YUKSAK  FAZILATNI KIMDAN O‘RGANAMIZ ?

15

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz yuksak fazilat sohibi kimligi borasida?  Shubhasiz, bu zot payg‘ambarimiz (s.a.v)dir. Hayotlari davomida gunoh, fahsh va munkar ishlardan uzoq bolib yashaganlar. U Zot payg‘ambar etib yuborilgan bo‘lib, vazifalari odamzotga rahmat bo‘lishdan iborat edi . Insoniyat, bu zotni eng yaxshi fazilatlarni o‘zida mujassam etgan kishi sifatida tavsiflaganlar . Rosululloh ( s.a.v) insonlar ichida bag‘rikeng, o‘ta saxovatli, rost so‘zli, omonatga vafo qilguvchi, yumshoq tabiatli va atrofdagi kishilarga e’tiborli edilar. O‘zlarini uch narsadan saqlardilar: Ikkiyuzlamachilik , sergap-vaysaqilik va ma’nisiz so‘zlarni aytishdan.  Agar biz odob-axloqni moddiy, hissiy narsa deb tasavvur qiladigan bo‘lsak, shubhasiz, uning cho‘qqisida payg‘ambarimizni ko‘ramiz. Majlislarida donolik, adolat, hayo, sabr va omonat hukmron edi. Shu bilan birga ovozlar baland ko‘tarilmas, kishilarning obro‘si to‘kilmas va kutilmaganda xatolar aytilmasdi. Suyukli payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam haqlarida suhbat qurar ekanmiz, shuni ta’kidlash joizki, agar u zot bo‘lmaganlarida edi , insoniyat tim qorong‘u zulmat ichida yashayotgan bo‘lar edi. U zot — Alloh bashariyatga yuborgan nur, Alloh insonlarga ato etib, u tufayli odamlarning ahvolini hamda ayanchli tarix oqimini o‘zgartirgan  rahmatdirlar. Payg‘ambarimiz haqlarida juda ko‘plab chiroyli qasidalar yozilgan . Bu mavzuda har qancha takror-takror kitoblar bitilsada, aslo o‘quvchiga malol kelmaydi, balki, yanada ko‘proq gapirishni va eshitishni jondilimiz va qalbimiz bilan istaymiz. Ul zot alayhissalom payg‘ambarlik risolatini zimmalariga olgan vaqtdan butun dunyo ul janob haqida so‘z yuritishni boshlagan edi. Chindan ham, ulug‘ payg‘ambar bunga munosib va loyiqlar. Demak, sunnatlariga amal qilish va go‘zal axloqlarini  hayotimizga tatbiq etish har birimizning muqaddas burchimizdir. Alloh taolo bizlarni u zotning shafoatlariga munosib ummatlardan qilsin.

Ablazov G’iyosiddin, 2-kurs talabasi