QUR’ON O‘QISH FAZILATI (davomi…)

7

Arabiston tamonlarda XIV asr oldin tuya eng qimmat baho hayvon hisoblangan. Chunki tuya “Sahro kemasi” deb nom olgandi. Sababi qumli sahroda xuddi kema suvda suzganidek qumda bemalol harakat qiladigan hayvon faqat tuya edi. Tuyaning o‘ziga xos xususiyati qumda bemalol yo‘radigan va bir necha kun suv ichmasdan o‘zini o‘rkachidagi yog‘ini hisobidan harakat qila oladigan hamda og‘ir yuklarni ko‘tarishlikda tengi yo‘q noyob qobiliyati bor hayvon hisoblangan. Tuya boshqa hayvonlardan ajrab turadigan mazkur xislatlari bilan bebaho hisoblanadi. Asri saodatda texnika rivojlanmagan davrda hamma insonga tirikchilik uchun tuya o‘ta zarur va o‘z navbatida juda qimmat ham bo‘lgan. Shuning uchun insonlarni orzulari va qalblaridagi niyatlari mazkur maxluqqa nisbatan kuchli istak va kuchli hirs bilan mavj urub turganligi  uchun, insonlarni qiziqtirishlik maqsadida muhim ishlar va amallarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’ondan bir yoki ikki oyat o‘qishni eng qimmat baho tuyaga ega bo‘lishdan afzal qo‘yganlar. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda bu haqda shunday deyilgan: Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Biz suffadaligimizda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (huzurimizga) chiqib: «Sizlardan qaysi biringiz har kuni Buthon yoki Aqiq nomli yerga borib, u yerdan ikki katta o‘rkachli tuyani, gunohga botmagan holda va qarindoshlardan aloqani uzmagan holda olib kelishini yaxshi ko‘radi», deganlarida, biz: «Ey Allohning rasuli, unday bo‘lishini yaxshi ko‘ramiz», deb aytdik. Shunda u zot: «Sizlardan biringiz masjidga borib, u yerda Qur’on o‘rganib yoki Alloh azza va jallaning kitobidan ikki oyat o‘qish ikki tuyadan yaxshiroqdir. Uch oyat o‘qishi uch tuyadan yaxshiroqdir. To‘rt oyat o‘qishi to‘rtta tuyadan yaxshiroqdir. YA’ni oyatlarning adadlari tuya adadlaridan yaxshiroqdir», dedilar». (Imom Muslim rivoyati) Ushbu hadisda birgina oyat evaziga beriladigan ajrning naqadar ulkan bo‘lishi aytib o‘tilmoqda. Shu o‘rinda bir narsani ham ta’kidlab qo‘yish lozim. Kimdir bu hadisni o‘qib, bir oyatga bir tuya ekanda, deb beriladigan ajrni past deb bilmasin. Avvalambor hozirgi kunda ham tuyalar juda qimmat, bundan tashqari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida minishga eng qimmat va obro‘li ulov tuya bo‘lgan. Shuning uchun u zot tuyani misol qilganlar. Agar o‘sha tuyani hozirgi kundagi eng qimmatbaho ulovlarga taqqoslaydigan bo‘lsak, bir oyatga beriladigan ajrning naqadar ulkan bo‘lishini yaxshi his qilamiz. Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohning Kitobidan bir harf o‘qisa, unga buning uchun bir savob bo‘lur. Har bir savob esa o‘n barobarga ko‘paytirilur. «Alif. Laam. Miym – bir harf» demayman. Balki «Alif» bir harf, «Laam» bir harf, «Miym» bir harf», dedilar». (Imom Termiziy rivoyati) Ibn Kasir rahmatullohi alayh mashhur «Tafsiru qur’anil azim» kitobida Qur’ondagi harflar adadi borasida Mujohid rahmatullohi alayhning so‘zini keltirgan: «Hisobimizga qaraganda Qur’oni karimdagi suralarning harfi 320015 (uch yuz yigirma ming o‘n beshta) harfdan iborat».  Hozirgi texnika rivojlangan davrda ba’zi mutaxassislar Qur’ondagi harflar sonini elektron asboblar yordamida hisoblab, bergan ma’lumotiga ko‘ra Qur’onda 322604 ta harf bor. Ushbu raqamni hadisda aytilganidek o‘nga ko‘paytirsak 3226040 ta (uch milion ikki yuz yigirma olti ming qirq) hasanaga teng bo‘ladi. Demak kim Qur’onni bir marta xatm qilsa, uch milion ikki yuz yigirma olti ming qirqta savobga ega bo‘ladi. Endi tasavvur qilib ko‘ring, har oyda Qur’onni bir marta xatm qilgan kishi erta qiyomat kunida nomoyi a’molini ko‘rganda son-sanoqsiz ajrlarni ko‘rib xursand bo‘lishi tabiiydir. Alloh taolo barchamizni qur’on ahlidan bo‘lishlikga va undagi amrlarni va nahiylarni bajarishlikga o‘zi muyassar qilib ahli jannat bo‘lishlikni nasib aylasin.Bunday baxtni Alloh avlodlarimizga ham davri qiyomatgacha nasib aylasin va kalomini nafaqat lafzan balki ma’nan ham nasib aylasin.

Bozorov Abdig‘ani

Xoja Buxoriy islom bilim yurtining

 tafsir fani o‘qituvchisi