Iftorlikda isrofdan saqlanish

18

Ramazon oyi taqvo, sabr va shukr kuchayadigan oydir. Ro‘zadan ko‘zlangan asosiy maqsad: nafsni tarbiya qilish va ne’mat qadrini anglashdir. Bugun xalqimiz orasida iftorlik marosimlarida ortiqcha dabdaba va isrof holatlari kuzatilishi bu ruhiy maqsadga zid holat hisoblanadi. Qur’oni karimda isrof qat’iy man etilgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَكُلُوا وَاشْرَبُوا وَلَا تُسْرِفُوا ۚ إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ

“Shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay”. (A’rof surasi, 31-oyat).

Яна бир оятда:

إِنَّ الْمُبَذِّرِينَ كَانُوا إِخْوَانَ الشَّيَاطِينِ

“Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir”. (Isro surasi, 27-oyat).

Bu oyatlardan ko‘rinib turibdiki, isrof nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy illat ham hisoblanadi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mo‘tadillikni hayot tarzi sifatida o‘rgatganlar. Mashhur hadisda shunday deyiladi:

عن المقدام بن معد يكرب سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول: ما ملأ آدمي وعاءً شراً من بطن. )روى الإمام أحمد والترمذي(

Miqdom ibn Ma’diykarib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Odam farzandi qornidan ko‘ra yomonroq idishni to‘ldirmagan”, dedilar”. (Imom Ahmad va imom Termiziy rivoyati).

Islomda iftorlikning asosiy maqsadi, ro‘zadorni quvontirish, ehson va saxovat, birodarlikni mustahkamlash.

Boshqa bir hadisda:

عن زيد بن خالد الجهني رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: (مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا كَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِهِ، غَيْرَ أَنَّهُ لَا يَنْقُصُ مِنْ أَجْرِ الصَّائِمِ شَيْئًا) .رواه الترمذي وابن ماجه وابن حبان(

Zayd ibn Xolid al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Kim bir ro‘zadorga iftor qildirsa, unga ham xuddi shuning ajridek savob beriladi. Bu bilan ro‘zadorning savobidan hech narsa kamaytirilmaydi”, dedilar”. (Imom Termiziy, Ibn Moja va Ibn Hibbon rivoyat qilgan).

Demak, maqsad ko‘p taom emas, balki ehson va savobdir. Isrofning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, Islomga doir iqtisodiy qarashlariga ko‘ra, ne’mat omonat, ortiqcha sarf-xarajat esa, Alloh bergan ne’matlarni samarasiz yo‘qotishga, ijtimoiy tengsizlik kuchayishiga hamda riyo va dabdababozlikka olib keladi. Iftorlikda meyorni saqlash esa, ehsonni kengaytiradi, muhtojlarga yordam imkonini oshiradi va jamiyatda hamjihatlikni kuchaytiradi.

Iftorlik madaniyatini to‘g‘ri shakllantirish uchun dasturxonni meyorda tayyorlash, qolgan taomni ulashish, ortiqcha xarajat o‘rniga sadaqa qilish va bolalarga tejamkorlik tarbiyasini berish muhim. Bu amallar Ramazonning tarbiyaviy maqsadini ro‘yobga chiqaradi.

Xulosa qilib aytganda, Qur’on va sunnat ta’limotiga ko‘ra, iftorlik shukr, qanoat va ehson ramzi bo‘lishi lozim. Isrof esa Ramazon ruhiyatiga zid holatdir. Meyoriy iste’mol, ne’mat qadrini bilish va muhtojlarga taom ulashish orqali iftorlik haqiqiy ma’naviy mazmun kasb etadi.

Shuning uchun iftorlik madaniyatini islomiy tamoyillar asosida tashkil etish shaxs kamoloti va jamiyat barqarorligi uchun muhim omil hisoblanadi.

Qodirov Omon,
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi