AHDGA VAFO — MO‘MINNING SHARAFI VA NAJOTI
10

Mo‘min musulmon shaxsdan targ‘ib qilinadigan va buyuriladigan eng ulug‘ axloqlardan biri va’daga vafo qilish axloqidir. Alloh taolo Qur’on karimda marhamat qiladi:
«Ahdga vafo qilinglar. Zero, ahd-paymon (Qiyomat kuni) mas’ul bo‘linadigan ishdir». (Isro, 34-oyat).
Yana shunday deydi:
«Agar ahdlashsangiz, Allohning ahdiga vafo qiling. Qasamlarni ta’kid qilinganidan so‘ng buzmang. Batahqiq, Allohni o‘zingizga kafil qilgansiz-a! Albatta, Alloh nima qilayotganingizni bilur» (Nahl, 91-oyat).
Ahdga vafo qilish vafodorlarning odati, mo‘minlarning xislatidir. Uning sohibi maqtovga sazovor bo‘ladi. Chunki inson fitrati bilan ahd buzishni va va’daga xilof qilishni yomon ko‘radi. Musulmon esa ahdga vafo qilishga yanada haqliroqdir, zero dinimiz bizga ahdga vafo qilishni buyuradi.
Ahdlar ham bir necha turlarga bo‘linadi:
Birinchisi Alloh taologa bo‘lgan ahdga vafo qilishdir.
Alloh taolo aytadi:
«Mening ahdimga vafo qilinglar, Men ham sizlarga bergan va’damga vafo qilaman va faqat Mendan qo‘rqinglar» (Baqara, 40-oyat).
Ulamolar: «Allohning bandalariga bergan ahdi — Islom dini va unga ergashishdir». «Men ham sizlarga bergan va’damga vafo qilaman» —degani haqida Ibn Abbos roziyollohu anhu aytgan: «YA’ni, sizlardan rozi bo‘laman va sizlarni jannatga kiritaman», degani.
Yana Alloh taolo aytadi:
«Ey Odam farzandlari! Men sizlarga shaytonga ibodat qilmaslik haqida ahd bermaganmidim? Albatta, u sizlarga ochiq dushmandir» (Yosin, 60-oyat).
Shu jumladan, inson o‘z zimmasiga vojib qilgan narsalar ham bor. Masalan, nazr qilsa, uni ado etishi shart. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aytganlar:
«Kim Allohga itoat qilishni nazr qilsa, itoat qilsin. Kim gunoh qilishni nazr qilsa, gunoh qilmasin». Bu hadisni Imom Buxoriy o‘z «Sahih»ida rivoyat qilgan. 6696-hadis
Ahdlarning ikkinchi turi — insonlar o‘rtasidagi ahdlardir. Savdo-sotiq, nikoh va boshqa shartnomalar shular jumlasidandir.
Alloh taolo aytadi:
«Ey, iymon keltirganlar! Ahdnomalarga vafo qiling!» (Moida, 1-oyat).
Shuningdek, ahdga vafo qilish payg‘ambar alayhimussalomning axloqlaridandir. Alloh taolo O‘z xalili Ibrahim alayhissalom haqida aytadi:
«Va Ibrohim (аhdiga) vafo qilgan zotdir» (Najm, 37-oyat).
Ibn Kasir rahimahulloh aytadi: Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Allohning amrini yetkazishda vafo qildi», degan. Qatoda aytgan: «Allohga itoatni to‘liq ado etdi va risolatni xalqqa yetkazdi».
Yana Alloh taolo Ismail alayhissalom haqida aytadi:
«Kitobda Ismoilni zikr qil. Albatta, u va’dasiga sodiq edi va u rasul va nabiy edi» (Maryam, 54-oyat).
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam esa go‘zal axloqlarni komil qilish uchun yuborilgan edilar va har bir go‘zal xulqda, jumladan ahdga vafo qilishda ham eng oliy namuna edilar. U zot musulmonga ham, kofirga ham, yaxshiga ham, yomonga ham bergan va’dalariga vafo qilganlar. Hatto o‘zlariga ozor bergan, ta’qib qilgan va dinga qarshi kurashgan Quraysh kofirlari bilan ham ahdni buzmaganlar.
Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Badr jangini o‘tkazishimga to‘sqinlik qilgan narsa shu bo‘ldiki, men va otamni Quraysh kofirlari ushlab olishdi. Ular: “Sizlar Muhammadning oldiga ketyapsizlar”, deyishdi. Biz: “Yo‘q, faqat Madinaga ketyapmiz”, dedik. Ular bizdan Alloh nomiga ahd olishdiki, Madinaga qaytamiz va u bilan jang qilmaymiz. Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, holatni aytdik. U zot: «Qaytinglar, ularga bergan ahdimizga vafo qilamiz va Allohdan yordam so‘raymiz», dedilar». Bu hadisni Imom Muslim rivoyat qilgan.
Hiraql Abu Sufyondan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam haqida so‘rab: «U xiyonat qiladimi?» deganida, Abu Sufyon: «Yo‘q», deb javob bergan. Shunda u: «Payg‘ambarlar xiyonat qilmaydi», degan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari ham Allohga ahd berib, unga vafo qilganlar. Alloh taolo aytadi:
«Mo‘minlar orasida Allohga bergan ahdiga sodiq bo‘lgan kishilar bor. Ulardan ba’zilari ahdini ado etdi, ba’zilari esa kutib turibdi. Ular (ahdlarini) o‘zgartirmadilar» (Ahzob, 23–24-oyatlar).
Ahdga vafo qilishning fazilati qanchalik ulug‘ bo‘lsa, uni buzish shunchalik qabih xulqdir. Odamlar bilan va’dani buzish yomon, Alloh bilan bo‘lgan va’dani buzish esa yanada yomondir. Alloh taolo aytadi:
«Ulardan ba’zilari: “Agar Alloh bizga fazlidan bersa, albatta sadaqa qilamiz va solihlardan bo‘lamiz”, deb Allohga ahd berdilar. Ammo Alloh ularga fazlidan bergach, baxillik qildilar va yuz o‘girdilar. Shu sababli Alloh ularning qalblariga, U bilan qilgan va’dalariga xilof qilganlari va yolg‘on gapirganlari tufayli, Unga yo‘liqadigan kungacha nifoq soldi» (Tavba, 75–77-oyatlar).
Ulamolarimiz bu oyatlarning nuzuliga bevosita sabab bo‘lgan hodisa haqida ham rivoyat qilganlar. Imom ibn Jarir Tobariy Abu Amoma Bohiliydan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:
«Sa’laba ibn Hotib Ansoriy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga:
– Duo qiling, Alloh menga mol-dunyo bersin, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– Sho‘ring qurisin, ey Sa’laba, shukrini ado qilgan oz moling sen chiday olmaydigan ko‘p moldan yaxshiroq, – dedilar. Sa’laba yana o‘z so‘zlarini takrorladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: – Sho‘ring qurisin, ey Sa’laba, Allohning Payg‘ambariga o‘xshashga rozi bo‘lmaysanmi? Jonim qo‘lida bo‘lgan Zot bilan qasamki, agar mana shu tog‘lar men bilan birga tilla va kumush bo‘lib yurishlarini xohlasam, yurar edi, – dedilar. Sa’laba:
– Sizni haq ila yuborgan Zotga qasamki, agar Allohga duo qilsangiz, menga mol-dunyo bersa, har bir haq egasiga haqqini berar edim, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– Allohim, Sa’labaga mol-dunyo bergin, – deb duo qildilar. Sa’laba qo‘y boqdi. Qo‘ylari qurtdek ko‘payib ketdi. Madinaga sig‘may qoldi. U shahardan chetga chiqib, vodiylardan biriga joylashdi. Peshin va asr namozlarini jamoat bilan o‘qib, qolganlarini o‘qimay qo‘ydi. Qo‘ylari esa tobora ko‘payib borardi. U jumadan boshqa namozga kelmay qo‘ydi. Qo‘ylari yana ko‘payaverdi. U jumaga ham kelmay qo‘ydi. Juma kuni otliqlarning oldini to‘sib, nima xabar borligini so‘raydigan bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– Sa’labaga nima qildi? – deb so‘rab qoldilar. Odamlar:
– Ey Allohning Rasuli, u qo‘y boqqan edi. Madina torlik qilib qoldi, – deb uning xabarini aytib berdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– Sa’labaning sho‘ri qurisin, Sa’labaning sho‘ri qurisin! – dedilar. Keyin Alloh taolo «Ularning mollaridan sadaqa ol» oyatini nozil qildi. Zakotning farzlari nozil bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki kishini musulmonlardan zakot yig‘ishga yubordilar. Biri Juhayna qabilasidan, ikkinchisi Salim qabilasidan edi. Ularga musulmonlardan zakotni qanday olishlarini yozdirib berdilar. Ularga:
– Sa’labaning va Falonchining, – deb Banu salimlik bir odamning ismini aytib, – ularning oldilariga borib, zakotlarini olinglar, – deb buyurdilar. Ular yo‘lga chiqib, Sa’labaning oldiga keldilar, zakotni so‘radilar va unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yozdirib bergan maktubni o‘qitdilar. U esa:
– Bu jizyadan boshqa narsa emas. Bu jizyaning singlisidan boshqa narsa emas. Men buning nimaligini bilmayman. Sizlar ketaveringlar, ishni tamom qilganlaringizdan so‘ng oldimga kelinglar, – dedi.
Silmiy (Banu salimlik odam) esa zakot yig‘uvchilarning kelganlarini eshitib, tuyalarining tishiga qarab, eng yaxshilarini zakotga ajratib qo‘ydi va ikkovlarini xursandlik bilan kutib oldi. Ular tuyalarni ko‘rganlaridan keyin:
– Senga bularni berish vojib emas, biz sendan buni olmaymiz, – dedilar. U:
– Iltimos, olinglar. Chin ko‘ngildan chiqarib qo‘yganman. Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib boringlar, – dedi. Undan qabul qilib oldilar va boshqa odamlarning zakotlarini ham yig‘dilar. So‘ngra ikkovlari Sa’labaning oldiga qaytib bordilar. U:
«Maktubingizni ko‘rsating, – dedi-da, uni o‘qib ko‘rib: – Bu jizyadan boshqa narsa emas. Bu jizyaning singlisidan boshqa narsa emas. Sizlar boraveringlar, men bir o‘ylab ko‘ray, – dedi.
Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga qaytib bordilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vakillarini ko‘rishlari bilan, hali hech gap so‘ramay turib:
– Sa’labaning sho‘ri qurisin, – dedilar. Silmiyga baraka tilab, duo qildilar. Ikkala zakotchi u zot sollallohu alayhi vasallamga Sa’laba nima qilganini va Silmiy nima qilganini aytib berdilar. Alloh taolo «Ulardan: «Agar bizga O‘z fazlidan bersa, albatta, sadaqa qilajakmiz...» oyatlarini nozil qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida Sa’labaning qarindoshlaridan biri turgan edi. Bu gaplarni eshitganidan so‘ng tezlab uning oldiga bordi va:
– Sho‘ring quridi, ey Sa’laba, Alloh sening haqingda bunday-bunday oyatlarni nozil qildi, – dedi. Sa’laba tezda yo‘lga chiqdi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, zakotni qabul qilishlarini so‘radi. U zot sollallohu alayhi vasallam:
– Alloh menga sendan zakotingni qabul etishni man qildi, – dedilar. Sa’laba o‘zini har tomon urib, boshiga tuproq socha boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: – O‘zing qilding, men senga buyursam, itoat qilmading, – dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zakotni qabul etmaganlaridan keyin Sa’laba manziliga qaytdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam undan hech narsani qabul qilmay, vafot etib ketdilar. Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu xalifa bo‘lganlarida, Sa’laba oldilariga kelib:
– Sen Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlaridagi e’tiborimni bilasan, Ansoriylar ichidagi obro‘imni ham bilasan, zakotimni qabul qil, – dedi. Abu Bakr roziyallohu anhu:
– Sening zakotingni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabul qilmaganlar, – deb uning zakotini qaytardilar. Abu Bakr roziyallohu anhu ham undan zakot qabul qilmay, vafot etib ketdilar. Hazrati Umar xalifa bo‘lganlarida, Sa’laba u kishining oldilariga ham keldi:
– Ey mo‘minlarning amiri, zakotimni qabul qil, – dedi. Hazrati Umar roziyallohu anhu ham:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr qabul etmagan zakotingni men qabul qilaymi? – dedilar. U kishidan so‘ng hazrati Usmon roziyallohu anhu xalifa bo‘lganlarida huzurlariga kelib:
– Zakotimni qabul qil, – dedi. U kishi:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umar qabul qilmagan zakotingni men qabul etaymi? – dedilar. Sa’laba hazrati Usmon xalifalik davrlarida vafot etdi».
Xulosа
Ahdga vafo qilish — mo‘min musulmonning eng ulug‘ va sharafli xislatlaridan biridir. Bu sifat insonni Alloh taoloning roziligiga, jamiyatdagi ishonch va hurmatga olib boradi. Allohga berilgan ahdni buzish qalbda nifoq paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Banda so‘zida turmasa, u nafaqat odamlar oldida, balki Robbisi huzurida ham javobgar bo‘ladi. Sa’laba ibn Hotib qissasi esa va’daga bee’tiborlik qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishini yaqqol ko‘rsatadi.
Shuning uchun har bir mo‘min o‘z ahd va va’dalarini ehtiyot qilishi, oz bo‘lsa ham halol va shukr bilan yashashni afzal bilishi, mol-dunyo sabab Robbisiga bergan so‘zidan qaytmasligi lozim.
Ahdga vafo — iymon belgisi, va’dani buzish esa nifoq alomatidir. Alloh barchamizni ahdlariga sodiq, so‘ziga vafodor bandalaridan qilsin.
Nurulloh XOLIQOV,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
