ISLOM O‘RTAHOLLIK DINIDIR….

40

Dinda vasatiyya — o‘rta hollik Islom ta’limotining asosiy xususiyatlaridan biridir. Islom insoniyat uchun rahmat va hidoyat dini sifatida nozil qilingan bo‘lib, u haddan tashqari qattiqlikni ham, cheksiz erkinlikni ham ma’qullamaydi. Tarixiy va ijtimoiy jarayonlarda diniy tushunchalarning noto‘g‘ri talqini natijasida ikki og‘ish holati yuzaga keladi: tashaddud va tahallul. Har ikkisi ham dinning asl maqsadidan uzoqlashishga sabab bo‘ladi va jamiyat hayotida muvozanat buzilishiga olib keladi.

Tashaddud — dinda haddan oshish, Alloh va uning Rasuli buyurmagan qat’iylikni majburiy deb bilishdir. Bu yo‘nalishda din tor talqin qilinadi, fiqhiy xilma-xillik inkor etiladi, ixtilof fitna sifatida ko‘riladi. Natijada din yengillik va rahmat manbai bo‘lish o‘rniga, qo‘rquv va keskinlik vositasiga aylanadi. Tashaddud insonni axloqiy kamolga emas, balki mutaassiblik va ajralib yurishga olib boradi. Payg‘ambarimiz s.a.v dinda haddan oshishdan qat’iy ogohlantirganlar: “Dinda haddan oshishdan saqlaninglar. Albatta, sizlardan oldingilarni dinda haddan oshish halok qilgan” (Ibn Majah rivoyati). Yana bir hadisda: “Halok bo‘ldilar dinida haddan oshganlar deyiladi (Imom Muslim rivoyati). Bu ogohlantirishlar shuni ko‘rsatadiki, dinni sun’iy ravishda og‘irlashtirish va odamlarni ortiqcha mashaqqatga solish Islom ta’limotiga ziddir. Shuningdek, Rasululloh s.a.v “Albatta, din yengildir. Kim dinda o‘zini qiynasa, din uni yengib qo‘yadi” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Demak, tashaddud taqvoga eltuvchi yo‘l emas, balki halokatga olib boruvchi og‘ishdir.

Tahallul esa buning teskarisi bo‘lib, dinni haddan tashqari bo‘sh talqin qilish, shar’iy cheklovlarni zamon yoki manfaat bahonasida chetlab o‘tishlikdir. Bu yo‘nalishda din hayotga hukm chiqaruvchi mezon emas, balki shaxsiy tanlov darajasiga tushiriladi. Natijada halol-harom chegaralari buzuladi, axloqiy meyorlar zaiflashadi va din ijtimoiy hayotdan siqib chiqariladi. Holbuki, Qur’oni karimda: “Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi, qiyinchilikni xohlamaydi” (Baqara surasi  185-oyat) deb marhamat qilingan. Bu oyat yengillikni bildiradi, ammo bu hukmlarni bekor qilish degani emas, balki shariat doirasidagi osonlikni anglatadi. Rasululloh s.a.v: “Halol aniq-ravshandir, harom aniq-ravshandir, ikkisining orasida shubhali narsalar bor” deganlar (Imom Buxoriy va Muslim  rivoyati). Bu hadis dinning aniq mezonlarga ega ekanini va uni shaxsiy xohishlarga moslashtirish mumkin emasligini ko‘rsatadi.

Ahli sunna val jamoa manhaji tashaddud va tahallul o‘rtasidagi muvozanatni tutadi. Qur’oni karimda: “Shuningdek, sizlarni o‘rta (adolatli va yaxshi) ummat qildik” (Baqara surasi, 143-oyat) deb ta’kidlanadi. Bu oyat Islom ummatining vasatiyya — o‘rtahollik va adolat asosidagi yo‘lini belgilaydi. Vasatiyya deganda hukmlarda qat’iyat bilan birga rahmat, e’tiqodda sobitlik bilan birga hikmat, ijtimoiy munosabatlarda esa adolat va bag‘rikenglik tushuniladi. Rasululloh s.a.v ikki ish orasida tanlov berilganda, agar gunoh bo‘lmasa, albatta osonrog‘ini tanlar edilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Bu amaliy yondashuv Islomning muvozanatli tabiatini namoyon etadi.

Xulosa o‘rnida, tashaddud ham, tahallul ham Islomning asl mohiyatiga zid bo‘lgan ikki og‘ish yo‘lidir. Birinchisi dinni haddan tashqari qattiqlashtirib, uni qo‘rquv vositasiga aylantirsa, ikkinchisi uni bo‘sh talqin qilib, hayotdan siqib chiqaradi. Islom esa vasatiyya — o‘rta, adolatli va bag‘rikenglik yo‘lni targ‘ib qiladi. Tarixiy tajriba har ikkala yo‘lanish ham insonlarni ham diniga ham dunyosiga foyda keltirmasligini ko‘rsatadi.

Muzaffar Qosimov,
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha mudir o’rinbosari