Solih salaflarning Ramazon oyidagi ibodatlari

29

Alloh taoloning bandasiga bergan eng ulug‘ ne’matlaridan biri — muborak Ramazon oyidir. U nafaqat ro‘za tutish oyi, balki Qur’on, qiyom, sadaqa va zikr oyidir. Ramazon — tez kelib, tez ketadigan aziz mehmon. Uni toat-ibodat, ixlos va muhabbat bilan kutib olgan kishi yutuqqa erishadi, uni behuda o‘tkazgan esa katta fazilatdan mahrum bo‘ladi.

Ramazon — rahmat, mag‘firat va do‘zaxdan ozod bo‘lish oyidir. Unda qilingan har bir yaxshi amalning ajri bir necha barobar ziyoda qilinadi. Shuning uchun mo‘min kishi bu oyni g‘animat bilib, har bir kuni va kechasini qadrlashga harakat qiladi. Qur’on tilovati, taroveh namozlari, saharlik va iftordagi duolar, miskinlarga qilingan ehsonlar — bularning barchasi Ramazonni fayzli qiladi.

Bu oyning Qur’on bilan alohida bog‘liqligi bor. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimni aynan shu oyda nozil qildi. Shu bois solih salaflar Ramazonda tilovatni ko‘paytirib, xatmlar qilar, kechalarini qiyom bilan obod etar, kunlarini ro‘za, sadaqa va yaxshi amallar bilan ziynatlar edilar. Ular uchun Ramazon faqat och qolish emas, balki qalbni poklash, nafsni tarbiyalash va Robbisiga yaqinlashish oyi edi.

Bu oy Qur’on bilan alohida bog‘liqdir. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimni aynan shu oyda nozil qilgan:

“Ramazon oyi — unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on nozil qilingan”

(Baqara surasi, 185-oyat).

Shu bois solih salaflar Ramazonda Qur’on tilovatini yanada ko‘paytirganlar. Ular bu oy kirishi bilan vaqtlarini mushaf bilan o‘tkazar, xatmlarni ziyoda qilar edilar.

Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu har kuni Qur’onni bir marta xatm qilganlar. Asvad ibn Yazid Ramazonda har ikki kunda bir marta, Ramazondan tashqari esa har olti kunda bir marta xatm qilgan. Sa’id ibn Jubayr ham har ikki kunda bir marta xatm qilgan. Muhammad ibn Ismoil Buxoriy Ramazon oyida har kuni kunduzi bir xatm qilganlari rivoyat qilinadi. Imom Shofe’iy esa Ramazonda namozdan tashqari oltmish marta xatm qilganlar. Qatoda odatda haftada bir marta, Ramazonda har uch kunda, oxirgi o‘n kunlikda esa har kecha xatm qilgan. Imom Zuhriy Ramazon kirishi bilan hadis darslarini to‘xtatib, mushafdan Qur’on o‘qishga berilganlar.

 

Hasan al-Basriy rahimahulloh aytadi:

“Men ibodatlar ichida tun qo‘ynidagi namozdan ko‘ra mashaqqatliroq va fazilatlirog‘ini topmadim”.

Al-Sa’ib ibn Yazid roziyallohu anhu rivoyat qiladi:

“Umar ibn al-Xattob roziyallohu anhu Ubay ibn Ka’b va Tamim al-Dari roziyallohu anhumo’ni Ramazonda odamlarga o‘n bir rakat namoz o‘qib berishga buyurgan edi. Qori yuzlab oyatlar o‘qir edi. Hatto biz qiyomning uzunligidan hassalarga suyanib turardik. Namozdan faqat tong yorishganda chiqardik”.

Abdulloh ibn Abu Bakr aytadi:

“Otamdan eshitdim: Ramazonda qiyomni tugatganimizdan keyin tong otib qolishidan qo‘rqib, xizmatkorlardan saharlikni tezroq keltirishni so‘rardik”.

Al-Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadi:

“Agar sen tungi namozni o‘qishga yoki kunduz ro‘zasiga qodir bo‘lmasang, bilgin, sen mahrumsan, kishanlangansan. Seni gunohlaring kishanlab qo‘ygan”.

