FARZLARDAN KEYINGI ENG SUYUKLI AMAL
28

Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, bu yilgi ramazon oyi har yilgidanda boshqacha kayfiyatda, juda ko‘tarinki ro‘hda boshlandi. Sababi bu yil ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha muhtaram yurtboshimizning alohida qarorlari qabul qilinishi va bu yilgi ramazon oyini “Ramazon – mehr-muruvvat, ahllik va shukronalik oyi” shiori ostida o‘tkazish belgilanganligi alohida ahamiyatga ega.
Muhtaram yurtboshimiz yurtimizda amalga oshirilayotgan har bir xayrli ishda bosh qosh bo‘lganlaridek, bu fazilatli oyda ham barchamizga bu borada namuna bo‘ldilar. Hadislarda keladi, Rosululloh alayhissalom ramazon oyi kirishi bilan saxovatlari yanada ziyodalashib ketar, borlarini berib barchani xursand qilishga oshiqar edilar. Muhtaram yurboshimiz davlat rahbari bo‘lishi bilan bir qatorda Rosulullohning suyukli bir ummati sifatida mazkur muborak nabaviy sunnatga amal qildilar.
Bu yilgi Ramazon oyida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat xayru-muruvvat ko‘rsatish, yetim bolalarga yordam ko‘rsatish bilan bir qatorda davlatimiz tarixchiligida birinchi marta yurtimizda xizmat qilayotgan diniy soha xodimlari ham anashu muruvvatdan bahramand bo‘ldilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir” deb, marhamat qilganlar.
Shu ma’noda, Ramazon oyi nafaqat ro‘za tutish, balki inson qalbini poklash, bir-birimizga mehr-muruvvat ko‘rsatish, muhtojlarga yordam berish, oilalarda ahillik va birdamlikni mustahkamlash oyidir. Bu muborak oyda qilingan har bir xayrli amal, ayniqsa muhtoj insonlarni quvontirish, yetim-yesirlarga mehr ko‘rsatish, qariyalar holidan xabar olish kabi ishlar Alloh taolo nazdida ulkan savoblarga sabab bo‘ladi.
Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan xayr-saxovat ishlari, inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash kabi ezgu ishlar xalqimiz orasida mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlamoqda. Bu esa jamiyatda o‘zaro hurmat, birodarlik va hamjihatlikni kuchaytiradi.
Har birimiz ushbu fazilatli oydan unumli foydalanib, ko‘proq xayr-ehson qilishga, muhtojlarning holidan xabar olishga, insonlar qalbiga quvonch ulashishga harakat qilishimiz lozim. Zero, inson qalbiga xursandchilik kiritish Alloh taolo nazdida eng suyukli amallardan biri hisoblanadi. Xabarlarda kelishicha mazkur oyda naflga farzning, farzga boshqa oylardagi yetmishta farzning savobi berilishi aytilgan. Shu bois hamma o‘zini ibodatga, sadaqa va ehson berishga urib, bu oyning har bir kunini g‘animat bilmog‘i lozim.
Alloh taolo barchamizni ushbu muborak oyning fazilatlaridan bahramand etsin, qilgan ibodatlarimizni qabul aylasin. Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xalqimiz orasida mehr-oqibat va hamjihatlik bardavom bo‘lsin.
O‘tkir Mahmudov
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
