SHAYX AL-XUDARI (MUHAMMAD IBN AFIFIY AL-BAJURIY) HAYOTI VA ILMIY FAOLIYATI

26

Islom tarixida o‘zining ilmiy ishlari bilan tanilgan olimlardan biri Muhammad ibn Afifiy al-Bajuriy bo‘lib, u ko‘proq Shayx al-Xudari nomi bilan mashhurdir. U nafaqat tarixchi, balki fiqh va islom qonunchiligi masalalarini chuqur o‘rgangan olim sifatida ham tanilgan. Uning asarlari bugungi kunda ham madrasa va ilmiy muassasalarda foydalaniladi.

Muhammad ibn Afifiy al-Bajuriy 1872-yilda Misrning Qohira shahrida tug‘ilgan. “Al-Bajuriy” bilan nisbatlanishining sababi — uning ajdodlari Bajur nomli hududdan bo‘lganidir. U yoshligidan ilmga qiziqqan, diniy va adabiy bilimlarni o‘rganishga intilgan. O‘sha davr Misr ilm-fan markazlaridan biri bo‘lgani uchun, al-Xudari ham kuchli ilmiy muhitda voyaga yetgan.

Shayx al-Xudari dastlab an’anaviy diniy ta’lim olgan. Keyinchalik Qohiradagi mashhur Dor al-Ulum oliy ta’lim muassasasida tahsil olib, arab tili, fiqh, usul al-fiqh va tarix fanlarini chuqur o‘rgangan. Dor al-Ulum o‘sha davrda diniy va zamonaviy fanlarni birlashtirgan muhim ilmiy markaz hisoblangan. Al-Xudarining ilmiy dunyoqarashi aynan shu muhitda shakllangan.

Ta’limini tugatgach, Shayx al-Xudari bir muddat Sudanning Xartum shahrida shariat qozisi sifatida ishlagan. Bu davr uning fiqhni amaliy jihatdan tushunishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Keyinchalik Qohiraga qaytib, Shariat sudlari maktabida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritgan. U yerda ko‘p yillar davomida talabalarga fiqh va tarix fanlaridan saboq bergan. Shuningdek, Misr universitetida islom tarixi bo‘yicha dars bergan. Bundan tashqari, u Shariat sudlari maktabida direktor o‘rinbosari va Maorif vazirligida inspektor sifatida ham ishlagan.

Shayx al-Xudarining ilmiy merosi, asosan, islom tarixi va fiqhga oid asarlardan iborat. U tarixiy voqealarni oddiy rivoyat tarzida emas, balki tahliliy uslubda bayon qilishga harakat qilgan.

Uning eng mashhur asarlari quyidagilar:

Nur al-yaqin fi siyrati sayyid al-mursalin — Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺ hayotiga bag‘ishlangan siyrat asari.

Tarix at-tashri‘ al-islomiy — islom qonunchiligi tarixini yorituvchi asar.

Muhodarat fi tarix al-umam al-islomiyya — islom ummatlari tarixi haqida.

Itmom al-vafo fi siyrat al-xulafa — xalifalar tarixiga oid asar.

Bu kitoblar hozirgacha ilmiy muhitda keng qo‘llaniladi.

Ilmiy ahamiyati

Shayx al-Xudarining asosiy xizmati shundaki, u islom tarixini sodda, tushunarli va tizimli tarzda bayon qilgan. Shu sababli uning asarlari faqat olimlar uchun emas, balki oddiy o‘quvchilar uchun ham qulay bo‘lgan.

Uning kitoblari hozirgi kungacha islom tarixi va fiqhni o‘rganishda muhim manba sifatida foydalanilmoqda. U zotning nur al-yaqin fi siyroti sayyid al-mursalin kitoblari Abdul Azim Ziyouddin ustoz tomonlaridan o’zbek tiliga akademik tarjima tarjima qilingan

Muhammad ibn Afifiy al-Bajuriy — Shayx al-Xudari — islom ilm-faniga katta hissa qo‘shgan olimlardan biridir. U o‘zining tarixiy va fiqhiy asarlari orqali islom ilmiy merosini boyitgan va keyingi avlodlar uchun muhim ilmiy manbalar qoldirgan.

 

Abdullayev Oqiljon

Xoja Buxoriy lom ta’lim muassasasi o’qituvchisi