SHUKR QILISH BANDANING RIZQI

39

Avvalo biz “shukr”ni nima ekanligini bilib olishimiz kerak bo‘ladi. “Shukr” arabcha so‘z bo‘lib “maqtamoq”, “minnatdorchilik bildirmoq” va “rahmat aytmoq” degan ma’nolarni o‘zida jamlaydi. Demak, biz Allohdan bo‘ladimi yoki uning maxluqlaridan bo‘ladimi farqi yo‘q bari bir Allohdan minnatdor bo‘lib va unga maqtovlar va minnatdorchiliklar bildirishimiz kerak bo‘ladi. Chunki yer va osmondagi barcha mulk Allohniki, o‘sha mulkni Xudo o‘zi beradimi yoki boshqa insonni sabab qilib beradimi, qanday holda bo‘lishidan qat’iy nazar bu mulk Allohnikidir.

Odam zurriyodi bo‘lgan insoniyatning barcha xalqlariga Alloh o‘zining ne’matlariga shukr qilishlik ta’limini bergan Robbimizga hamdu sanolar bo‘lsin. Allohning ne’matlariga shukronalik fazilati ila xulqlangan va bu fazilatni butun ummatlariga o‘rgatgan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga salovotu salomlar bo‘lsin. Yaratgan mavjudodlar ichida faqatgina inson toifasigagina vojib bo‘lgan amal shukrdir, bu oliy ne’matdagi amal qalbning shukr qilishidir.

Qalbni shukri deganda shuni tushunish kerakki – banda barcha ne’matlarni faqatgina Allohdan ekanligini e’tirof etishligidir. Demak yer va osmon ahllariga beriladigan ne’matlarning barchasi Allohdandir. Bu borada Alloh subxanahu va taoloning O‘zi Nahl surasining 53 – oyatida shunday marhamat qiladi:  “Osmonlardagi va Yerdagi barcha narsalar Uning mulkidir. Din (itoat qilish) Ungagina (bo‘lishi) vojibdir. Allohdan o‘zgasidan qo‘rqasizmi?”   Mo‘min banda – Alloh bergan ne’matlarni qalbida tasavvur qilib, a’zolarida uni zohir qilib unutmasligi lozim bo‘ladi. Robbimizning go‘zal ismlaridan biri “ash-Shakur” ya’ni ko‘p shukr qiluvchi bo‘lib, U Zot qilingan bitta yaxshilikka o‘ntadan yetti yuz barobargacha, hattoki undan ko‘proq ham savob beradi.

Demak, birinchi shukrga haqli bo‘lgan zot Robbimizdir. Baqara surasining 172 – oyatida Robbimiz shunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!” deb buyurmoqda. So‘ngra bundan tashqari bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan va o‘zlarini xayrli duolari bilan bizlarni shu maqomlarga erishishimizga harakat qilgan ota-onalarimizga shukr qilmog‘imiz lozim bo‘ladi va ularning xizmatlarida kamarbasta bo‘lib duolarini olishligimiz va ularning haqlariga duo qilishligimiz zimmamizdagi vojib amallardan hisoblanadi.

Shunday ekan, Alloh taolo bu borada Luqmon surasining 14-oyatida shunday marhamat qiladi: “Biz insonga ota- onasini (рози қилишни) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi. Uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati)  ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki) “Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytishlik Mening huzurimgadir” -deydi. Demak biz befarq va g‘ofil bo‘lmasligimiz kerak.

Keyin atrofimizdagi insonlarga shukr qilishimizdir. Kim insonlarga shukr qilmasa, Allohga shukr qila olmaydi. Agar bizlarga kimdir yaxshilik qilsa, unga shukr qilib uni muqobilida biror hadya, yoki duo yoki maqtov aytishimiz kerak. Chunki bu maqtovlar yoki uning haqqiga qilingan duolar  uning  uchun nafaqat shukr balki, uning uchun rag‘bat hisoblanib yanada yaxshilikni kuproq qilishlikga undaydi. Shuningdek, insonlarga yaxshilikni ravo ko‘rib, ne’mat ahllariga hasad qilmasligimiz bizda yaxshilikni bardavom bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Har bir narsaning shukri bo‘lganidek berilgan ne’matlarni gapirish tilning shukri hisoblanadi. Bu borada Robbimiz Zuho surasining 11 – oyatida shunday  marhamat qiladi.

