Shaʼbon — rahmat yomg‘iri oldidagi bulut
53

Ramazon — moʻmin qalbi intiqlik bilan kutadigan, ibodatlar jonlanadigan, rahmat eshiklari keng ochiladigan ulugʻ oy. Biroq haqiqiy ziyofatga kirishdan avval tayyorgarlik koʻrish qanday zarur boʻlsa, Ramazonga ham qalban va amalan hozirlik koʻrish lozim. Ana shu tayyorgarlik maydoni — Shaʼbon oyidir.
Shaʼbon_- banda bilan Robbisi oʻrtasidagi aloqani yangilaydigan, qalbni poklaydigan, nafsni tarbiyalaydigan “kichik Ramazon”dir. Bu oyda roʻza bilan tanani, tilovat bilan qalbni, zikr bilan ruhni mashq qildiramiz. Ulamolar aytganidek, Shaʼbon Ramazon uchun shamol va bulut kabidir: shamolsiz urugʻ sepilmaydi, bulutsiz yer namlanmaydi, yomgʻirsiz esa hosil boʻlmaydi.
Shu bois solih zotlar Shaʼbonni gʻaflatda oʻtkazmaganlar: kimdir roʻzani koʻpaytirgan, kimdir Qurʼonga koʻproq qaytgan, kimdir tilini behuda soʻzdan asragan. Chunki Ramazon — tayyorgarlik oyi emas, amal oyi. Tayyorlanish esa aynan Shaʼbonda boshlanadi.
Shu oʻrinda “Shaʼbon” oyining nomlanishi ham bejiz emasligini eslash oʻrinlidir. Bu nomning oʻziyoq uning tabiatida harakat, uygʻonish va tarqalish borligini koʻrsatadi.
Ibn Hajar rahimahulloh “Fathul Boriy” asarlarida bu haqda shunday deydilar:
“U Shaʼbon deb nomlandi, chunki odamlar unda suv izlash yoki gʻazotlarda ishtirok etish uchun tarqalib ketar edilar, bu esa hurmatli (urush harom qilingan) Rajab oyi chiqqanidan keyin boʻlar edi”.
Darhaqiqat, “Shaʼbon” soʻzi arab tilidagi “shaʼaba” feʼlidan kelib chiqqan boʻlib, tarqalish, guruh-guruh boʻlib ketish maʼnosini anglatadi. Qadimgi arablarda Rajab oyi urush harom qilingan oy boʻlgani sababli hamma oʻz joyida tinch oʻtirgan. Rajab tugab, Shaʼbon kirishi bilan esa odamlar suv manbalarini qidirish yoki turli safarlarga chiqish uchun har tomonga tarqalib ketishgan. Shu sababli bu oy “Shaʼbon” deb nomlangan.
Bu tarixiy manbada ham Shaʼbon — harakatsizlikdan chiqib, amal sari “tarqalish”, yaʼni ibodatga jonlanish oyi ekanligiga ham dalil bor.
Usoma ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Ey Allohning Rasuli, oylarning hech birida Shaʼbon roʻzasidek roʻza tutganingizni koʻrmadim», dedim.
U zot sollallohu alayhi vasallam:
«Bu bir oyki, odamlar undan gʻaflatda qoladilar. U Rajab bilan Ramazonning orasida. Bu bir oyki, unda amallar Robbil olamiynga koʻtarilur. Men ham amalim koʻtarilayotganda roʻzador boʻlishni yaxshi koʻraman», dedilar.
Imom Nasoiy rivoyati.
Moʻmin kishi bu oyda qalbini poklash, ibodatni koʻpaytirish va nafsini tarbiyalash yoʻlida harakat qiladi. Ana shu jihatdan Shaʼbon — Ramazonga yetuk holda kirish uchun eng muhim tayyorgarlik davridir.
Ibn Rajab rahimahulloh shunday deydilar:
«Shaʼbon oyi roʻzasining yana bir maʼnosi haqida shunday deyilgan: Unda roʻza tutish Ramazon roʻzasiga tayyorgarlik va mashq kabidir. Toki inson Ramazon roʻzasiga qiynalmasdan va ogʻrinmasdan, malolsiz kirsin. Balki, undan avval roʻza tutishga oʻrganib, unga odatlanib olsin. Shaʼbon roʻzasi bilan roʻzaning halovati va lazzatini his qilsin va natijada Ramazon roʻzasiga kuch-quvvat hamda gʻayrat bilan kirishsin».
“Latoiful maʼorif” asaridan
Doktor Ahmad Iso Maʼsoraviy shunday deydi:
“Shaʼbon kichik Ramazondir. Yangi oy koʻrinishidan oldin, “siyom”dan oldin roʻza tutganlarga, “qiyom”dan oldin qoim boʻlganlarga,tilini esa gunohlar va “qiylu qol”dan poklaganlarga olqishlar boʻlsin!”
Zunnun Misriy rohimahulloh aytadi:
“Rajab gunohlarni tark etish uchun, Shaʼbon toat-ibodatlarni koʻpaytirish uchun, Ramazon esa karomat, rahmatlarni kutish uchundir. Endi kimki gunohlarni tark etmasa, toatlarni ado etmasa va karomat, rahmatlarga intizor boʻlmasa, u odam maʼnisiz, behuda ishlarga berilganlar jumlasidandir”.
Abdulqodir Jiyloniyning “Gʻunyatu litolibiy toriqil haq” asaridan.
Amr ibn Qays rahimahulloh shaʼbon oyi kirsa tijorat doʻkonini yopar, Qurʼon qiroatiga mashgʻul boʻlar va: “Ramazondan oldin oʻzini isloh qilganlarga Tubo (jannat) boʻlsin!”, deb aytardi.
“Latoiful maʼorif” asaridan.
Doktor Ahmad Iso Maʼsoraviy aytadi:
“Rajab shamol kabi, Shaʼbon bulut kabi, Ramazon oyi esa yomgʻir kabidir. Rajabda urugʻ sepmagan, Shaʼbonda sugʻormagan odam qanday qilib Ramazonda hosil yigʻishtirishni xohlaydi?”
Solih zotlarning hayoti bizga shuni o‘rgatadiki, hosil Ramazonda yig‘iladi, ammo urug‘i Shaʼbonda sepiladi. Kim Rajabda gunohdan qaytib, Shaʼbonda toatni ko‘paytirsa, Ramazonda rahmat va karomatlarga munosib bo‘ladi.
Shu bois har bir mo‘min Shaʼbonni g‘aflatda o‘tkazmasin, ro‘zasi bilan tanasini, Qurʼoni bilan qalbini, zikri bilan ruhini tarbiyalasin. Toki Ramazon kelganda tayyor qalb, uyg‘oq ong va musaffo ruh bilan uni qarshi olib, undan to‘liq nasiba ola bilsin.
Zokirov Izzatulloh
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi4-kurs talabasi.
