SAHOVATLI BO’LISH – MO’MINNING ZIYNATI
16

Islom axloqida mo‘minlarning o‘zaro munosabati mehr, ishonch va saxovatga quriladi. Sahobalar hayotidan rivoyat qilingan voqealar bu fazilatlarning amaliy ko‘rinishini yaqqol namoyon qiladi. Ular nafaqat ibodatda, balki kundalik hayotda ham bir-birlariga yelkadosh, mehribon va bag‘rikeng bo‘lganlar. Quyidagi rivoyat bu borada ibratli misoldir:
«Men o’tganlarni ko’rdim. Ular ahllari bilan bir manzilda bo’lishar edi. Gohida ba’zilariga mehmon kelar edi. Birlarining qozoni olov ustida bo’lardi. Mehmoni bor qozonni ko’tarib kelaverar edi. Qozonning egasi qichqirib qolar va:
«Qozonni kim oldi?!» — der edi.
Shunda mezbon:
«Uni mehmonimiz uchun biz oldik», — der edi.
Shunda qozonning egasi:
«Alloh sizga uning barakasini bersin», — der yoki shunga o’xshash gap aytar edi».
Yana shu mazmunda non haqida ham rivoyat keladi:
«Muhammad aytdiki, non yopsalar ham shunday bo’lar ekan».
Baqiyya dedi: «Men ham shuni ko’rdim. Muhammad ibn Ziyod va uning sheriklarini».
Bu rivoyatlardan anglashiladiki, sahobalar o‘zaro shunday yaqin bo‘lganlarki, birining uyiga mehmon tushsa, boshqasi bundan xursand bo‘lgan. Qo‘shnisining qozonidan ovqat olib chiqilishi janjalga sabab emas, balki duoga sabab bo‘lgan. Ular “Nega olding?” deb e’tiroz bildirish o‘rniga, “Alloh baraka bersin” deb duo qilganlar. Huddi shunday voqea non bilan ham sodir bo’lgan ekan. Biror sahobiyning uyiga mehmon kelsa, qo’shinisini uyidan hijolatsiz non olavergan.
Bu voqealar ularning o‘zaro ishonchi naqadar mustahkam bo‘lganini ko‘rsatadi. Sahobalar ko‘pincha kamtarona hayot kechirganlar, hatto ba’zan ehtiyoj ichida yashaganlar. Shunga qaramay, mehmon kelsa, uni izzat-ikrom bilan kutib olishni burch deb bilganlar. Uyda taom bo‘lmasa, qo‘shnidan olib chiqish tabiiy hol bo‘lgan. Qo‘shni ham buni malol olmagan, aksincha, savob umid qilgan.
Bu darajadagi birodarlik oddiy qo‘shnichilikdan yuqori turadi. Bu — qalblarning yaqinligi, dunyo manfaatidan ustun qo‘yilgan iymon rishtasi edi. Mehmonni ulug‘lash, birodarning ehtiyojini o‘z ehtiyojidan ustun qo‘yish ularning kundalik hayotining ajralmas qismi bo‘lgan.
Bugungi kunda ham ushbu ibratli misollar musulmonlar uchun katta saboqdir. Agar mo‘minlar o‘zaro ishonch, saxovat va mehrni qayta tiriltirsalar, jamiyatda ko‘plab ijtimoiy muammolar o‘z-o‘zidan kamayadi. Chunki qalblarni birlashtiradigan kuch — bu moddiy boylik emas, balki ixlos, duogo‘ylik va bir-birini o‘ylashdir.
Demak, ahli islomning haqiqiy ziynati — bir-biriga erkalik, mehmondo‘stlik va kengbag‘irlikdir. Sahobalar hayoti esa bu fazilatlarning eng yorqin namunasi bo‘lib qoladi.
Muhammad Mirmaxamatov
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
