Birlik bor joyda baraka, taraqqiyot va ishonch bo‘ladi
40

Inson hayotida eng ulug‘ ne’matlardan biri — tinchlik va birlikdir. Birlik bor joyda baraka, taraqqiyot va ishonch bo‘ladi. Ammo shu birlikka rahna soluvchi eng xavfli illatlardan biri — tafriqadir.
Bugungi kunda tafriqa faqatgina hayotda emas, balki ijtimoiy tarmoqlar orqali ham keng tarqalayotganini ko‘rib turibmiz. Ayrim asossiz xabarlar, yolg‘on ma’lumotlar va keskin fikrlar odamlarni o‘zaro qarshi qo‘yib, adovat va ishonchsizlikni kuchaytirayapti. Odamlar bir-birini to‘liq anglamasdan, shoshma-shoshar xulosa chiqarishga odatlanib qolmoqda.
Tafriqa odamlarni bir maqsad atrofida birlashtirish o‘rniga, guruhlarga bo‘ladi. Bu esa jamiyatda kelishmovchilik, nafrat va nizolarga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi har bir so‘z, har bir izoh ham kimningdir qalbiga ta’sir qilishi mumkinligini unutmasligimiz kerak.
Shuningdek, tafriqa insonning ma’naviy olamiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bag‘rikenglik, sabr-toqat va kechirimlilik kabi fazilatlar susayib, o‘rniga taassub va murosasizlik kuchayadi. Ayniqsa, yoshlar bunday ta’sirlarga tez berilmasligi, har qanday axborotga ongli va mas’uliyat bilan yondashishi lozim.
Biz har bir so‘zimiz, har bir munosabatimiz bilan birlikka xizmat qilishimiz kerak. Turli fikrlar bo‘lishi tabiiy, ammo ular adovatga emas, o‘zaro tushunishga olib borishi shart. Ijtimoiy tarmoqlarda ham, hayotda ham tafriqaga emas, hamjihatlikka chorlaylik.
Jamiyat kelajagi bizning qo‘limizda. Agar biz birdam bo‘lsak, hech qanday tafriqa bizni yengolmaydi. Keling, birlikni asraylik, hamjihatlikni mustahkamlaylik va tafriqaga bo‘linmaylik!
Alimardon KAROMATOV,
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi Matbuot kotibi
