QALBNI JILOLASH YO’LI
33

Inson uchun qalb pokligi juda muhim sanaladi. Qalb pok bo’lmasa, barcha yomonliklarga eshik ochib beradigan bo’ladi. Qalbni poklash yo’llarini ulamolarimiz sodda qilib bayon qilib ketganlar. Shulardan biri ruhiy tarbiya olimlaridan Atoulloh Sakandariy rohimahullah shunday tavsiya berganlar: Qalbni jilolashga to’rt narsa yordam beradi: 1) ko’p zikr qilish, 2) kam gaplikni odat qilsh, 3) yolg’iz Alloh bilan qolish, 4) oz yeb-ichish.
Inson nima qilish bilan Allohni ko’p zikr qiluvchilardan bo’ladi deyilsa, Imom Vohidiy o’z tafsirlarida Ibn Abbos roziyallohu anhumoning ushbu so’zlarini keltirganlar, Ibn Abbos roziyallohu anhumo shunday dedilar: “Agar namozlar ketidan Allohni zikr qilsa, ertayu-kech, yotganda ham, uyqudan uyg’onganda ham, uyidan chiqqanda va kirganda ham Allohni zikr qilsa, (ko’p zikr qiluvchi bo’ladi)”.
Shuning uchun ulamolarimiz bizning yurtlarimizda sunnatga muvofiq besh vaqt namozdan keyin jamoat holda bo’lsin, yolg’iz holda bo’lsin zikr tasbehlar aytishga, salovatlar va Qur’on tilovat qilishga o’rgatib ketganlar. Musulmon odam kunlik zikrlarni qilib yursa, uyqudan turgandagi, taomlansih oldidan va undan so’ngi zikrlar, uydan chiqish, kirishdagi zikrlar, ulovga minganda va tushgandagi zikrlar, hatto hojatga kirganda, chiqqandagi zikrlarni qilishga odatlansa, haqiqiy zokirlardan bo’ladi. Bularni qilish uchun ko’p mehnat ham talab qilinmaydi.
Shayx Abu Amr ibn Salohdan inson qachon Allohni ko’p zikr qiluvchilardan bo’ladi deb, so’ralganlarida shunday javob bergan ekanlar: Agar sunnati nabaviyda kelgan tongi va kechki zikrlarga odatlansa, barcha vaqt va turli holatlar tunda ham kunduzi ham shunga bardavom bo’lsa, Allohni ko’p zikr qiluvchilardan bo’ladi.
Kam gaplik ham qalbni poklashga yordam beradi. Chunki kam gapirgan odam ko’p narsadan omonda bo’ladi. Avvalo boshqani g’iybat qilish, hafa qilib qo’yish, noto’g’ri gap aytib qo’yishlardan salomat bo’ladi.
Yolg’izlikni odat qilish esa, tafakkur qilishga va mulohaza qilishga yordam beradi, shu orqali Allohning qudratini yaxshi anglaydi va o’z nafsi xatolarini hisob-kitob qiladi, bu esa, yuksalishga turtki bo’ladi.
Oz yeb oz ichish ham qalb pokligi uchun muhim omillardan sanaladi. Inson ko’p yeyishga odatlanishi qalbni o’ldirish va dangasalikni keltirib chiqaradi. Qorni to’ygach turli nafs istaklarini bajargisi kelib qoladi. Shuning uchun “Qorin to’ydi, g’am ketdi” deb bejizga aytilmagan. Bu turli kasalliklarga ham sabab bo’ladi. Demak, Qalbni poklashni istagan har bir musulmon kishi, yuqorida keltirib o’tilgan ulamolar ko’rsatmalariga amal qilsa, maqsadiga tez yetadi.
Muhibullayev Saidmuhammadxon
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
