona xurmo bo‘lagi bilan bo‘lsa-da, do‘zaxdan saqlaning», dedilar.

(Muttafaqun alayh).

  1. Mol-dunyoni muhofaza qiladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Mollaringizni zakot bilan o‘rab, himoyalanglar», dedilar.

(Taboroniy rivoyati).

  1. Bemorlarga davo bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Bemorlaringizni sadaqa bilan davolanglar», dedilar.

(Bayhaqiyning “Sunani”dagi rivoyat).

Xulosa qilib aytganda, zakot va sadaqa inson molini poklaydi, unga baraka keltiradi hamda jamiyatda mehr-oqibatni mustahkamlaydi. Ramazon oyida bu kabi ehsonlarni ko‘paytirish orqali mo‘min kishi nafaqat muhtojlarga yordam beradi, balki o‘z molini poklab, Allohning roziligiga erishishga ham sabab topadi.

Alloh taolo barchamizni O‘zining roziligiga erishadigan bandalaridan qilsin, qilgan sadaqa va ehsonlarimizni dargohida qabul aylasin.

Zokirov Izzatulloh
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi 4-kurs talabasi.