Yana rivoyat qilinadiki, Umar ibn al-Xattob roziyallohu anhu zamonlarida Ramazonda yigirma rakat qiyom qilinar, Qur’ondan ikki yuz oyat o‘qilar edi. Ba’zi rivoyatlarda esa namoz deyarli sahargacha davom etgani zikr qilingan.

 

Muborak Ramazon oyi nafaqat ro‘za va qiyom, balki saxovat va ehson oyidir. Bu oyda qalblar yumshaydi, qo‘llar ochiladi, miskin va muhtojlarga mehr ko‘rsatish yanada ulug‘ fazilatga aylanadi.

Solih salaflar Ramazon oyida ro‘za tutish bilan birga iftorliklarni taqsim qilish, sadaqa berish va insonlarga yaxshilik qilishni odat qilganlar. Ularning saxovat va ehsondagi bu odatlari, Ramazonning haqiqiy ma’nosi — qalblarni ochish, mehr-oqibat va saxovatni ko‘rsatish bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi.

Ibn Abbas roziyallohu anhu rivoyat qiladi:

“Muhammad sollallohu alayhi vasallam yaxshilik qilishda odamlarning eng saxovati edilar. U zotning Ramazondagi saxovatlari esa Jabroil u zotga yo‘liqqan paytda yanada ziyoda bo‘lardi”. (Imom Buxoriy rivoyati)

Al-Shofe’iy rahimahulloh aytganlar:

“Kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashib, Ramazon oyida saxovatni ko‘paytirishi mustahabdir. Chunki bu oyda odamlarning ehtiyojlari ortadi, ko‘pchilik ro‘za va namoz bilan mashg‘ul bo‘lib, tirikchilikdan qoladi”.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu ro‘za tutar va faqat miskinlar bilan birga iftor qilar edi. Agar ahli uni bundan to‘ssa, o‘sha kecha ovqatlanmas edi. Agar taom ustida o‘tirganida bir so‘rovchi kelsa, o‘z nasibasini olib, turib unga berar edi.

Hammad ibn Abu Sulayman Ramazon oyida har kecha ellik kishiga iftor berar edi. Hayit kechasi bo‘lsa, ularni kiyintirar va har biriga yuz dirhamdan berar edi.

Abu Savvor Adaviy aytadi:

“Banu Adiy qabilasidan bo‘lgan kishilar masjidda namoz o‘qir edilar. Ularning birortasi hech qachon yolg‘iz ovqat yemagan. Agar birga ovqatlanadigan kishi topsa, birga yegan, aks holda taomini masjidga olib chiqib, odamlar bilan birga yegan, odamlar ham u bilan birga yegan”.

Ramazon oyi nafaqat ro‘za va ibodat oyidir, balki saxovat va ehson oyidir. Bu oyda qalblar yumshaydi, qo‘llar ochiladi va miskin, muhtojlarga yordam berish alohida fazilatga ega bo‘ladi. Solih salaflar Ramazon oyida ro‘za tutish bilan birga iftorliklarni taqsim qilish, sadaqa berish va insonlarga yaxshilik qilishni odat qilganlar. Ularning saxovat va ehsondagi bu odatlari, Ramazonning haqiqiy ma’nosi — qalblarni ochish, mehr-oqibat va saxovatni ko‘rsatish bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi.

 

Salaflarning Ramazondagi saxovat va ehsondagi odatlari bizlarga yorqin namuna bo‘lib xizmat qiladi. Ularning miskinlarga yordam berishi, iftorliklarni taqsim qilishi va yaxshiliklarni oshirishi, bu oyda qalblarimizni yumshatish, mehr-oqibatni kuchaytirish va iymonimizni mustahkamlash yo‘lida biz uchun namunadir. Biz ham ularning yo‘llarini kuzatib, Ramazon oyini nafaqat ibodat bilan, balki saxovat va yaxshilik bilan obod qilaylik.

Demak, bu muborak oyni shunchaki o‘tkazib yubormaylik. Uni tavba, ixlos va jiddiy sa’y-harakat bilan qarshi olaylik. Zero, kim biladi, balki bu bizning hayotimizdagi oxirgi Ramazon bo‘lishi mumkin. Alloh taolo barchamizni ushbu oyning fazilatlaridan to‘liq bahramand bo‘lishga muvaffaq qilsin.

 

Abdugʻofurov  Bilolxon

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi 2-kurs talabasi.