FARZANDLARIMIZNI ASRASHLIGIMIZ DAVR TALABI

21

Yurtning ertangi kuni, taraqqiyoti yoshlar zimmasidadir.

Savol: Yoshlar kim? Yoshlar deganda — bizni nazarimizda guyoki bir begona kishilar zikr qilinayotgandek bo‘ladi. Aslida o‘sha yoshlar bizni farzandlarimiz, nabiralarimiz, akalarimiz, ukalarimiz, opalarimiz,  singillarimiz, yaqinlarimiz, qo‘ni-qo‘shnilarimiz yoki ularning farzandlari hisoblanadi. Bular bizni jigarlarimiz, yuragimizni yog‘idan bo‘lgan, to‘qqiz oy qiynalib dunyoga keltirgan ko‘zimizni quvonchi bo‘lgan qimmatbaho ne’mat hisoblanadi. Biz bularga ziyon yetishligini, biror kishini zarar yetkazib qo‘yishligi oqibatida qiynalishligini, hattoki sovuq havo ham tegishligini hohlamaymiz. Chunki bular bizni kelajagimiz, naslimizning davomchisi, bizni boquvchimiz, yordamga muhtoj bo‘lganimizda yordam qo‘lini cho‘zadigan  eng ishonchli kishilarimiz, ko‘zimizni quvonchi, bizni yovlardan himoya qiladigan himoyachimiz, hatto biz o‘lgandan keyin dafn qiladigan va bizni orqamizdan chirog‘imizni yoqib turadigan naslimiz hisoblanadi. Qanday qilib biz bularni boshqalarni qo‘liga o‘z qo‘limiz bilan topshirib qo‘yishligimiz kerak. Axir bular nafaqat oilamizni balki yurtimizni himoyachilari hisoblanadi. Shunday ekan, biz nima uchun bularni asrab avaylab tarbiyalamasligimiz kerak ekan. Hozirgi vaqtda yoshlarning ma’naviy olamini yuksaltirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalasi eng dolzarb vazifa bo‘lib kelmoqda. Yurtboshimiz aytganlaridek: “Ayniqsa, hozirgi murakkab va tahlikali zamonda milliy va diniy qadriyatlarimizga yot turli xurujlar, yoshlarimizning ongi va qalbini egallashga qaratilgan g‘arazli intilishlar, mafkuraviy tahdidlar tobora kuchayib borayotgani barchani yanada hushyor va ogoh bo‘lishga undaydi”. Buning uchun avvalo biz o‘zimizni va yoshlarimizni ma’naviy tahdidlardan himoya qilishimiz lozim bo‘ladi. Ma’naviy tahdid degani jamiyatning ma’naviy barqarorligini izdan chiqarishga yo‘naltirilgan ҳар қандай таҳдидларга маънавий таҳдидлар deyiladi.

Ma’naviy tahdidlar — jamiyat hayotining barcha jabhalarini izdan  chiqarishi, jamiyat boshqaruvida tartibsizlik va parokandalakni vujudga keltirishi, ijtimoiy kuchlarni bir-biriga qarama-qarshi guruhlarga ajratib tashlashi, mamlakatda ijtimoiy qatlamlararo, millatlararo, dinlar va diniy konfessiyalararo ziddiyatlarni tug‘dirishi, mamlakatning ijtimoiy barqarorligini butunlay izdan chiqarishi mumkin. Yoshlarga ma’naviy tahdidlar haqida ma’lumot berish, ularni bo‘lajak ma’naviy xavf-xatarlardan saqlash masalasi hozirgi davrning eng dolzarb muammolaridan biridir. Ma’naviy tahdidlar ma’naviy barqarorlikni izdan chiqaradi. Ma’naviy tahdidlar o‘z o‘rnida ikkiga bo‘linadi. Ichki tahdidlar va tashqi tahdidlar. Ichki tahdidlar deganda, shuni tushunishimiz kerakki, u ma’naviy barqarorligimizga o‘zimizni ichimizdan turib zarar yetkazuvchi odatlar va xatti-harakatlar ekanligini anglashimiz va undan ogoh bo‘lishimiz kerak bo‘lgan tahdidlardir.

Masalan: loqaydlik, takabburlik, befarqlik, milliy qadriyatlarga e’tiborsizlik, sotqinlik, millatchilik va xudbinlik atalmish xislatlar shular jumlasiga kiradi.

Umar roziyalloxu anhudan rivoyat qilinishicha: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam besh narsadan: dangasalikdan, baxillikdan, kibrning yomonligidan, qalbdagi fitnadan va qabr azobidan panoh so‘rar edilar”. Keling, duodagi besh narsa ila batafsil tanishib chiqaylik.

Dangasalik juda katta ofat. Bunday ofatdan doimiy ravishda panoh so‘rab turish kerak. Dangasalik munofiqlarning sifatlaridan biri hisoblanadi. Dangasalik lug‘atda bir ishni qilishga imkoni va qudrati bo‘la turib badanining rohatini ko‘zlab tark etishni bildiradi.

Bir donishmand inson loqaydlik haqida shunday degan edi: “Dushmanlardan qo‘rqma — nari borsa, ular seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stlardan qo‘rqma — nari borsa, ular senga xiyonat qilishi mumkin. Loqayd odamlardan qo‘rq — ular seni o‘ldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo‘laveradi”.

Tashqi tahdidlar – ma’naviy barqarorligimizga tashqaridan turib, muayyan reja asosida zarba berishga mo‘ljallangan xodisalar va harakatlar majmuasidir.

Masalan: diniy va siyosiy ekstremizm, aqidaparastlik, terrorizm, missionerlik, tariqatchilik, qadriyatlarga hujum, ommaviy madaniyat va boshqalar shular jumlasidandur.

Keyingi paytlarda xalqimizning ming yillar mobaynida sayqallanib kelgan qadriyatlarimizni obro‘sizlantirishga, ularni antidemokratik qadriyatlar deb atab kamsituvchi g‘oyalar yoyilmoqda. Aytish joizki, oila qardriyatini kamsituvchi feministik g‘oyalar, mahalla qadriyatini kamsituvchi kosmopolitik g‘oyalar vujudga kelmoqdaki, ular yoshlarni milliy qadriyatlaridan begonalashtirishni o‘zlariga maqsad qilib olishgan. Yovuz kuchlarga qarshi kurashish, diniy toqatsizlik va ma’naviy mafkuraviy tahdidlarning oldini olish, tinchlikni saqlash, insoniyatning muayyan bir ma’naviy-ruhiy negizida jinslashishini talab qiladi. Barcha halqlarning ezgu g‘oyalari, ayniqsa benazir umuminsoniy qadriyatlari, yuksak ma’naviyatlari dunyo ahlini birlashtirish va ruhan yaqinlashtirishga zamin yaratadi. Alloh taolo barchamizni zikr qilingan tahdidlardan o‘zi asrasin.

 

Bozorov Abdig‘ani, Xoja Buxoriy islom bilim yurtining  tafsir fani o‘qituvchisi