“Rabbingizning (Sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga) so‘zlang!” No‘mon ibn Bashir (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Kim ozga shukr qilmasa, ko‘pga shukr qila olmaydi. Kim insonlarga shukr qilmasa, Allohga shukr qila olmaydi. Ne’matlarni gapirish shukrdir.” A’zolarimizdagi shukr esa, amal qilishimizdir.

Shuning uchun Rasulimiz (sollallohu alayhi va sallam) qadamlari yorilib ketguncha ibodat qilganlarida “Ey Rosululloh, barcha gunohlaringiz kechirilgan bo‘lsa ham shunday qilasizmi?” deyilganda “shukr qiluvchi banda bo‘lmayinmi?”, deb javob berdilar.  Demak, har bir a’zoning o‘zini shukri mavjud ekan. Abu Harun dedilar: “Abu Hozim oldilariga kirib u kishiga: Alloh sizni o‘z rahmatiga olsin, ikki ko‘zning shukri nima?, dedim. U kishi: “U ikkisi bilan yaxshilikni ko‘rsang yodga olasan, agar yomonlikni ko‘rsang berkitasan”, dedilar. “Ikki quloqning shukri nima?”, dedim. U kishi: “U ikkisi bilan yaxshilikni eshitsang yodlab olasan, yomonlikni eshitsang unutasan” dedilar. “Ikki qo‘lning shukri nima?”, dedim. U kishi: “Ikkisiga ta’alluqli bo‘lmagan narsani olmaysan  va ularga ta’alluqli bo‘lgan narsalarni berishdan man qilmaysan”, dedilar.”

Xullas, har bir ne’mat bejizga berilmaydi va behikmat ham bo‘lmaydi. Alloh taolo buni ham hisobini olib turibdi. Berilgan ne’matlarni shukrini ado qilib turgan bandalarni mukofotlash va taqdirlash va uni yanada ziyodasi bilan berishlikni va’da qilib bizni yanada shukr qilishlikka buyurgan Allohga hamdlar va maqtovlar bo‘lsin.

Berilgan ne’matlarga shukr qiluvchilarga o‘z ne’matini ziyoda qilishni Alloh Ibrohim surasi 7 – oyatida va’da berib aytadiki:   “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir.    Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga biror xursandchilik ish bo‘lsa yoki xabar berishsa, Allohga shukr qilib sajda qilar edilar. Hikmatli zotlardan biri dedilar: “Kim to‘rt narsani qilsa, to‘rt narsadan man qilinmaydi: kim shukr qilsa, ziyoda bo‘lishdan to‘silmaydi, kim tavba qilsa, qabul bo‘lishdan to‘silmaydi, kim istixora namozini o‘qisa, tanlashdan to‘silmaydi, kim mashvarat ya’ni maslahat qilsa, savobdan to‘silmaydi”. Usmon (roziyallohu anhu) bir qavmni jazolash uchun chaqirdilar. Usmon (roziyallohu anhu) kelmasdan oldin ular tarqab ketdilar. Shunda qo‘llarida birorta musulmonni aybini ochish sodir bo‘lmagani uchun Allohga shukr qilib, bir qulni ozod qildilar. Aytiladiki: “Agar qo‘ling mukofot berishdan kaltalik qilsa, tilingni shukr aytish bilan uzun qil dedilar.”

Hakim (rohmatullohi alayhi) dedilar: “Shukr qilish bosqichlari:    qalbning  yashirishi, tilni yoyishi va qo‘lni  mukofatlashi ya’ni, qalb bilan ne’mat e’tirof etiladi, til bilan ne’mat oshkora qilinadi. Qo‘l bilan ne’matga javob qilinadi.” Ibn Sammak (rohmatullohi alayhi) dedilar: “Ne’mat Allohdan bandasiga berilgan noma’lum narsa bo‘lib, uni yo‘qotish bilan bilinadi.”

Ey Allohim, seni yod olishimizga, ne’matlaringga shukr qilishimizga va ibodatlaringni go‘zal suratda ado etishimizga yordam ber. Alloh barchamizni O‘zining shokir bandalaridan bo‘lishligimizni nasib aylasin.

 

Bozorov Abdig‘ani, Xoja Buxoriy islom bilim yurtining  tafsir fani o‘qituvchisi