Vatanni asrash — muqaddas burch

46

Vatan inson uchun eng ulug‘ ne’matlardan biridir. U tug‘ilib o‘sgan zamin, ajdodlar merosi, ona tili va qadriyatlar mujassam bo‘lgan muqaddas makondir. Diniy ta’limotlarda ham Vatanga muhabbat, uni asrash va obod qilish ulug‘ fazilat sifatida ulug‘lanadi. Chunki Vatan tinchligi — insonning imoni, hayoti va kelajagi bilan bevosita bog‘liq.

Islom ma’rifatida inson o‘z jamiyatiga foyda keltirishi, tinchlik va adolatni saqlashi bilan ulug‘lanadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hayotlari ham o‘z yurtiga muhabbat va mas’uliyat namunasidir. Vatanni asrash faqat qurol bilan emas, balki halol mehnat, ilm-ma’rifat, axloq va birdamlik orqali amalga oshiriladi. Yosh avlodni sog‘lom e’tiqod, yuksak ma’naviyat va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash — Vatan oldidagi katta burchdir.

Shuningdek, Vatan tinchligini buzuvchi fitna, adovat va yot g‘oyalardan uzoq bo‘lish ham diniy jihatdan muhim vazifadir. Chunki islom zo‘ravonlikni emas, tinchlik va yaratuvchanlikni targ‘ib qiladi. Vatan ravnaqiga hissa qo‘shish, qonunlarga rioya qilish, yurtdoshlar bilan ahil yashash — mo‘min insonning amaliy ibodatidir.

Xulosa qilib aytganda, Vatanni asrash — nafaqat fuqarolik, balki diniy-ma’rifiy jihatdan ham muqaddas burchdir. Bu burchni sidqidildan ado etish orqali jamiyatda tinchlik, barqarorlik va baraka qaror topadi.

Alimardon KAROMATOV,

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi Matbuot kotibi