ATROF-MUHITNI ASRAB-AVAYLASH — ISLOM KO‘RSATMASIDIR
39

Bugungi kunda atrof-muhit muammolari — havo va suvning ifloslanishi, o‘rmonlarning kesilishi, hayvonot dunyosining kamayishi — butun insoniyatni tashvishga solayotgan global muammolardandir. Islom dini esa bu masalaga juda erta, aniq va mukammal yo‘l-yo‘riqlar bergan. Chunki Islom faqat ibodatlar majmui emas, balki hayotning barcha sohalarini tartibga soluvchi ilohiy tizimdir. Atrof-muhitni muhofaza qilish ham ana shu tizimning muhim qismidir.
Inson — yer yuzining mas’ul vakili
Islom ta’limotiga ko‘ra, inson yer yuzida bevosita egalik qiluvchi emas, balki omonatni boshqaruvchi vakil (xalifa)dir.
Qur’oni karimda shunday deyiladi:
﴿إِنِّي جَاعِلٌ فِي الْأَرْضِ خَلِيفَةً﴾
“Albatta, Men yer yuzida xalifa (vakil) yarataman.” (Baqara surasi, 30-oyat)
Bu oyat inson zimmasiga: yerga zarar yetkazmaslik, tabiiy muvozanatni saqlash, ne’matlardan oqilona foydalanish kabi katta mas’uliyat ham yuklanganini bildiradi.
Yer yuzida fasod qilish qat’iyan man etilgan. Atrof-muhitni buzish, ifloslantirish, isrof qilish Islomda fasod (buzg‘unchilik) sifatida baholanadi.
Qur’ondan dalil:
﴿وَلَا تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ بَعْدَ إِصْلَاحِهَا﴾
“Yer yuzida isloh qilinganidan keyin fasod qilmanglar.” (A’rof surasi, 56-oyat)
Bu oyat: ekologik muvozanatni buzish, suv, havo va tuproqni ifloslantirish, tabiatga beparvo munosabatda bo‘lish ham Allohning amriga xilof ekanini aniq ko‘rsatadi.
Isrof — atrof-muhit dushmani.
Islom isrofni har qanday ko‘rinishda qoralaydi. Isrof nafaqat mol-dunyoda, balki suv, oziq-ovqat va tabiiy resurslardan foydalanishda ham man etilgan.
Qur’onda marhamat qilinadi:
﴿كُلُوا وَاشْرَبُوا وَلَا تُسْرِفُوا ۚ إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ﴾
“Yeyinglar, ichinglar, lekin isrof qilmanglar. Albatta, Alloh isrof qiluvchilarni sevmaydi.” (A’rof surasi, 31-oyat)
Bu oyat bugungi kunda: suvni behuda oqizish, ortiqcha iste’mol, resurslarni noto‘g‘ri sarflash kabi ekologik muammolarning ildizi isrof ekanini ko‘rsatadi.
Payg‘ambar ﷺ sunnatlarida ekologik tarbiya:
Rasululloh ﷺ hayotlarini to‘liq ekologik madaniyatga namuna qilsak bo’ladi.
Suvni tejash haqida hadis:
“Oqib turgan daryo bo‘yida bo‘lsang ham suvni isrof qilma.” (Ibn Moja)
Bu hadis: ekologik ongning naqadar yuksakligini, suvning qadrini bilish zarurligini aniq ko‘rsatadi.
Daraxt ekish — sadaqa.
Islom tabiatni tiklashni ibodat darajasiga ko‘targan.
Payg‘ambar ﷺ marhamat qiladilar:
«مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَغْرِسُ غَرْسًا أَوْ يَزْرَعُ زَرْعًا فَيَأْكُلُ مِنْهُ طَيْرٌ أَوْ إِنْسَانٌ أَوْ بَهِيمَةٌ إِلَّا كَانَ لَهُ بِهِ صَدَقَةٌ»
“Bir musulmon daraxt eksa yoki ekin eksa, undan qush, inson yoki hayvon yesa, bu uning uchun sadaqa bo‘ladi.” (Buxoriy, Muslim)
Bu hadis: tabiatni asrash — savobli amal, yashillikni ko‘paytirish — ibodat
ekanini ochiq bildiradi.
Hayvonlarga nisbatan rahm-shafqat.
Islomda hayvonlar ham Allohning maxluqlari bo‘lib, ularga zulm qilish qat’iyan man etiladi.
Hadislarda bir ayol mushukni qamab qo‘yib ochdan o‘ldirgani uchun do‘zaxga tushganligi aytiladi.
Bu hadis atrof-muhit muhofazasi faqat tabiat emas, balki hayvonot dunyosini asrashni ham o‘z ichiga olishini ko‘rsatadi.
Islom dini: tabiatni Allohning omonati deb biladi, isrof va fasodni harom qiladi, daraxt ekishni sadaqa deya baholaydi, suv, havo va hayvonotga rahm-shafqatni targ‘ib etadi.
Shu bois atrof-muhitni asrab-avaylash zamonaviy g‘oya emas, balki Qur’on va Sunnatga asoslangan ilohiy ko‘rsatmadir. Har bir musulmon ekologik mas’uliyatni imonining bir qismi deb bilishi lozim.
Homidov Hikmatulloxon
Xoja Buxoriy lom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
