RAMAZONNING MAG‘FIRAT KECHALARI

18

Ramazon oyi — mag‘firat oyidir. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam dedilar: «Sizlarga Ramazon oyi, muborak oy keldi. Alloh sizlarga bu oyda ro‘za tutishni farz qildi. Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Kim undagi yaxshiliklardan mahrum bo‘lsa, mahrum qilinadi», деганлар» (Имом Аҳмад ва Nasoiy rivoyati). Bu hadis Ramazon oyi gunohlarni kechirish uchun buyuk imkoniyat ekanini ko‘rsatadi. Alloh taolodan barcha gunohlarimizni mag‘firat qilishini so‘raymiz.

Har bir inson katta-kichik gunohdan xoli emas. Payg‘ambarimiz ﷺ dedilar: “Agar sizlar gunoh qilmaganingizda edingiz, Alloh sizlarni yo‘q qilib, gunoh qilib, keyin istig‘for aytadigan qavmni keltirar va ularni mag‘firat qilar edi” (Муслим ривояти). Yana dedilar: “Odam bolasining barchasi xato qiluvchidir. Xato qiluvchilarning yaxshisi esa tavba qiluvchilardir” (Termiziy va Ibn Moja rivoyati).

Ammo ayb — gunohda turib olishdadir. Alloh taolo aytadi: “Albatta, Allohning tavbasi yomonlikni nodonlik bilan qilib, so‘ng tezda tavba qilganlar uchundir. Ana o‘shalarning tavbasini Alloh qabul qiladi. Alloh Biluvchi va Hikmatli Zotdir”.

Biz mag‘firat faslida ekanmiz, bu ulug‘ imkoniyatdan foydalanishimiz lozim. Bu oyda nafslar tayyor, qalblar Allohga yuzlangan, ko‘zlar yoshli, a’zolar itoatga moyil, shaytonlar zanjirlangan bo‘ladi. Muborak Ramazon oyida mag‘firat sabablari ko‘p va turlidir.

Jumladan, Ramazon oyiga yetishning o‘zi ham katta sababdir. Sahih Muslimda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar ﷺ dedilar: “Besh vaqt namoz, juma jumagacha, Ramazon Ramazongacha — agar katta gunohlardan saqlanilsa, ular orasidagi (gunohlarga) kafforatdir.” Ro‘za tutish katta gunohlardan tiyilgan holda mayda gunohlarni kafforat qiladi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: «Kim Ramazonni iymon bilan va savobini umid qilib ro‘za tutsa, uning oldingi gunohlari kechiriladi». Imom Muslim rivoyati.

Demak, kim Ramazon ro‘zasini Allohga iymon keltirgan holda, uning farz ekaniga rozi bo‘lib, savob va ajrini umid qilib tutsa, farzligini yoqtirmay yoki savobiga shubha qilmay tutsa, Alloh uning oldingi gunohlarini mag‘firat qiladi.

Shu jumladan bu oy davomida tungi ibodat (qiyom) ham borki, bu haqda Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisda: «Kim Ramazon kechalarini iymon va savob umidi bilan ibodatda o‘tkazsa, uning oldingi gunohlari kechiriladi». Imom Buxoriy rivoyati.

Qiyom — xufton namozidan to bomdodgacha bo‘lgan vaqtdagi har qanday namoz bilan amalga oshadi. Eng afzali — tunning o‘rtasi va oxirida o‘qiladigan tahajjud namozidir.

Shuningdek, bu oyda farishtalarning ro‘zadorlar uchun istig‘for aytishi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Farishtalar ular iftor qilguniga qadar ular uchun istig‘for aytadilar» Imom Ahmad rivoyati). Farishtalar — Allohning mukarram bandalari bo‘lib, Uning amriga osiy bo‘lmaydilar va buyurilganni bajaradilar. Ularning duosi qabul qilinadi.

Shuningdek, mazkur oydagi umumiy sabablar ham bor. Besh vaqt namoz, sadaqa, duo, masjidlarga piyoda borish, musibatlar, tashvish va g‘am-qayg‘ular ham gunohlarni kechirilishiga sabab bo‘ladi. Ramazon oyida mag‘firatga erishish sabablari ko‘p, Alloh taoloning rahmati esa juda kengdir. Lekin ayniqsa Ramazonning o‘rta qismida tavba qilish muhimroq bo‘ladi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Uning o‘rtasi mag‘firatdir», deganlar. Shuningdek, tavba rahmat bilan do‘zaxdan ozod bo‘lish orasida bo‘ladi. Zero, rahmat mo‘minni toatni sevishga tayyorlaydi. Qachonki ular ro‘za, qiyomu tilovat bilan uyg‘unlashib, qalban tayyor bo‘lsalar, tavba qiladilar. Agar tavbalari chin bo‘lsa, ular mag‘firat qilinadi va do‘zaxdan ozod etiladilar.

Ayrim musulmonlarning muammosi shundaki, ular tavba qilish imkoniyatini qo‘ldan boy beradilar. Buning sabablaridan biri kechiktirish,  ya’ni «keyin qilaman» deyish. «Kichiktirish» shaytonning qurolidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat biling: yoshligingizni qarilikdan oldin, sog‘ligingizni kasallikdan oldin, bo‘sh vaqtinngizni mashg‘ullikdan oldin, hayotingizni o‘limdan oldin va boyligingizni faqirlikdan oldin» ( Imom Ahmad va Hokim rivoyati).

Ramazon — mag‘firat fasli. Bu oyda jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari yopilishi va shaytonlar kishanlanishi haqidagi hadislar uning ruhiy-tarbiyaviy muhitini ifodalaydi. Xususan, Qadr kechasining ming oydan afzal ekani mag‘firat imkoniyatining ulkanligini ko‘rsatadi.

Inson tabiatan xatokordir, ammo tavba eshigi ochiq. Hadislarda barcha inson xato qiluvchi ekani, eng yaxshilari esa tavba qiluvchilar ekani ta’kidlanadi. Qur’oni karimda esa chin va tez tavba qiluvchilarning tavbasi qabul qilinishi bayon etilgan.

Ramazondagi asosiy mag‘firat sabablari:

  • Iymon va ixlos bilan tutilgan ro‘za;
  • Ramazon kechalaridagi qiyom (ayniqsa tahajjud);
  • Farishtalarning ro‘zadorlar uchun istig‘fori;
  • Besh vaqt namoz, juma, sadaqa, duo va boshqa solih amallar.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Ramazon oyini nafaqat ibodat mavsumi, balki ruhiy poklanish va axloqiy isloh davri hamda Ramazon insonni tavba, ixlos va solih amal orqali ilohiy mag‘firatga erishishga chorlovchi ulkan imkoniyat ekani ekanligini aslo unitmasligimiz lozim. Alloh taolo barchamizni ushbu muborak oyning mag‘firat kechalaridan bahramand etsin.

 

O‘tkir Mahmudov

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi