SOXTA SALAFIYLARNING OYATLARNI ZOHIRIY TALQIN QILISHI  VA UNGA RADDIYALAR

221

O’zining kalomini ta’vili bilan bildirgan Zotga hamdu sanolarimiz va uning rasuli sollalohu alayhi va sallamga salovat va salomlarimiz bardavom bo’lsin.

Alloh taoloning barcha hukm va mutashobih oyatlariga iymon keltirganimiz haqdir. Sir emaski, soxta salafiylar toifasi zamonamiz xavorijlaridir. Bunday kishilarning eng katta xatolaridan biri shuki, Qur’oni karim oyatlarini zohiriy talqin qilganlaridir.

Jumladan, Alloh taoloning quyidagi oyatini:

قوله تعالى  لَا تَعْتَذِرُوا قَدْ كَفَرْتُم بَعْدَ إِيمَانِكُم 

Ya’ni  “Uzur aytmanglar, batahqiq iymoningizdan keyin kufr keltirdingiz.” (Tavba-66)

Soxta salafiylar mazkur oyatni zohiriga qarab gumon qilishdiki, ular “sahobalar” deyishdi. Darhaqiqat, bu shubhalari o’zlarining murtad bo’lishiga sabab bo’ldi.

Aslida oyatning ta’viliga e’tibor berilsa, bundagi maqsad sahobalar emas, balki, ba’zi munofiqlar ekanligi ma’lum bo’ladi.

Soxta salafiylarning bundanda yomonroq da’vosi shuki, Ummati Muhammadiyani kufrda ayblamoqchi bo’lishadi,ayniqsa, faqih ulamolarni. Bu tuhmatlari bilan ahli sunna val jamoa amal qilib kelgan to’rt mazhabni ham inkor qilmoqchi bolishadi.

Quyidagi oyati karimani ham noto’g’ri talqin qilishadi:

اتَّخَذُوا أَحْبَارَهُمْ وَرُهْبَانَهُمْ أَرْبَابًا مِّن دُونِ اللَّه.  قوله تعالى:

Ya’ni “Allohni qo’yib o’zlarining harb va rohiblarini robb tutganlar.” (Тavba-31)

Мazkur oyati karimani Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va u zotdan keyingi barcha imomlar tafsir qilishib, bundan ko’zlangan maqsad “fiqh” deb nomladilar. Mufassirlaning barchalari shunga ko’ra jamlanganlar. Shunday quvvatli hujjat va dalil bolishiga qaramay, soxta salafiylar faqih ulamolarga  ergashmoqlik shirk, har kim Qur’ondan o’zi hukm olishi kerak deb, mujtahidlarning oyatlardan keltirgan hukmlariga ergashganlarni kufrda ayblamoqchi bo’lishadi. Vaholangki, bir musulmonni kufrda ayblash bilan, bu nomni o’ziga qaytishini bilmasmikan deb o’ylab qoladi inson.

Va yana ularni  katta xatolarida biri quyidagi oyati karima borasidadir:

( مَا سَلَكَكُمْ فِي سَقَرَ (42) قَالُوا لَمْ نَكُ مِنَ الْمُصَلِّينَ (43) وَلَمْ نَكُ نُطْعِمُ الْمِسْكِينَ (44.  

Ya’ni “Sizlarni do’zaxga nima kiritdi (deb ) (ular) namoz o’qiydiganlardan bo’lmagan edik va miskinlarga taom bermagan edik” (Muddasir 42-44).

Soxta salafiylar mazkur oyati karimani zohiriy talqin qilishib, amal ham iymonning bir juzi deb da’vo qilishadi, namozni va zakotni tark qilgani uchun  iymondan chiqdi va do’zaxga kirdi deb xato o’ylashadi.

Ularning xatolari shuki, bandaga ibodat iymondan avval taklif qilinmaydi. Bu oyatdagi (sizlarni do’zaxga nima kiritdi) degan xitob mo’minlarga emas, balki, musulmon bo’lamaganlarga ekanligi ma’lum bo’ladi.

Aslida, oyatning ta’viliga e’tibor bersak, kofir kimsalarga “Sizlarni do’zaxga nima kirtdi” deb xitob qilinsa, ular aytadiki: “Biz Alloh taolo tomonida farz qilingan namoz va zakotni farz deb e’tiqod qilmadik” , deyishadi. Hali  iymon keltirmay turib, qanday qilib namoz o’qiydiganlardan va zakot beradiganlardan bo’lmadik deyishadi.

Bu so’zimizga  hadisdan yana bir dalil:

لقوله على المعاذ حين بعثه إلى اليمن: «لتأتي قوما من أهل الكتاب، فادعهم إلى شهادة أن لا إله إلا الله وأني رسول الله، فإن هم أطاعوك فأعلمهم أن الله فرض عليهم خمس صلوات  كل يوم وليلة الحديث؛ فإنه تصريح بأنهم لا يكلفون بالعبادات إلا بعد الإيمان،

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Muoz roziyallohu anhuni Yamanga jo’natyotganlarida aytdilarki:

“Sen ahli kitoblardan bo’lgan bir qavmni oldiga ketyapsan, bas ularni iymonga chaqir, shunda ular senga itoat qilishsa (Allohga iymon keltirsa), ularga, albatta Alloh taolo har kecha-kunduzda besh vaqt namozni farz qilganligini bildir.

Mana bu hadisi sharif ham shunga ishora qiladiki, banda avval iymonga, so’ng ibodatga taklif qilinishiga hujjat bo’ladi.

Ko’rib turibmizki, ularning qilayotgan da’volari ummat uchun  faqatgina  yolg’on va  tuhmatdir. Bu botil shubhalari bilan mo’minlarni qilayotgan amal va e’tiqodlarini xato deb, musulmonlar qalbiga g’ulg’ula solmoqchi bo’lishadi.

Shunday yovuz niyatli kimsalar bu qilmishlari bilan niyatlariga yeta olmaydilar. Ammo, yomon maqsadlari yo’lida to’xtab qolmasdan, xalqimizni ishontirishga urunmoqda.  Bunga oddiy misol, jamoat namozlarida oyoqlarini keng yoyib va qo’llarini ko’krakka qo’yish kabilardir. Va yana yurtimizda yashab o’tgan ulug’ ajdodlarimiz ruhlari abadiy qo’nim topgan maqbaralarni buzib yuborishga o’xshash jirkanch da’volari bor.

Binobarin, Nabiy sollalohu alayhi va sallamning ravzayi shariflari bino qilingani yaqqol ko’rinib turibdi. Bu ezgu amallardan shariat qaytarmagan. Xususan, “Jome’ul Fatavo” kitobida insonlar ziyorat qilish va dam olishlari uchun maqbara va bino qilishni zarari yo’qligi haqida  fatvo kelgan.

Demak, xulosa qiladigan bo’lsak, soxta salafiylar yomon niyatlarini amalga oshirish yo’lida to’xtagani yo’q. Bunday holatda xalqimiz birdamlik bilan mujtahidlarimizning  yo’llarini mahkam tutib amal qilmoqliklari lozim ishlardan sanaladi.

Albatta, ulamolarimiz buncha dalil va ularga raddiyalarni  o’z fikrlari yoki odatlaridan kelib chiqib gapirganlari yo’q. Aksincha, ularning hujjatlari oyat va hadislardan iborat bo’lgan.

Barchalaridan Alloh taolo rozi bo’lsin va ularning meros qilib qoldirgan ilmlarini iymon va ixlosli xalqimizga yoritishda ahli ilmlarimizga Alloh kuch-quvvat ato etsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo’lsin!

Xusanov Mirzonazar, Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi talabasi